Oʻzbekiston aholisi loyqa suvdan shikoyat qilmoqda. "Oʻzsuvtaʼminot" mumkin boʻlgan sababni maʼlum qildi

Oʻzbekiston aholisi loyqa suvdan shikoyat qilmoqda. "Oʻzsuvtaʼminot" mumkin boʻlgan sababni maʼlum qildi
Joʻmrakdagi suvning loyqalanishi quvurlarda havo borligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. "Oʻzsuvtaʼminot" AJ vakillari 30 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida aholining ichimlik suvi sifati boʻyicha shikoyatlarini sharhlar ekan, shunday taxminni bildirdi.
Kompaniya vakilining soʻzlariga koʻra, agar loyqa suv idishga solinib, ikki daqiqacha kutilsa, u tiniqlashishi kerak.
Muhokama davomida kompaniya vakili suv taʼmining oʻzgarishi haqidagi mulohazalarga ham izoh berdi. Uning taʼkidlashicha, noodatiy taʼm suvning sifat talablariga javob bermasligini anglatmaydi.
Uning soʻzlariga koʻra, suvning ichishga yaroqliligi laboratoriya tadqiqotlari natijalariga koʻra belgilanadi. Xususan, suv 40 dan ortiq koʻrsatkichlar, jumladan, temir va xlor miqdori boʻyicha tekshiriladi.
Agar aholida suv sifatiga nisbatan hamon shubhalar saqlanib qolayotgan boʻlsa, kompaniya mutaxassislari koʻrsatilgan manzilga borib, laboratoriya tekshiruvini oʻtkazishga tayyor.

