Oʻzbekiston Polskamp B.V. parrandachilik mahsulotlari importini chekladi
Oʻzbekiston Salmonella Typhimurium aniqlanganidan keyin Niderlandiyaning Polskamp B.V. kompaniyasi parrandachilik mahsulotlarini olib kirishni vaqtinchalik taqiqladi.

Oʻzbekiston Niderlandiyaning Polskamp B.V. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan barcha parrandachilik mahsulotlarini olib kirishga vaqtinchalik cheklov joriy etdi. Ushbu chora oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash va aholi salomatligini himoya qilish maqsadida qabul qilindi.
Cheklovga Yevropaning oziq-ovqat va yem-xashak xavfsizligi boʻyicha tezkor ogohlantirish tizimi (RASFF) tomonidan 2026 yil 30 iyulda eʼlon qilingan rasmiy maʼlumot asos boʻldi.
RASFF maʼlumotlariga koʻra, Polskamp B.V. tomonidan ishlab chiqarilgan parrandachilik mahsulotlarida Salmonella Typhimurium patogen mikroorganizmi aniqlangan. U insonlar va hayvonlar salomatligi uchun xavf tugʻdiradi.
Shu munosabat bilan davlat chegarasi orqali oʻtish punktlarida veterinariya nazorati kuchaytiriladi. Bu chora salmonella bilan zararlangan boʻlishi mumkin boʻlgan mahsulotlarning Oʻzbekiston hududida sotilishining oldini olishga qaratilgan.
Salmonella Typhimurium xavflilik darajasi boʻyicha ikkinchi guruh infektsiyalariga kiradi va notifoid salmonellyoz qoʻzgʻatuvchisi hisoblanadi. Kasallik ich ketishi va tana haroratining koʻtarilishi bilan namoyon boʻlishi, ogʻir holatlarda esa sepsisga olib kelishi mumkin.
Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkiloti (WOAH) ham salmonellani jamoat salomatligi uchun jiddiy zoonoz xavf tugʻdiruvchi qoʻzgʻatuvchilar qatoriga kiritadi. Tashkilot bunday infektsiyalar tarqalishi ustidan doimiy nazorat olib borish zarurligini taʼkidlaydi.
Polskamp B.V. mahsulotlari importiga qoʻyilgan vaqtinchalik cheklov korxona mahsulotlarining xavfsizligi belgilangan tartibda tasdiqlangunga qadar amalda boʻladi.
Import qiluvchi tadbirkorlik subʼyektlariga veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi amaldagi talablarga qatʼiy rioya qilish tavsiya etiladi.

