“Oʻzbekinvest”da Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi
Joriy yil 21-oktabr kuni “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Til, adabiyot va tarixiy xotira” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

“Oʻzbekinvest”da Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi
Tadbirda kompaniya rahbariyati va xodimlari bilan birga mehmon sifatida taniqli oʻzbek yozuvchisi Nurali Qobul ham qatnashdi.
Oʻzbek tilining milliy oʻzlikni anglash va tarixiy xotirani asrashdagi ahamiyati, mumtoz hamda zamonaviy adabiyotimizning ona tilimiz taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi tadbirning asosiy mavzularidan biri boʻldi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, uni ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida toʻliq qoʻllash, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishni davlat tilida samarali yoʻlga qoʻyish hamda davlat tili haqidagi qonunchilik talablariga soʻzsiz amal qilinishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Shu bilan birga, oʻzbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni, uning amaliyotda keng qoʻllanishi masalalari xalqaro miqyosda ham diqqat markazidagi mavzulardan biri ekani qayd etildi.
Dastur doirasidagi davra suhbatida yozuvchi Nurali Qobul bilan xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosini kelajak avlodlarga yetkazish, ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy boylikni qadrlash hamda adabiyotning jamiyat hayotidagi oʻrni haqida fikr almashildi. Shuningdek, adibning ijodiy faoliyati va asarlarida tarixiy voqealarning badiiy talqini haqida soʻz yuritildi. Kompaniya xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan yozuvchiga murojaat qildilar.
Bayram tadbiri doirasida kompaniya xodimlari oʻrtasida Alisher Navoiy gʻazallarini aytish boʻyicha mushoira hamda oʻzbek adiblarining nasriy asarlaridan oʻqilgan parchalar asosida ularning mualliflarini aniqlashga bagʻishlangan adabiy viktorina oʻtkazildi. Gʻoliblar sovrinlar bilan taqdirlandi.
Kompaniyada shakllangan anʼanaga koʻra, barcha xodimlarga oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti namunalaridan iborat kitoblar sovgʻa qilindi.

