Nitazenlar Oʻzbekistonda hali aniqlanmadi, ammo xavf yuqori. Itlarni yangi sintetik opioidlarni izlashga qanday oʻrgatishmoqda
Oʻzbekiston bojxona organlari hozircha nitazenlarni — kuchli taʼsir qiluvchi sintetik opioidlarni aniqlamadi, biroq ularning paydo boʻlish xavfini yuqori deb hisoblamoqda. Toshkentdagi kinologiya forumida britaniyalik mutaxassislar itlarni turli hid profiliga ega boʻlgan butun bir birikmalar guruhini tanishga qanday oʻrgatishayotgani haqida soʻzlab berishdi.

Oʻzbekistonda nitazenlar hozircha aniqlanmadi, biroq ularning paydo boʻlish xavfi yuqori deb baholanmoqda. Itlar yangi sintetik opioidlarni izlashga qanday oʻrgatilmoqda
Jahon qora bozorida nitazenlar — geroinga qaraganda yuzlab marta kuchliroq boʻlgan sintetik opioidlar tobora faol tarqalmoqda. Bu haqda «Gazeta» oʻtgan hafta Toshkentda boʻlib oʻtgan Butunjahon kinologiya forumida bilib oldi.
2026 yil boshidan buyon Oʻzbekiston bojxonachilari 532 ta narkotik kontrandasi holatiga chek qoʻyib, 30 turdagi qariyb 1,9 tonna moddalarni musodara qilishdi. Taqqoslash uchun: butun 2025 yil davomida 420 ta holat qayd etilib, 1,3 tonna giyohvandlik vositalari olib qoʻyilgan edi.
Musodara qilingan moddalar orasida nitazenlar boʻlmagan, biroq Bojxona qoʻmitasi jahon noqonuniy narkobozoridagi oʻzgarishlar tufayli ularning respublikada paydo boʻlish ehtimolini yuqori deb hisoblaydi.
Nitazenlar — bu bitta modda emas, balki sintetik opioidlarning butun bir guruhidir. Ular 1950-yillarda Shveytsariyaning Ciba kompaniyasi tomonidan potentsial ogʻriq qoldiruvchi vositalar sifatida ishlab chiqilgan, biroq faolligi juda yuqori boʻlganligi sababli tibbiy qoʻllash uchun hech qachon roʻyxatdan oʻtkazilmagan. Noqonuniy bozorda nitazenlar 2010-yillarning oxirida muntazam ravishda aniqlana boshladi.
2019 yilda Xitoy fentanilsimon moddalarning butun sinfini milliy nazoratga oldi. 2022 yilda Afgʻoniston rasmiylari koʻknor yetishtirishni taqiqladi.
Oʻrinbosar qidirish jarayonida narkofurushlar nitazenlarga oʻtishdi va 2019 yildan 2024 yilgacha ushbu moddalarning tarqalish holatlari allaqachon 28 ta davlatda qayd etildi. Idoradan taʼkidlashlaricha, nitazenlarni sintez qilish boʻyicha asosiy laboratoriyalar Xitoyda toʻplangan, shu boshli Oʻzbekiston yuqori xavf zonasida joylashgan.
«Taʼsir kuchi boʻyicha nitazenlar geroinni 50−250 marta, fentanilni esa 10−50 marta ortda qoldiradi. Ushbu giyohvandlik vositalarining hatto juda kichik dozalari ham oʻlim xavfini tugʻdiradi», — deya maʼlum qilishdi Bojxona qoʻmitasida.
Shubhali moddalarni dastlabki tahlil qilish uchun Oʻzbekiston bojxona organlari TruNarc portativ lazer analizatorlari va ekspress-testlardan foydalanadi. Biroq avvalo potentsial xavfli yukni bagajlar, joʻnatmalar va tovarlar orasidan aniqlash kerak. Bunda bojxonachilarga xizmat itlari yordam beradi.
Toshkentda boʻlib oʻtgan Jahon bojxona tashkilotining Butunjahon kinologiya forumida alohida blok itlarni fentanil, uning analoglari va nitazenlarni izlashga tayyorlashga bagʻishlandi. Buyuk Britaniya Chegara-bojxona xizmatining kinologiya mutaxassislari oʻz ishlanmalari haqida soʻzlab berishdi.
Treysi Jekson.
Oʻqitish va texnik tayyorgarlik boʻyicha rahbar Treysi Jeksonning maʼlum qilishicha, uning xizmati nitazenlar bilan taxminan uch yil oldin toʻqnash kelgan. 2024 yilda Angliya va Uelsda ushbu moddalar ishtirokida 195 ta oʻlim holati qayd etilgan — bu bir yil oldingiga (52 ta holat) nisbatan deyarli toʻrt baravar koʻpdir.
Nitazenlar kinologlar oldiga murakkab vazifani qoʻydi. Analoglar va prekursorlar — giyohvand moddalarni ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan moddalar — bilan birga ularning 180 dan ortiq birikmalari mavjud. Sintez qilish usuli hid profilini oʻzgartirishi mumkin. Shu bois, bitta nitazenni izlashga oʻrgatilgan it boshqasini tanimasligi mumkin.
Ushbu muammoni hal qilish uchun xizmat oʻtgan yili universitet laboratoriyalariga tadqiqot oʻtkazishni topshirdi: Buyuk Britaniyada eng koʻp tarqalgan nitazenlar uchun umumiy boʻlgan kimyoviy birikmalarni topish kerak edi. Olimlarga 13 ta farmatsevtik birikma — nitazenlar, fentanil va ksilazin — chegarada musodara qilingan namunalar bilan birga topshirildi va farmatsevtik hamda koʻcha partiyalarining instrumental tahlili oʻtkazildi.
Treysi Jeksonning soʻzlariga koʻra, toza laboratoriya va noqonuniy ishlab chiqarilgan namunalarning hid profillari yaqin boʻlib chiqdi.
«Bu shundan dalolat beradiki, ushbu moddalarni yashirin laboratoriyalar va garajlarda ishlab chiqarayotganlar oʻz usullarini mukammallikka yetkazishgan — ular amalda farmatsevtik sifatni takrorlashmoqda», — dedi u.
Natijada laboratoriya oʻrganilgan nitazenlar uchun umumiy boʻlgan hid profilining toʻrtta komponentini ajratib oldi. Ular asosida mashgʻulot oʻtkazish uchun sunʼiy oʻrinbosar yaratildi. Endi instruktorlar chegarada musodara qilingan real namunalar yetarli miqdorda boʻlmagan taqdirda ham itlarni tayyorlashlari mumkin.
Biroq boshqa bir savol tugʻiladi: itni hidlarning butun bir toifasini tanishga va u ilgari hech qachon duch kelmagan modda turini topishga oʻrgatish mumkinmi?
Xizmatning bosh instruktori Leze Adamsning aytishicha, hozirda ushbu yondashuv kokainda sinovdan oʻtkazilmoqda. Yosh itlar ikki guruhga boʻlindi. Nazorat guruhi anʼanaviy usulda, maqsadli hid manbaini koʻp marta koʻrsatish orqali oʻqitilmoqda.
Ikkinchi guruhdagi itlar esa birinchi mashgʻulotdanoq maqsadli hid bilan begona qoʻzgʻatuvchilar (dezinfektsiyalovchi salfetkalar, skotch, choy paketchalari) qurshovida tanishtirilmoqda, shuningdek, hajmi 1 dan 100 grammgacha boʻlgan, beshta turli partiya va kelib chiqish mamlakatlariga tegishli namunalardan foydalanilmoqda.
Kursdan soʻng har ikki guruhga ilgari duch kelmagan partiyalardan namunalarni topish taklif etiladi.
Dastlabki natijalar shuni koʻrsatdiki, ikkinchi guruhdagi itlar sekinroq oʻrganadi, biroq keyinchalik maqsadli hidning yangi manbalarini tezroq va aniqroq taniydi.
Ushbu usul nafaqat nitazenlarni izlash uchun ishlab chiqilmoqda. Agar uning samaradorligi tasdiqlansa, mashgʻulot namunalari chegarada uchraydigan moddalarning barcha xilma-xilligini qamrab olmagan taqdirda ham, itlarni turli toifadagi giyohvandlik vositalarini aniqlashga tayyorlash mumkin boʻladi.

