Oʻzbekiston elektr taʼminotini yaxshilash uchun OTBdan 200 million dollar qarz oladi
Dastur doirasida 60 ta podstansiya yangilanadi, elektr energiyasi yoʻqotishlari kamaytiriladi va kamida 3,3 GW qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini tarmoqqa ulash imkoniyati yaratiladi.

Oʻzbekiston elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida OTBdan 200 million dollar qarz oladi
Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar miqdorida qarz beradi.
Qarz bitimi 15-oktabr kuni Tailandning Bangkok shahrida OTB prezidenti Masato Kanda va Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov tomonidan imzolandi.
Dastur doirasida mamlakat boʻylab strategik ahamiyatga ega 60 ta elektr taqsimlash podstansiyasi rekonstruksiya qilinadi va modernizatsiya etiladi. Tarmoqlarni boshqarishni yaxshilash uchun raqamli tizimlar ham joriy etiladi.
OTB maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda iqtisodiyotning oʻsishi, shaharlarning kengayishi va aholining elektr energiyasiga ehtiyoji ortishi tarmoqlarga tushadigan yuklamani oshirmoqda. Eskirgan infratuzilma, elektr energiyasi yoʻqotishlari va uskunalarning ortiqcha yuklanishi elektr taʼminoti ishonchliligiga taʼsir qilmoqda. Bu holat, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining yangi quvvatlarini tarmoqqa ulashni ham qiyinlashtirmoqda.
Dastur natijasida elektr energiyasi yoʻqotishlarini kamaytirish, transformatorlarga tushadigan ortiqcha yuklamani pasaytirish va elektr taʼminoti barqarorligini oshirish kutilmoqda. Shuningdek, kamida 3,3 GVt quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmogʻiga ulash uchun sharoit yaratiladi. Issiqxona gazlari chiqindilarini esa yiliga qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga kamaytirish rejalashtirilgan.
Loyiha «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning tarmoqlardan foydalanish va ularni boshqarish salohiyatini oshirishga ham yoʻnaltirilgan. Xodimlarning texnik koʻnikmalarini rivojlantirish, boshqaruv va moliyaviy nazorat tizimlarini mustahkamlash, malaka oshirish hamda energetika sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish ham dasturning vazifalari sirasiga kiradi.
OTB maʼlumotiga koʻra, bu bankning Jahon banki bilan oʻzaro toʻliq ishonch mexanizmi doirasida amalga oshiriladigan energetika sohasidagi birinchi dasturidir. Shuningdek, u Oʻzbekiston energetika sohasida natijalarga asoslangan qarz asosida amalga oshiriladigan ilk dastur hisoblanadi.
Ushbu mexanizm OTB va Jahon bankiga bir-birining kompleks baholash natijalari hamda loyihalarni amalga oshirish tartiblaridan foydalanish imkonini beradi. Bu takroriy ishlarni va bitimlar bilan bogʻliq xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

