Norvegiya 2027-yilda Ukrainaga 9,2 mlrd dollar moliyaviy yordam ajratadi

Norvegiya 2027-yilga qadar Ukrainaga 9,2 milliard dollar miqdorida moliyaviy ko‘mak berishni rejalashtirmoqda.
Norvegiya hukumati 2027-moliya yilida Ukrainaga 85 milliard Norvegiya kronasi, ya’ni qariyb 9,2 milliard AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam ajratishni ko‘zda tutmoqda. Bu mablag‘ 2026-yilda ajratilgan yordam miqdoriga tengdir. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore Shimoliy va Boltiqbo‘yi davlatlari rahbarlari bilan birgalikda yakshanba kuni Ukrainaga tashrif buyurib, Rossiya bilan davom etayotgan urushda Kiyevni qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladilar.
Styore hukumat tomonidan e’lon qilingan nutqida Norvegiyaning Ukrainaga ajratadigan mablag‘lari harbiy va gumanitar ehtiyojlarni qoplashga yo‘naltirilishini ta’kidladi.
"Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va uni qayta tiklash shunchaki yordam emas. Bu Yevropaning o‘z xavfsizligiga kiritilgan investitsiyadir", — dedi Norvegiya bosh vaziri.
Shanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani Rossiya iqtisodiy obyektlariga zarbalar berish orqali "Pandora qutisini ochganlikda" aybladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bunga javoban Ukrainaning "eng nozik iqtisodiy tarmoqlariga" zarbalar beradi.
Ayni paytda Rossiya va Ukraina bir-birining iqtisodiy infratuzilmasini izdan chiqarishga qaratilgan dron hujumlarini kuchaytirmoqda. Tomonlar ko‘pincha front chizig‘idan ancha uzoqda joylashgan nishonlarga ham zarba bermoqda.
Rossiya tomonidan boshlangan urush 4,5 yilga yaqinlashar ekan, jang maydonidagi to‘qnashuvlar bilan bir qatorda iqtisodiy infratuzilmaga qarshi hujumlar ham avj olmoqda.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Moskva Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha yangi takliflarni eshitishga tayyor ekanligini bildirgan edi.

