Mahalliy

Oʻzbekiston ilk bor ekoturizm va barqaror turizm sammitiga mezbonlik qildi

Ushbu nufuzli anjuman dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan yetakchi turizm mutaxassislari, davlat va xususiy sektor

Oʻzbekiston ilk bor ekoturizm va barqaror turizm sammitiga mezbonlik qildi

Joriy yilning 26 avgust kuni Toshkent shahrida "Ekoturizm va barqaror turizm sammiti" nomli yirik xalqaro tadbir muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi, Xalqaro ekoturizm assotsiatsiyasi va "TGS Travel" xalqaro sayyohlik tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli anjuman dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan yetakchi turizm mutaxassislari, davlat va xususiy sektor vakillarini birlashtirdi.

Ilgari Turkiya, Misr, Vyetnam va Tanzaniya kabi yetakchi turistik markazlarda oʻtkazilgan bu xalqaro sammitga 2026 yilda Oʻzbekiston birinchi marta mezbonlik qildi. Bu holat mamlakatimizning barqaror va ekologik turizm sohasidagi salohiyati xalqaro miqyosda tan olinayotganini, shuningdek, global turizm xaritasidagi oʻrni yanada mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.

Tadbirda AQSh, Kanada, Yangi Zelandiya, shuningdek, Yevropa va Osiyo mintaqasining yetakchi davlatlaridan 100 ga yaqin yirik xorijiy turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari vakillari va soha ekspertlari ishtirok etib, Oʻzbekistonning turistik salohiyati bilan bevosita tanishish va yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Sammit doirasida taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan izchil davlat siyosati olib borilmoqda. BMT Turizm maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston dunyoning eng tez oʻsib borayotgan yetakchi 7 ta sayyohlik yoʻnalishi qatoridan joy oldi. Xususan, joriy yil boshidan buyon mamlakatimizga 8 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan boʻlib, ularning Oʻzbekistonda oʻrtacha boʻlish muddati 8 kungacha uzaytirildi. Ushbu koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda istiqbolli va barqaror rivojlanayotgan turistik yoʻnalish sifatida mustahkam oʻrin egallayotganidan dalolat beradi.

Turizm sohasiga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni yanada jalb etish maqsadida davlat tomonidan qator yangi imtiyoz va ragʻbatlantirish choralari joriy etilmoqda.

Jumladan, mehmonxonalar qurish, rekonstruktsiya qilish va jihozlashga 50 million AQSh dollari miqdorida resurs ajratilib, tadbirkorlarga 10 yil muddatga 16 foizli imtiyozli kreditlar taqdim etiladi. Uch, toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishiga subsidiyalar berish muddati yana ikki yilga, mehmonxonalar uchun oʻn baravar kamaytirilgan yer va mol-mulk soligʻi stavkalari esa 2030 yilgacha uzaytiriladi. Bundan tashqari, turoperatorlarning xorijiy turistlarga koʻrsatgan xizmatlari eksportga tenglashtirilib, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi, turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni olib kirishda esa bojxona imtiyozlari yana bir yilga uzaytiriladi.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sanjar Tadjiyev hamda "TravelShop Group of Companies" bosh direktori va Istanbul turizm assotsiatsiyasi prezidenti Murtaza Kalender tabrik soʻzlari bilan chiqish qilishdi. Marosimda, shuningdek, boshqa rasmiy mehmonlar va xorijiy delegatsiya rahbarlari ham ishtirok etdi.

Ekoturizm va barqaror turizm konferentsiyasi doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yetakchi mutaxassislar oʻz tajriba va bilimlari bilan oʻrtoqlashdi. Xususan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika sayohat bozori boʻyicha ekspert Anis Sexili, Italiyaning Bergamo universiteti professori Roberto Garibaldi kabi xalqaro turizm ekspertlari, shuningdek, bir qator mahalliy mutaxassislar barqaror turizmni rivojlantirish, ekologik salohiyatdan oqilona foydalanish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish mavzularida mazmunli taqdimot va maʼruzalar bilan chiqish qilishdi.

26 avgustdagi asosiy dastur muvaffaqiyatli yakunlanganidan soʻng, xorijiy mehmonlar uchun Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlari boʻylab ekskursiyalar hamda qoʻshimcha biznes uchrashuvlari davom ettiriladi. Ushbu tashriflar xorijiy delegatlarga Oʻzbekistonning ming yillik tarixi, boy madaniy merosi va yuksak turistik salohiyati bilan bevosita yaqindan tanishish, shuningdek, mintaqaviy turizm loyihalari boʻyicha amaliy taassurot olish imkonini beradi.

Tadbirning eng samarali jihati aynan B2B sessiyalarida namoyon boʻldi. Xorijiy turoperatorlar va sayyohlik kompaniyalari hamda mahalliy hamkorlar oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Ayniqsa, Kanada, Buyuk Britaniya va Yevropadagi xarid qobiliyati yuqori, asli kelib chiqishi osiyolik musulmonlar diasporasi uchun turlarni tashkil etish salohiyatiga ega yetakchi kompaniyalar bilan strategik hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Ushbu uchrashuvlar natijasida mahalliy va xorijiy turizm subʼyektlari oʻrtasida bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi hamda uzoq muddatli hamkorlik loyihalarini boshlash uchun mustahkam asos yaratildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.