Oʻzbekiston hududlarida kambagʻallik va ishsizlikka qarshi kurashish boʻyicha shtablar tashkil etiladi

Oʻzbekiston hududlarida kambagʻallik va ishsizlikka qarshi kurashish boʻyicha shtablar tashkil etiladi
Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurashish yondashuvi oʻzgarmoqda. Hududlarda maxsus shtablar tashkil etiladi, hokimlar esa ish haftasining deyarli yarmini ushbu faoliyatga bagʻishlashiga toʻgʻri keladi.
Yangi tizim Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda taqdim etildi.
Mamlakatning har bir viloyati va tumanida hokimlar boshchiligida shtablar tashkil etiladi. Viloyat, tuman va shahar rahbarlari butun iqtisodiy kompleks bilan birgalikda haftada uch kun faqat kambagʻallik va bandlik masalalari bilan shugʻullanadi. Banklar va bandlikka koʻmaklashish xizmatlari shtablarga joylardagi muammolarni hal qilishda yordam berishi kerak boʻladi.
Prezident mahallalardagi bank xodimlari va hokim yordamchilari faoliyatini alohida tanqid qildi. Ularning aksariyati hali ham loyihalarni koʻrib chiqishni garov taʼminoti bor-yoʻqligi haqidagi savoldan boshlashi hamda lizing, faktoring, kafolat va sugʻurta kabi vositalarni yaxshi tushunmasligi taʼkidlandi.
Shuningdek, rasmiylar kreditlar ajratishda byurokratiya saqlanib qolayotganini, toʻlov grafiklarida esa koʻpincha muayyan biznesning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olinmasligini tan oldilar. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlarni boshqarishni tuman shtablariga oʻtkazishga qaror qilindi.
Yigʻilishda Xorazmdagi kam taʼminlangan oilalarni oʻrganish natijalari ham maʼlum qilindi. Ularda 48 ming nafar bola istiqomat qiladi, biroq ularni erta kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha maxsus dastur hozircha mavjud emas. Bunday oilalardagi 10 mingdan ortiq ayol bola parvarishi bilan band, shu bilan birga, ularning farzandlarini maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 75 foizga ham yetmaydi. Mutasaddilarga ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etish va kasb-hunarga tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida kasb-hunarga oʻqitish tizimini qayta koʻrib chiqish va mutaxassislar tayyorlashni mehnat bozorining real ehtiyojlari bilan bogʻlash boʻyicha topshiriq berdi. Yil boshidan buyon u yerda 29 ming kishi ishga joylashtirildi.

