Iqtisodiyot

Oʻzbekiston MB asosiy stavkani oʻzgartirishsiz qoldirdi

Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvi 16 sentyabrdagi yigʻilishda asosiy stavkani yillik 14% darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi, deb xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Oʻzbekiston MB asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi

«Inflyatsiyaning pasayishi davom etayotganiga va iqtisodiyotda yanada muvozanatlashgan dinamikaning ayrim belgilari paydo boʻlayotganiga qaramay, ayrim proinflyatsion xavf-xatarlarning saqlanib qolayotgani joriy qatʼiy pul-kredit sharoitlarini qoʻllab-quvvatlashni talab etadi. Shu bilan birga, narxlari yiliga 5 foizdan yuqori surʼatlarda oʻsayotgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotda hali ham barqaror xususiyatga ega boʻlgan narxlar bosimi saqlanib qolayotganidan dalolat beradi», – deyiladi xabarda.

Aholi va tadbirkorlik subʼyektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar umumiy inflyatsiyaga qaraganda sekinroq kamaymoqda, bu esa narx shakllanishi jarayonlarida inflyatsion inertsiyaning maʼlum bir taʼsiri saqlanib qolayotganini koʻrsatadi.

MB baholashiga koʻra, chakana savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va investitsiyalarning ijobiy dinamikasi faol isteʼmol va investitsiya talabidan dalolat beradi. Shu bilan birga, soʻnggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlari barqarorlashayotgani belgilari namoyon boʻla boshladi.

Xususan, joriy pul-kredit sharoitlari taʼsirida iqtisodiyotni kreditlashning oʻsish surʼatlari asta-sekin meʼyorlashib bormoqda. Bunda ijobiy real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlamoqda.

«Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya resurslari bozorlarida narxlarning yuqori darajasi oʻrta muddatli istiqbolda import narxlari, transport va logistika xarajatlari orqali ichki inflyatsiyaga bosim saqlanib qolishini belgilab beradi. Tashqi narx shoklarining ichki inflyatsiya uchun ikkilamchi taʼsiri koʻlami koʻp jihatdan ichki talab dinamikasi va koʻrilayotgan tarkibiy chora-tadbirlarga bogʻliq boʻladi», – deyiladi press-relizda.

Tartibga solinadigan narxlarning liberallashtirilishi davom etayotgani ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlar narxlari orqali ikkilamchi inflyatsion taʼsirlarni kuchaytirishi mumkin.

Hozirgi qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish ushbu xavf-xatarlarning barqaror inflyatsion jarayonlarga oʻtishini cheklash, ularning ehtimoliy ikkilamchi taʼsirini yumshatish va inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayishini taʼminlash uchun zarur deb baholanmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.