Oʻzbekiston FAA Armanistonning omonatlarni kafolatlash borasidagi tajribasini oʻrgandi
Oʻzbekiston Omonatlarni kafolatlash agentligi delegatsiyasi Armanistonda investitsiya portfeli va xavf-xatarlarni boshqarish amaliyotini oʻrgandi.

Oʻzbekiston OAK Armanistonning omonatlarni kafolatlash borasidagi tajribasini oʻrgandi
Oʻzbekiston Omonatlarni kafolatlash agentligi delegatsiyasi 26–27 avgust kunlari Yerevanga amaliy tashrif buyurib, unda Armanistonning omonatlarni kafolatlash sohasidagi amaliy tajribasi bilan tanishdi.
Safar 2025 yilda imzolangan Oʻzaro tushunish va hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum asosida tashkil etilib, tomonlar oʻrtasida amaliy tajriba almashishga qaratilgan edi.
Muzokaralarda Armaniston Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi vakillari va Armaniston Markaziy bankining moliyaviy barqarorlik, inqirozga qarshi boshqaruv, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va moliyaviy savodxonlik masalalariga masʼul mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi Armaniston omonatlarni kafolatlash tizimining meʼyoriy-huquqiy bazasini, shuningdek, investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi ichki hujjatlarni oʻrgandi.
Investitsiya portfelini shakllantirish tamoyillari, ruxsat etilgan moliyaviy vositalar roʻyxati hamda kredit, bozor, operatsion va likvidlik xavf-xatarlarini baholash va boshqarish mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish, uni qayta baholash, limitlar tizimini qoʻllash va stress-testdan oʻtkazish boʻyicha tajriba almashdilar.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Omonatlarni kafolatlash agentligi vakillari 2026 yilda tijorat banklaridan birining litsenziyasi qaytarib olinganidan keyin omonatchilarga kompensatsiya toʻlovlarini tashkil etish va amalga oshirishda orttirilgan amaliy tajriba haqida soʻzlab berdilar.
Amaliy tashrif doirasida delegatsiya Armaniston Markaziy bankining Tashrif buyuruvchilar markazi va muzeyi faoliyati bilan ham tanishdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar Oʻzaro tushunish va hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum doirasida muntazam muloqotni davom ettirish hamda omonatlarni kafolatlash sohasida amaliy tajriba almashishni kengaytirishga kelishib oldilar.

