Iqtisodiyot

Oʻzbekiston eksporti yetti oyda 3,6 foizga kamaydi

**Oʻzbekiston eksporti yetti oyda 3,6 foizga kamaydi**

Oʻzbekistonda oltin sotuvining qisqarishi umumiy eksport tushumlari pasayishiga sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, import ulushi yetti oyda qariyb 18 foizga oshdi.

### Eksport qisqardi, import esa sezilarli oshdi

2026-yil yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 49,5 mlrd dollarga yetdi. Statistika qoʻmitasi bu koʻrsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 3,7 mlrd dollarga yoki 8,1 foizga oshganini bildirdi. Oʻsish import hajmining ko‘payishi hisobiga yuz bergan.

Yetti oyda eksport tushumlari 19,9 mlrd dollarni tashkil etib, 3,6 foizga kamaygan. Import hajmi esa 29,6 mlrd dollar boʻlib, 17,8 foizga oshgan. Natijada 9,7 mlrd dollarlik tashqi savdo taqchilligi yuzaga kelgan.

“Oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 27,7 foizga oʻsib, 9,8 mlrd dollarni tashkil qildi”, deya vaziyatni izohlagan qoʻmita.

### Asosiy savdo hamkorlar

Oʻzbekiston yetti oyda Xitoy bilan eng katta hajmda — 11,26 mlrd dollarlik savdo qilgan. Shundan atigi 1,7 mlrd dollari yoki 15 foizi eksport, qolgan qariyb 9,56 mlrd dollari (85 foiz) import hissasiga toʻgʻri kelgan.

Keyingi yirik savdo Rossiya bilan amalga oshirilgan. Ikki davlat oʻrtasida 8,12 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar savdosi qayd etilgan. Buning 2,8 mlrd dollari Oʻzbekiston eksporti, 5,3 mlrd dollari importi hisoblanadi.

Uchinchi asosiy hamkor mamlakat qoʻshni Qozogʻiston boʻlib qolmoqda. Yetti oyda ikki davlat 3,26 mlrd dollarlik oldi-sotdi qilgan. Shundan 868 mln dollari Oʻzbekiston eksporti, 2,4 mlrd dollari esa import hissasiga toʻgʻri kelgan.

Umuman olganda, mamlakatning asosiy hamkorlari bilan savdosida import ulushi eksportga nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda.

### Nimalar eksport qilindi?

Oʻzbekiston eksportida xizmatlar ulushi yetakchilik qilmoqda. Avvallari oltin sotuvlari eksport tushumlarining uchdan bir qismini tashkil etgan boʻlsa, endi bu oʻrinni xizmatlar egallagan. Yetti oy davomida xorijdan 7,3 mlrd dollarlik xizmatlar tushumi olingan (oʻsish 35,3 foiz). Bu koʻrsatkich umumiy eksportning qariyb 36,8 foiziga teng. Jumladan, tushumlarning 3,94 mlrd dollari turizmdan, 2,3 mlrd dollari transport xizmatlaridan kelgan.

Keyingi yirik eksport ulushi sanoat tovarlari sotuviga tegishli — 2,86 mlrd dollar (oʻsish 22,4 foiz). Shundan 1,15 mlrd dollari (oʻsish 26,3 foiz) toʻqimachilik mahsulotlari, 1,04 mlrd dollari (oʻsish 7,8 foiz) rangli metallar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Oʻzbekiston yanvar-iyul oylarida 2,8 mlrd dollarlik oltin eksportini amalga oshirdi. Bu koʻrsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,7 baravarga kam. Qimmatbaho metall sotuvining keskin qisqarishi umumiy eksport natijalariga sezilarli taʼsir qilgan.

Shuningdek, yetti oyda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti 1,5 mlrd dollarga yetgan (oʻsish 2,3 foiz). Bu yoʻnalishda sabzavotlar va mevalar ulushi eng katta boʻlib, 1,05 mlrd dollarni tashkil etgan (pasayish 4 foiz).

Mineral yoqilgʻi va moylash materiallari sotuvidan 931,5 mln dollar tushum olingan (oʻsish 5,4 foiz). Shundan 515,9 mln dollari (oʻsish 51,2 foiz) neft va neft mahsulotlari, 279,7 mln dollari (pasayish 36,2 foiz) tabiiy gaz sotuviga toʻgʻri kelgan.

Bundan tashqari, yetti oyda 1,55 mlrd dollarlik kimyoviy vositalar eksport qilingan (oʻsish 35 foiz). Ushbu tarkibda noorganik kimyo moddalari ulushi yuqori boʻlib, 944,8 mln dollarni tashkil etgan (oʻsish 47,2 foiz).

### Import qilingan tovar va xizmatlar

Oʻzbekiston importida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari xaridiga toʻgʻri kelmoqda. Yetti oyda mamlakatga bu turdagi mahsulotlardan 9,7 mlrd dollarlik tovar olib kirilgan (oʻsish 20 foiz). Bunda avtomobillar ulushi 2,4 mlrd dollarni (oʻsish 27,9 foiz), elektr mashinalari, apparatlari va jihozlari xaridi esa 1,6 mlrd dollarni (oʻsish 38,1 foiz) tashkil etgan.

Hisobot davrida xorijdan 3,3 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar sotib olingan. Bu yoʻnalishda eng katta ulush donli ekinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar importiga toʻgʻri kelgan — 864,9 mln dollar (oʻsish 60,7 foiz). Keyingi oʻrinlarda goʻsht hamda goʻsht mahsulotlari xaridi 574 mln dollarni (oʻsish 36,7 foiz), shakar, shakardan tayyorlangan mahsulotlar va asal xaridi esa 434 mln dollarni tashkil etgan (oʻsish 51,2 foiz).

Hisobot davrida 2,5 mlrd dollarlik mineral yoqilgʻi va moylash materiallari import qilingan (oʻsish 10,7 foiz). Xususan, chetdan 1,33 mlrd dollarlik neft va neft mahsulotlari sotib olingan (oʻsish 15,1 foiz). Shundan 426 mln dollari benzin importiga toʻgʻri kelgan (oʻsish 60,8 foiz). Oʻz navbatida xorijdan qariyb 1 mlrd dollarlik tabiiy gaz import qilingan (oʻsish 8,2 foiz).

Kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar importi 3,6 mlrd dollarni tashkil etgan (oʻsish 15,6 foiz), shundan 1,1 mlrd dollari tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

Importning 4,4 mlrd dollari sanoat tovarlari hissasiga toʻgʻri kelgan (oʻsish 10,1 foiz). Jumladan, yetti oyda chetdan 1,7 mlrd dollarlik choʻyan va poʻlat, 612,9 mln dollarlik rangli metallar xarid qilingan.

Shuningdek, 3,6 mlrd dollarlik xizmatlar import qilingan (oʻsish 13,3 foiz). Bunda 1,57 mlrd dollar turizmga, 989,6 mln dollar transport xizmatlariga toʻgʻri kelgan.

Avvalroq joriy yil avgustida Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati 7,8 mlrd dollarga oshib, jami 72,1 mlrd dollarga yetgani xabar qilingandi. Tahlillarga koʻra, soʻnggi paytlarda mamlakat oltin eksportini qisqartirishi fonida zaxira hajmi sezilarli oshib bormoqda. 2026-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, mamlakat zaxirasida 14,1 million unsiya (438,56 tonna) oltin saqlanmoqda. Yanvar oyi boshida bu koʻrsatkich 12,6 million unsiya (391,9 tonna) edi. Sakkiz oyda qimmatbaho metall hajmi qariyb 46,66 tonnaga koʻpaygan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.