Oʻzbekiston markaziy banklar orasida eng yirik oltin sotib oluvchilar uchligiga kirdi
Yil boshidan buyon Oʻzbekiston Markaziy banki 40 tonnaga yaqin oltin sotib oldi — bundan faqat Polsha va Xitoy koʻproq xarid qilgan. Iyul oyida esa regulyator 1 tonnaga yaqin oltin sotdi. Avvalroq Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov xalqaro zaxiralarni boshqarish doirasida oltinni «hamyonbop narxlarda» sotishni istisno etmagan edi.

Oʻzbekiston markaziy banklar orasida oltin sotib oluvchi eng yirik uchlikka kirdi
Oʻzbekiston Markaziy banki iyul oyida qariyb 1 tonna oltin sotdi, biroq maʼlumotlarga koʻra, hamon dunyodagi eng yirik oltin sotib oluvchilar qatorida qolmoqda.
Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, iyul oyi oxiriga kelib Oʻzbekistonning oltin zaxiralari taxminan 431 tonnani tashkil etgan. Oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining qariyb 87 foizini tashkil qildi.
Iyul oyida jahon markaziy banklari umuman olganda oltin zaxiralarini koʻpaytirishni davom ettirdilar: sof xaridlar 23 tonnaga yetdi. Oy davomida eng koʻp oltinni Xitoy — 20 tonna va Polsha — 8 tonna sotib oldi.
Eng yirik sotuvchi Rossiya boʻldi, u oʻz zaxiralarini 6 tonnaga kamaytirdi. Turkiya, Iordaniya va Oʻzbekiston taxminan 1 tonnadan oltin sotishdi.
Iyul oyidagi sotuvga qaramay, yanvar-iyul yakunlariga koʻra Oʻzbekiston oltinning sezilarli xaridorlaridan biri boʻlib qoldi. Markaziy bankning yil boshidan buyon sof xaridlari 40 tonnani tashkil etdi.
World Gold Council maʼlumotlariga koʻra, ushbu davrda eng koʻp Polsha — qariyb 90 tonna, Xitoy — 60 tonna va Oʻzbekiston — 40 tonna oltin sotib olgan. Qozogʻiston qariyb 29 tonna xarid qilgan.
Shu tariqa, Oʻzbekiston yil boshidan buyon sharhda koʻrsatilgan eng yirik sof oltin sotib oluvchilar orasida uchinchi oʻrinni egallab turibdi.
Jami jahon markaziy banklari yanvar-iyul oylarida qariyb 130 tonna oltinning sof xaridi haqida xabar berishdi. 2025 yilning shu davrida bu koʻrsatkich qariyb 160 tonnani tashkil etgan edi.
World Gold Council, shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetovning yaqinda qilgan bayonotlariga ham eʼtibor qaratdi.
Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, MB rahbari oltin «hozircha eng yaxshi investitsiya boʻlib chiqdi» deb aytgan, biroq regulyator xalqaro zaxiralarni boshqarish doirasida uni «qulay narxlarda» sotish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
Bundan avval MB zaxiralardagi oltin hajmining tebranishlari ham jahon narxlarining oʻzgarishi, ham qimmatbaho metalni sotib olish va sotish boʻyicha operatsiyalar bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini bir necha bor tushuntirgan edi.
Polsha yil boshidan buyon eng yirik oltin sotib oluvchi boʻlib qolmoqda. Yetti oy ichida uning markaziy banki qariyb 90 tonna oltin sotib olib, zaxiralarini 640 tonnaga yetkazdi — bu mamlakat jami zaxiralarining taxminan 28 foizini tashkil etadi. Polshaning maqsadli darajasi 700 tonnani tashkil etadi.
Xitoy iyul oyida yana 20 tonna oltin sotib oldi — bu ketma-ket 21-oylik xarid boʻldi. Yil boshidan buyon Xitoy Xalq banki zaxiralarini qariyb 60 tonnaga, 2366 tonnagacha koʻpaytirdi. Oltin Xitoy zaxiralarining qariyb 8 foizini tashkil qiladi.
Qozogʻiston iyul oyida qariyb 1 tonna, yil boshidan buyon esa 29 tonna oltin sotib oldi. Oltin uning xalqaro zaxiralarining qariyb 75 foizini tashkil etadi.
Rossiya esa, aksincha, iyul oyida qariyb 6 tonna oltin sotdi va yil boshidan buyon zaxiralarini taxminan 50 tonnaga qisqartirdi. Turkiya yil boshidan buyon qariyb 85 tonna sotdi.
World Gold Council qayd etishicha, ayrim sotuvlarga qaramay, markaziy banklarning oltinga boʻlgan qiziqishi saqlanib qolmoqda. 2026 yilda bir qator regulyatorlar ichki omborlarni kengaytirish va oltinni xorijda saqlash joylarini diversifikatsiya qilishni ham koʻrib chiqmoqda.
2026 yilda oltin eksporti faqat ikki marta — aprel va iyul oylarida qayd etildi. Bungacha Oʻzbekiston oxirgi marta 2025 yilning sentyabrida xorijga qariyb 1,5 mlrd dollarlik oltin yetkazib bergan edi.
Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari iyul oyida 590 mln dollarga oʻsib, 64,35 mlrd dollarga yetdi. Oltin qiymati kotirovkalarning oshishi hisobiga 365 mln dollarga koʻpaydi, garchi uning jismoniy hajmi deyarli bir tonnaga qisqargan boʻlsa-da. MB zaxiralardagi qimmatli qogʻozlar portfelini deyarli 40 foizga yoki 1,1 mlrd dollarga qisqartirdi.

