Mahalliy

Oʻzbekiston Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etdi

Bir qator rivojlangan davlatlar vizasiga ega boʻlgan Hindiston fuqarolari maʼlum shartlarga rioya qilgan holda Oʻzbekistonga 30 kungacha boʻlgan muddatga vizasiz kirishlari mumkin boʻladi.

Oʻzbekiston Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etdi

Hindiston fuqarolari endi bir qator mamlakatlarning amaldagi koʻp martalik ishbilarmonlik yoki turistik vizasi hamda Hindistonga yoki uchinchi davlatga aviachiptasi boʻlgan taqdirda, Oʻzbekistonga 30 kungacha boʻlgan muddatga vizasiz kirishlari mumkin. Yangi qoidalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 29 avgustdagi farmoniga muvofiq 1 sentyabrdan kuchga kirdi.

Vizasiz rejim Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Shengen kelishuvi mamlakatlari, Yangi Zelandiya yoki Yaponiyaning amaldagi koʻp martalik ishbilarmonlik yoki turistik vizasiga ega boʻlgan Hindiston fuqarolariga tatbiq etiladi.

Tegishli vizadan tashqari, Oʻzbekistonga kirish uchun oʻz mamlakatiga yoki uchinchi davlatga aviachipta talab qilinadi. Ushbu shartlarga rioya qilingan taqdirda, Hindiston fuqarolari Oʻzbekistonda 30 kungacha vizasiz boʻlishlari mumkin boʻladi.

Hindiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etish rejalari haqida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining 30 avgust kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralaridan soʻng maʼlum boʻlgan edi. Oʻshanda yangi rejimning batafsil shartlari hali ochiqlanmagan edi.

Qoidalar oʻzgarishi fonida soʻnggi yillarda Hindiston fuqarolarining Oʻzbekistonga turistik safarlari soni sezilarli darajada oshdi. 2023 yilda mamlakatga 45,5 ming, 2024 yilda — 70,6 ming Hindiston fuqarosi tashrif buyurgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 80,9 ming safarni tashkil etdi.

2025 yil yakunlariga koʻra, Hindiston Oʻzbekistonga kirish turistik safarlari soni boʻyicha mamlakatlar orasida toʻqqizinchi oʻrinni egalladi. 2022 yildan 2025 yilgacha boʻlgan davrda ushbu koʻrsatkich deyarli 1,8 baravarga oshdi.

Oʻzbekiston fuqarolari uchun Hindistonga safar qilishda hamon viza talab etiladi. Uni onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin, biroq vizalarning ayrim toifalari uchun Hindiston elchixonasiga shaxsan borish zarur.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston fuqarolari Hindistonga uchib borishdan oldin, kirishdan kamida 72 soat oldin e-Arrival Card elektron kelish kartasini toʻldirishlari kerak.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.