Nyu-York sudi 11 sentyabr qurbonlari oilalarining Saudiya Arabistoniga qarshi davom etayotgan daʼvo arizasi boʻyicha dalillarni tinglamoqda
Oilalarning taʼkidlashicha, Saudiya Arabistoni hukumati bilan aloqasi boʻlgan shaxslar 2001 yildagi hujumlarni amalga oshirganlarga yordam bergan, mamlakat esa buni inkor etmoqda.

Nyu-York sudi 11 sentyabr qurbonlari oilalarining Saudiya Arabistoniga qarshi davom etayotgan daʼvo arizasi boʻyicha dalillarni tinglamoqda
Nyu-Yorkdagi Apellyatsiya sudi 11 sentyabr qurbonlari oilalari vakillari boʻlgan advokatlar va Saudiya Arabistoni hukumatining bayonotlarini tingladi. Sud Yaqin Sharq mamlakatiga qarshi uzoq vaqtdan beri davom etayotgan ushbu ish sud muhokamasi bosqichiga oʻtishi mumkinmi yoki yoʻqmi, degan masalani koʻrib chiqmoqda.
2001 yil 11 sentyabrda jangarilar AQShning toʻrtta yoʻlovchi samolyotini egallab olib, ularni Nyu-Yorkdagi Butunjahon savdo markazi, Pentagon binolariga va yoʻlovchilarning qarshiligidan keyin Pensilvaniyadagi dalaga qulatgani oqibatida 3000 ga yaqin kishi halok boʻlgan edi.
Oilalarning taʼkidlashicha, Saudiya hukumati xodimi Omar al-Bayumi ikki nafar terrorchiga bilib turib yordam bergan va Saudiya Islom ishlari vazirligiga aloqador rasmiylar tarmogʻi bilan hamkorlikda harakat qilgan.
2001 yil 11 sentyabrda jangarilar AQSh yoʻlovchi samolyotlarini egallab olib, ularni Nyu-Yorkdagi ikkita osmonoʻpar binoga qulatgani oqibatida minglab odamlar halok boʻldi
Hozirda davlat xizmatidan nafaqaga chiqqan Bayumi ushbu ikki shaxsning terrorchi ekanligini bilganini yoki 11 sentyabr voqealarida biror-bir rol oʻynaganini inkor etgan, Saudiya Arabistoni esa oʻzining yoki rasmiylarining 11 sentyabr voqealariga aloqadorligi haqidagi har qanday daʼvo mutlaqo yolgʻon ekanligini bildirgan.
Qirollik xorijiy suveren davlat sifatida AQSh sudlarida jinoiy taʼqibdan daxlsizlik huquqiga ega ekanligini roʻkach qilmoqda.
Daʼvo arizasini 2002 yilda topshirgan oilalar ushbu ishning davom etishiga erishish uchun AQSh Kongressini xorijiy davlatlarning suveren daxlsizligi toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish kiritishga koʻndirish maqsadida yillar davomida lobbichilik qilishdi.
2016 yilda Kongress «Terrorizm homiylariga qarshi adolat toʻgʻrisida»gi qonunni (JASTA) qabul qildi. Ushbu qonun xalqaro terrorizm harakati oqibatida yetkazilgan jarohatlar, oʻlim yoki zarar uchun xorijiy davlat yoki rasmiy shaxsga nisbatan fuqarolik daʼvolarini taqdim etishga ruxsat beradi.
2025 yil avgust oyida Manhetten okrug sudi 11 sentyabr qurbonlarining oilalari qonun talablarini qondirish uchun yetarli dalillar taqdim etgani haqida qaror chiqardi va ishning sud muhokamasiga oʻtishiga ruxsat berdi.
Chorshanba kuni Saudiya Arabistoni Apellyatsiya sudidan ushbu qarorni bekor qilishni soʻradi.
Advokat Gregori Rapavining aytishicha, asosiy faktik masalalar, jumladan, Bayumining Saudiya davlatidagi bandligi xususiyatiga doir markaziy masala hali hal etilmagan va mamlakat oʻz daxlsizligini yoʻqotishidan oldin bu masalalarga oydinlik kiritilishi kerak.
11 sentyabr qurbonlari oilalarining advokati Gevin Simpson Okrug sudi Bayumining xatti-harakatlari «shunchaki saxovatpesha inson yoki begunoh ishtirokchining harakatlari emasligini» allaqachon aniqlaganini taʼkidladi.
«U, aslida, terrorchilarga yordam berishda Saudiya Arabistonining koʻrsatmalariga amal qilgan», dedi Simpson va Saudiya Arabistoni ushbu dalillarni «rad eta olmaganini» qoʻshimcha qildi.
Sudyalar koʻrib chiqayotgan masalalardan biri — ishni yanada aniqroq xulosalar chiqarish uchun okrug sudiga qaytarish lozimmi-yoʻqmi degan masala boʻldi, bu esa jonli guvohlarning koʻrsatmalarini tinglashni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Sudya Gvido Kalabrezi bunday vaziyatda Saudiya Arabistoni qaysi guvohlarni chaqirishi mumkinligini soʻraganida, Rapavi agar masala pirovardida Bayumining ishonchliligiga bogʻliq boʻlsa, uni koʻrsatma berish uchun chaqirish mumkinmi-yoʻqmi, buni «koʻrish kerakligini» aytdi.
Eshituvni yakunlar ekan, sudya Uilyam Nardini «bu murakkab ish va biz uni koʻrib chiqish uchun vaqt olamiz» dedi va hayʼat qarorni keyinroq qabul qilishini bildirdi.
Sud binosi tashqarisida turmush oʻrtogʻi Tom Butunjahon savdo markazida halok boʻlgan Terri Strada BBC nashriga bergan intervyusida ushbu eshituvdan umidi katta ekanligini aytdi.
«Yaqiningizning oʻldirilishi uchun javobgarlik va adolatsiz 25 yil oʻtishi — bu juda uzoq vaqt. Umid qilamizki, sudyalar [Okrug sudi] sudyasi Deniyelsning qarorini oʻz kuchida qoldiradi va sud jarayoniga oʻtadi».

