Noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin
O‘zbekistonda noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha Jinoyat

O‘zbekistonda noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Bu borada Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu loyiha 2025-yil 18-noyabrda Prezident huzurida tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi ishlar va kelgusi vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda berilgan topshiriqlar hamda Prezident Administratsiyasi rahbarining 2026-yil 15-yanvardagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan.
Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda.
Jumladan:
Amaldagi Jinoyat kodeksining 223-moddasi qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish uchun javobgarlikni belgilaydi. Biroq, bu norma noqonuniy migratsiyani tashkil etuvchilar, vositachilar, moliyalashtiruvchilar va logistika bilan ta’minlovchi shaxslarni to‘liq qamrab olmaydi.
Qonun loyihasi asosnomasida bunday holatlar fuqarolarning xorijda ekspluatatsiya qilinishi, moddiy zarar ko‘rishi, noqonuniy mehnat faoliyatining kengayishi va migratsiya sohasining kriminallashuviga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.
Loyihaga ko‘ra, Jinoyat kodeksini noqonuniy migratsiyani tashkil etishni alohida jinoyat sifatida belgilaydigan yangi 223¹-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Yangi modda uch qismdan iborat bo‘lib, unda qilmishning og‘irlik darajasi va kvalifikatsiya belgilariga qarab alohida javobgarlik choralari (3 yildan 15 yilgacha) nazarda tutiladi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasiga ham o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovni ichki ishlar organlari amalga oshirishi belgilanishi mumkin.
Bu Ichki ishlar vazirligi tizimida migratsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha vakolat hamda maxsus tuzilmalar mavjudligi bilan izohlangan.
Agar loyiha qabul qilinsa, noqonuniy migratsiyani tashkil etuvchilar, vositachilar va boshqa ishtirokchilarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun alohida huquqiy asos yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, hujjat hozircha qonun loyihasi hisoblanadi.

