Nyu-Yorkning turli kanalizatsiya tizimlaridan odamlar sirli ravishda chiqib kelayotgani koʻrilganidan keyin ikki kishi hibsga olindi
Shaharda tunda odamlarning kanalizatsiya lyuklaridan chiqib kelishi bilan bogʻliq bir qator holatlar kuzatildi.

Nyu-Yorkning turli kanalizatsiya tizimlaridan odamlar sirli ravishda chiqib kelayotgani koʻrilganidan keyin ikki kishi hibsga olindi
Nyu-York rasmiylari chorshanba kuni lyukdan chiqib, shaharning yer osti kanalizatsiya tizimini tark etayotgani koʻrilgan uch erkakdan ikkisini hibsga oldi.
Nyu-York politsiya departamenti (NYPD) 26 yoshli Kevin Rodriges va 25 yoshli Semyuel Reveronni til biriktirish va hududga noqonuniy kirishda aybladi.
Uch erkak Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida qolishi rejalashtirilgan mehmonxona yaqinidagi lyukdan chiqib ketayotgani kuzatilgan.
NYPD BBC'ga bergan bayonotida, boʻrondan keyin odamlar qimmatbaho buyumlar va metall parchalarini qidirish uchun kanalizatsiya tizimiga kirgan bir nechta holatlarga guvoh boʻlganini maʼlum qildi.
«Ushbu hodisa ham xuddi shu mezonga mos keladi, biroq BMT Bosh Assambleyasi va joyning nozikligini hisobga olib, xavfsizlik chorasi sifatida NYPD federal hamkorlarimiz bilan qoʻshimcha xavfsizlik tekshiruvlarini oʻtkazmoqda», deyiladi politsiya departamenti bayonotida.
Kvins shahridan boʻlgan Rodriges va Reveron payshanba kuni hibsga olindi. Politsiyaning maʼlum qilishicha, chorshanba kuni taxminan soat 16:30 da (EST) (Britaniya vaqti bilan 21:30) politsiya chaqirilganda, ular lyukdan chiqib, voqea joyidan qochib ketishgan.
Juma kuni ertalab boʻlib oʻtgan sud majlisida ikki erkak oʻz aybiga iqror boʻlmadi va sud hujjatlariga koʻra, hibsdan ozod qilindi.
Ushbu hibsga olishlar soʻnggi oylarda shaharning turli qismlarida odamlarning yoʻlkadagi lyuklardan chiqib kelayotgani kuzatilgan bir qator hodisalardan keyin yuz berdi.
Avgust oyida kuzatuv kamerasi videosida erta tongda Kvinsdagi lyukdan bir kishi chiqib kelayotgani aks etgan edi. Oʻsha oyda NYPD Penn vokzali yaqinidagi lyukdan chiqib ketayotgani koʻrilgan, maxsus kiyim va bosh chiroqlari boʻlgan uch kishi ustidan tergov olib borilayotganini maʼlum qilgandi.
May oyida kuzatuv kamerasi tasvirlarida bir guruh odamlar lyuk qopqogʻini surib, Bruklin janubidagi kanalizatsiyaga tushayotgani muhrlangan.
Rasmiylar Nyu-York kanalizatsiya tizimiga kirish ham noqonuniy, ham xavfli ekanini aytib, yopiq hududda zaharli gazlar va suv toshishi xavfi borligidan ogohlantirgan.
«Shu sabablarga koʻra, jamoatchilik vakillari hech qachon quvur, drenaj, suv yigʻuvchi havza, lyuk yoki chiqish joyiga kirmasliklari kerak», deb maʼlum qilgan shahar Atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti avvalroq BBC'ga.
Bu yil Manhetten markazida bir ayol mashinasi eshigini ochib, tasodifan ochiq lyukka tushib ketishi oqibatida halok boʻlgan edi.

