Oʻzbekiston Naxichevan temir yoʻli qurilishida ishtirok etish imkoniyatlarini oʻrganmoqda
Oʻzbekiston Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqish imkonini beruvchi Naxichevan temir yoʻli qurilishida ishtirok etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Avvalroq Ozarbayjon loyihani amalga oshirish uchun xalqaro konsortsium tuzishni taklif qilgan edi.

Oʻzbekiston Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishni taʼminlashi kerak boʻlgan Naxichevan temir yoʻli qurilishida ishtirok etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda yirik transport-logistika loyihalari taqdimoti yakunlari boʻyicha Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, avgust oyida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Naxichevan temir yoʻlini rekonstruktsiya qilish uchun xalqaro konsortsium tuzilishi mumkinligini aytgan edi. Unga ushbu yoʻnalish boʻyicha investitsiyalar, foyda va kafolatlangan tashish hajmlaridan manfaatdor boʻlgan kompaniya va mamlakatlarni jalb etish taklif qilingan.
Dengiz portlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish doirasida Oʻzbekiston Kaspiy dengizidagi Oqtau, Turkmanboshi va Boku, shuningdek, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida logistika infratuzilmasini yaratishda ham ishtirok etmoqchi.
Prezident matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Poti portida logistika markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim allaqachon imzolangan boʻlib, hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning Anakliya chuqur dengiz portini rivojlantirishdagi ishtiroki imkoniyatlari oʻrganilmoqda.
Yangi yoʻnalishlar Oʻzbekistonning toʻqimachilik, kimyo, qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon metallurgiya mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

