Mahalliy

Noutbukni ushlab qolmoqchi boʻlgan. Al-Beruniy nomidagi maktab maʼmuriyati oʻquvchining oʻlimi tafsilotlarini ochiqladi

Noutbukni ushlab qolmoqchi boʻlgan. Al-Beruniy nomidagi maktab maʼmuriyati oʻquvchining vafoti tafsilotlarini ochiqladi

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatda 5 sentyabr kuni yotoqxonaning toʻrtinchi qavati derazasidan tushib ketgan 10-sinf oʻquvchisi bilan bogʻliq hodisa tafsilotlari maʼlum qilindi. Maʼmuriyat talqiniga koʻra, oʻsmir derazadan tasodifan tushib ketgan noutbukni ushlab qolmoqchi boʻlgan, muvozanatni yoʻqotib, pastga yiqilgan.

Baxtsiz hodisa 5 sentyabr kuni taxminan soat 15:10 da internat tarbiyalanuvchilari yashaydigan yotoqxonada yuz bergan. Oʻsmir toʻrtinchi qavatdagi xonasida boʻlgan va deraza oldida noutbukda ishlayotgan edi. Qurilma tashqariga tushib ketganda, u uni ushlab qolmoqchi boʻlgan, muvozanatni yoʻqotib, pastga qulagan.

Voqea joyiga zudlik bilan tez yordam chaqirilgan va ota-onasi xabardor qilingan. Avvaliga oʻsmir Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasiga olib borilgan, soʻngra Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga oʻtkazilgan.

Yigitda umurtqa pogʻonasi sinishi, oyoq kafti sohasidagi suyak sinishi, shuningdek, koʻkrak qafasi siqilishi tufayli yuzaga kelgan oʻpka gematomasi aniqlangan. Internatdan maʼlum qilishlaricha, unga operatsiya belgilanmagan: oʻsmirga zarur tibbiy yordam koʻrsatilgan va ovqatlanishi taʼminlangan.

Oʻn kundan keyin, 15 sentyabr kuni ertalab, oʻquvchining otasi internat ijrochi direktoriga uning vafot etganini maʼlum qilgan. Shundan soʻng huquq-tartibot idoralari halok boʻlgan bolaning ota-onasi va taʼlim muassasasi rahbaridan tushuntirish xatlari olgan. Internat tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, ushbu tushuntirishlarda ular bir-birlariga nisbatan daʼvolari yoʻqligini koʻrsatishgan.

Oʻlim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. U yakunlangach, oʻsmir Namangan tumaniga olib borilgan va u yerda 15 sentyabr kuni dafn marosimi boʻlib oʻtgan.

Internatda halok boʻlgan bola maktabning eng yaxshi oʻquvchilaridan biri boʻlgani taʼkidlandi. U matematika boʻyicha respublika va xalqaro olimpiadalarda sovrinli oʻrinlarni egallagan, yaxshi oʻqigan hamda sinfdoshlari va pedagoglar oʻrtasida hurmatga sazovor boʻlgan.

Avvalroq Bosh prokuratura Podrobno.uz muxbiriga oʻquvchining oʻlimi holati boʻyicha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilayotganini maʼlum qilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.