Oʻzbekiston HHK Embraer kompaniyasidan birinchi C-390 Millennium harbiy-transport samolyotini qabul qilib oldi (+foto)
Embraer Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlariga yangi avloddagi ikkita C-390 Millennium harbiy-transport samolyotidan birinchisini topshirdi. Braziliyadagi marosimda HHK qoʻmondoni Ahmad Burhonov va «Oʻztextreyd» direktori Olimxon Rustamov ishtirok etdi. Oʻzbekiston mintaqada bunday samolyotlarning birinchi operatoriga aylandi. Foto.

Oʻzbekiston HHK Embraer kompaniyasidan birinchi C-390 Millennium harbiy-transport samolyotini qabul qilib oldi (+foto)
Embraer kompaniyasi Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlariga buyurtma qilingan yangi avloddagi ikkita C-390 Millennium harbiy-transport samolyotidan birinchisini topshirdi.
Tantanali marosim Embraer kompaniyasining San-Paulu shtati Gavian-Peyshotu shahridagi sinov bazasida Oʻzbekiston HHK qoʻmondoni, general-mayor Ahmad Burxonov va «Oʻztextreyd» davlat korxonasi (harbiy va ikki tomonlama maqsaddagi mahsulotlar importi bilan shugʻullanadi) direktori Olimxon Rustamov ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda ushbu turdagi samolyotlarning birinchi buyurtmachisi va operatoriga aylandi. 2024 yil oxirida imzolangan shartnoma, shuningdek, oʻqitish va qoʻllab-quvvatlashning kompleks paketini hamda ehtiyot qismlarni yetkazib berishni ham nazarda tutadi.
«Birinchi S-390 Millennium samolyotining yetkazib berilishi Oʻzbekiston HHKni modernizatsiya qilishda oldinga tashlangan muhim qadamdir. Samolyotning istisnoiy parvoz-texnik xususiyatlari, koʻp qirraliligi va koʻp maqsadli imkoniyatlari bizga keng koʻlamli vazifalarni yanada yuqori samaradorlik va tayyorgarlik bilan bajarish imkonini beradi. Biz ushbu zamonaviy platformani qurollanishga qabul qilishni va tezkor imkoniyatlarimizni yanada mustahkamlashni intiqlik bilan kutamiz», — dedi Ahmad Burxonov.
«Oʻzbekiston HHKga birinchi C-390 Millennium samolyotini topshirish va Oʻzbekistonni butun dunyo boʻylab C-390 operatorlarining oʻsib borayotgan hamjamiyatida qutlash biz uchun katta sharafdir», — dedi Embraer Defense & Security prezidenti va bosh ijrochi direktori Bosko da Kosta Junior. U samolyotni oʻrta masofaga moʻljallangan taktik havo tashuvlarida yangi standart deb atadi va u mamlakat HHKga kelgusi oʻn yilliklar davomida yangi imkoniyatlar va tezkor moslashuvchanlikni taqdim etishi kerakligini taʼkidladi.
XXI asrda ishlab chiqilgan va yaratilgan C-390 Millennium oʻz klassidagi eng zamonaviy harbiy-transport samolyoti hisoblanadi. U boshqa oʻrta yuk koʻtaruvchi harbiy-transport samolyotlariga qaraganda koʻproq yuk (26 tonna) tashishga qodir, shu bilan birga yuqori tezlikka (470 uzel) erishadi va uzoq masofalarni bosib oʻtadi.
Samolyot keng koʻlamli vazifalarni bajarishi mumkin, jumladan, yuklar va shaxsiy tarkibni tashish, texnika va harbiy xizmatchilarni desant qilish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv operatsiyalari (SAR), yongʻinlarni oʻchirish va gumanitar missiyalar. Shu bilan birga, undan vaqtinchalik yoki tuproqli uchish-qoʻnish yoʻlaklarida foydalanish mumkin.
Havoda yonilgʻi quyish (AAR) uchun tez yechiladigan uskunalar toʻplami bilan jihozlanganda, samolyot ham havo tankeri, ham havoda yonilgʻi qabul qiluvchi samolyot vazifasini bajarishi mumkin.
Braziliya HHKdan tashqari, ushbu yangi avlod koʻp maqsadli samolyoti Portugaliya, Vengriya, Koreya Respublikasi, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Oʻzbekiston, Shvetsiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Slovakiya, Kolumbiya va Litva harbiy-havo kuchlari tomonidan tanlangan.
Hozirda Oʻzbekiston HHK Il-76 va CASA C-295 (Airbus Defence and Space) harbiy-transport samolyotlaridan foydalanmoqda.

