Dunyo

Dunyo boʻylab madaniy yodgorliklar vayron qilinayotgan bir paytda, nizolar qaynab-toshmoqda. Bu insonlar bunga qarshi kurashmoqdalar.

Madaniy meros urush tufayli yoʻq qilib yuborilmoqda va koʻpchilik buning uchun javobgarlikni talab qilmoqda

Avgust oyi Ukraina uchun vayronkor boʻldi. Rossiyaning havo hujumlari keskin kuchaydi, minglab dronlar uchirildi. Kiyev, shuningdek, janubiy shaharlar — Nikolayev va Odessa kuchli bombardimon qilindi. Odessa rasmiylarining maʼlum qilishicha, halok boʻlganlar va vayronagarchiliklardan tashqari, YUNESKO himoyasidagi oltita obʼyekt, jumladan, XIX asrga oid och pushti rangli Aleksandru Sturdza uyi shikastlangan.

Bu holat haqiqiy madaniy ahamiyatga ega boʻlgan bino va obʼyektlarni vayron qilganlik uchun odamlarni javobgarlikka tortish nega bunchalik qiyin degan savolni yana kun tartibiga chiqardi.

Birgina oʻtgan oyning oʻzida Ukraina Madaniyat vazirligi 148 ta madaniy meros obʼyekti, jumladan, Odessadagi obʼyektlar shikastlangani yoki vayron boʻlganini qayd etdi.

Bir nechta ukrainalik faollar guruhlari madaniy vayrongarchiliklar va talon-torojlar uchun Rossiya ustidan Xalqaro jinoiy sudga (XJS) shikoyat arizalari kiritib, javobgarlikka tortishni talab qilishdi, biroq hech qanday ayblov eʼlon qilinmadi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi xavf ostida boʻlgan arxeologiya loyihasining katta ilmiy xodimi Bijan Ruhoniyning aytishicha, huquqiy tuzilma qogʻozda kuchli koʻrinishi mumkin, ammo hayotda u deyarli har doim kutilgan natijani bermaydi. "Hech bir davlat arbobi bu jinoyat uchun hali sudlanmagan. Toʻsiq endi dalillar emas. Bizda sunʼiy yoʻldosh tasvirlari, masofadan turib zondlash va monitoring guruhlari bor. Toʻsiq — yurisdiktsiya va siyosiy irodadir".

Dunyoni larzaga solayotgan mojarolar fonida bu savol tobora dolzarb boʻlib bormoqda: vayronagarchiliklarni toʻxtatish yoki ular sodir boʻlganda javobgarlikni taʼminlash uchun biror bir samarali chora koʻrish mumkinmi?

Ukrainadagi urush — urushning madaniy merosga vayronkor taʼsirini yana bir bor koʻrsatgan soʻnggi mojarolardan biri, xolos.

Tariq Abu Dayya Gʻazoda hunarmandchilik buyumlari, suvenirlar va qadimiy ashyolar sotadi. U sotadigan koʻplab buyumlarda Buyuk Omariy masjidi tasvirlangan. Uning uchun bu masjid Gʻazoning oʻzligini ifodalaydi va uning tarixini koʻplab shakllarda aks ettiradi: qadimgi butparastlik maʼbadi, keyin Vizantiya cherkovi, keyin VII asr masjidi, keyin Salibchilar sobori va nihoyat yana masjid.

Buyuk Omariy masjidi 2023 yilda Isroil zarbasi natijasida deyarli butunlay vayron boʻlgan edi. Isroil harbiylari zarba HAMASga qaratilganini bildirgan.

Gʻazodagi Buyuk Omariy masjidi 2023 yilda Isroil zarbasi natijasida katta vayronagarchilikka uchradi

Dayya vayronalarni koʻrgan har safar yuragi tilka-pora boʻlishini aytadi. "Oʻtmishingiz vayron boʻlsa, buguningiz ham boʻlmaydi".

Gʻazodagi urush oʻn minglab odamlarning hayotiga zomin boʻldi va Isroil bombardimonlari oqibatida taxminan 200 000 bino shikastlandi yoki vayron boʻldi. Biroq, bunday ulkan oʻlim va vayronagarchiliklar orasida ham madaniy yoʻqotishlar qattiq taʼsir qiladi.

Bu tuygʻu tarix davomida urushni boshdan kechirgan odamlar orasida aks-sado berib kelgan.

Sudan, Livan, Yaman va Eronda bong urilishlar qayta-qayta yangradi.

Fevral oyida AQSh va Isroil tomonidan boshlangan havo urushida Erondagi 100 dan ortiq obʼyekt shikastlangani xabar qilingan. Ular orasida Tehrondagi YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan Guliston saroyi va Isfahondagi Naqshi Jahon maydoni bor.

Sudandagi fuqarolar urushi Kush qirolligining gullab-yashnagan tsivilizatsiyasi davrida qurilgan dunyoning qadimiy moʻʼjizalaridan biri — Meroe piramidalarini yanada xavf ostiga qoʻydi.

2011 yilda Meroeni Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritgan YUNESKO, janglar u yerdagi barcha konservatsiya ishlarini toʻxtatib qoʻygani, bu esa nozik qadimiy inshootlarni yaqinlashib kelayotgan qum va oʻsimliklar yemirilishiga zaif qilib qoʻygani haqida ogohlantirdi.

Ikkinchi jahon urushining ulkan vayronagarchiliklaridan soʻng, 1954 yilda Gaagada qurolli mojarolar paytida madaniy merosni himoya qilishga bagʻishlangan birinchi xalqaro shartnoma qabul qilindi.

U yodgorliklar va meʼmorchilikni, shuningdek, sanʼat asarlari va kitoblarni qamrab oladi va davlatlardan madaniy boyliklarni muhofaza qilish va hurmat qilishni hamda ularni xavf ostiga qoʻyishi mumkin boʻlgan har qanday harakatlardan qochishni talab qiladi.

Gaaga konventsiyasidan beri madaniy merosni muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha saʼy-harakatlar amalga oshirildi.

Konventsiyaga 1999 yilda qabul qilingan Ikkinchi bayonnomada aytilishicha, oʻzining ulkan madaniy ahamiyati tufayli kuchaytirilgan muhofaza ostiga olingan har qanday obʼyekt, hatto u "harbiy maqsad" sifatida ishlatilayotgan boʻlsa ham, harbiy nishonga aylantirilmasligi kerak — agar bunday foydalanishni toʻxtatishning boshqa iloji boʻlmasa.

2002 yilda Gaagada Xalqaro jinoiy sud tashkil etilganda, uning vazifalaridan biri urush jinoyatlari deb taʼriflangan diniy, badiiy va taʼlim ahamiyatiga ega binolarga, shuningdek, tarixiy yodgorliklarga urush paytida qasddan qilingan hujumlar uchun javobgarlikni taʼminlash edi.

Ammo bu murakkab va qiyin vazifa boʻlib chiqdi.

Hozirgacha XJSda faqat bitta ish muvaffaqiyatli koʻrib chiqildi. Ahmad al-Faqi al-Mahdiy Malidagi jihodchi jangarilar yetakchisi boʻlib, u Timbuktudagi maqbaralar va masjidni vayron qilgan hujumlarga rahbarlik qilganlikda aybdor deb topilgan. U toʻqqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Ahmad al-Faqi al-Mahdiy XJS tomonidan bu jinoyat uchun muvaffaqiyatli jinoiy javobgarlikka tortilgan yagona shaxs boʻlib qolmoqda

Ruhoniyning aytishicha, yirik davlatlarning toʻliq qoʻllab-quvvatlashi va xalqaro huquq hamda uning ijrosiga haqiqiy sodiqlik boʻlmasa, dunyo xuddi shunday vayronkor manzaraning takrorlanishini kuzatishda davom etaveradi.

"Koʻpgina hukumatlar uchun meros, agar u tashviqot uchun foydali boʻlib qolmasa, ikkinchi darajali masaladir", deydi Ruhoniy. "Gaaga konventsiyasi davlatlardan oʻzlarining harbiy qoidalariga himoya choralarini kiritishni va oʻz yurtida boʻlgani kabi xorijdagi madaniy boyliklarni ham hurmat qilishni talab qiladi. Soʻnggi mojarolardagi vayronagarchiliklar koʻlamiga qarab, bu majburiyatlarga jiddiy yondashilmoqda, degan xulosaga kelish qiyin".

Ukrainadan Eron va Gʻazogacha boʻlgan urushlarda, jangchilar maktab va shifoxonalarni maqbul harbiy nishonlar deb biladigan joylarda, muzey yoki qadimiy toshlar uyumi, ular qanchalik goʻzallik, tarix va xotiraga boy boʻlmasin, omon qolishi ehtimoli qanchalik yuqori?

Ochiq dalada va chekka hududda joylashgan, XVIII asr ukrainalik faylasufi va shoiri Grigoriy Skovorodaga bagʻishlangan muzey 2022 yilda tungi hujum paytida Rossiya artilleriyasi tomonidan vayron qilingan edi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu uni lol qoldirganini aytdi: "Muzeylarga maqsadli zarbalar berish — bu hatto terrorchilarning ham xayoliga kelmagan boʻlardi. Lekin biz mana shunday armiyaga qarshi kurashyapmiz".

Binoga oʻt qoʻyilgan va qorovul yaralangan, garchi toʻplamning katta qismi allaqachon olib chiqilgan boʻlsa-da.

Oʻsha paytdagi AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nafaqat Ukrainani bosib olishga urinayotganini, balki "Ukraina xalqining madaniyati va oʻzligini tom maʼnoda yoʻq qilishga harakat qilayotganini" aytdi.

Bu manzara Ukraina frontining katta qismida takrorlandi, u yerda mahalliy guruhlar milliy merosni Rossiya hujumlaridan himoya qilish uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qildilar.

XVIII asr ukrainalik faylasufi va shoiri Grigoriy Skovorodaga bagʻishlangan muzey Rossiya hujumi natijasida vayron boʻldi

Bu borada muhim rol oʻynagan xalqaro tashkilotlardan biri 2017 yilda Jenevada madaniy merosni muhofaza qilish va tiklash maqsadida tashkil etilgan Aliph jamgʻarmasidir.

Aliph loyiha menejeri Aleksandra Fibigning aytishicha, guruh oʻzlarining eng qimmatli ashyolarini xavfsiz joyga koʻchirishga shoshilayotgan Ukraina muzeylariga millionlab dollar ajratgan.

Bu u "meros tez yordami" deb ataydigan vositalarni ham oʻz ichiga olgan: "Maxsus uskunalar va maxsus guruhlar uchun joyga ega boʻlgan bu mashinalar boshida harbiy harakatlar natijasida shikastlangan muzeylarga koʻp qatnadi".

Endilikda, deydi u, guruhlar shoshilinch ravishda xavfsizroq joylarga koʻchirilgan eksponatlarni yaxshi holatda saqlanishini taʼminlash uchun ularni tekshirmoqda.

Blue Shield International bir nechta urush hududlarida qurolli kuchlar va mahalliy meros rasmiylari bilan shu darajada hamkorlik qiladiki, u madaniyat sohasidagi Qizil Xoch sifatida tanilgan.

Guruhning tezkor ishlar boʻyicha rahbari doktor Emma Kanliffning aytishicha, ukrainaliklar oʻz merosini himoya qilish uchun oʻz hayotlarini xavf ostiga qoʻymoqdalar.

"Ular oʻz hayotlarini xavf ostiga qoʻyib boʻlsa ham, yetkazilgan zararni hujjatlashtirish uchun katta choralar koʻrishmoqda. Toʻgʻrisini aytganda, biz koʻrayotgan narsalardan biri shundaki, hukumat juda koʻp ustuvor vazifalar va ular duch kelayotgan qiyinchiliklarga qaramay, ulkan qadamlar tashlamoqda".

Boshqa mojarolarda ham tinch aholi oʻz madaniyatini himoya qilish uchun shunga oʻxshash qadamlarni qoʻygan.

2015 yilning fevralida ISHID Iroq shimolidagi Mosulda qadimiy haykallar va osori-atiqalarni sindirishdan u shaharning sevimli jamoat kutubxonalarini vayron qilib, yozma merosini talon-toroj qilishga oʻtdi. Ular Markaziy kutubxonani yoqib yuborishdi va minglab kitoblarni — ularning aksariyati shahar tarixidan hikoya qiluvchi nodir qoʻlyozmalar edi — vayron qilishdi yoki oʻgʻirlashdi.

2014 yilda Mosulni egallab olgandan soʻng, ISHID shahar Markaziy kutubxonasidagi kitoblarni yoqib yubordi

"Bular shunchaki kitoblar yoki javonlar emas edi, ular oʻn yillik bilim va tadqiqotlarni ifodalardi hamda Mosul universiteti va keng jamoatchilikning intellektual merosining muhim qismini tashkil etardi... Bir necha kun ichida hamma narsa yoʻq boʻldi", deydi doktor Muhammad Jasim Muhammad al-Hamdaniy. Mosuldagi bosh kutubxona uning hayotida markaziy oʻrin tutgan — shu darajadaki, u hozirda uning direktori hisoblanadi.

"Uning vayron boʻlganini koʻrish oʻzligimning bir qismini yoʻqotgandek tuyuldi. Shahardagi koʻpchilikning Mosul universiteti bilan bogʻliq tarixi bor edi, shuning uchun bu yoʻqotish juda yaqin sezildi. Va shuning uchun Mosulning ushbu qismi ISHIDdan ozod qilinganda, yoshlar, keksalar qoʻllaridan kelgancha narsalarni qutqarish uchun kutubxonaga shoshilishdi".

Madaniy boyliklarni himoya qilish uchun jamoalarning tashabbusni oʻz qoʻllariga olishining teskarisi — oʻsha obʼyektlarning talon-toroj qilinishidir.

Bu ham tarixning boshlanishiga borib taqaladigan urush oqibatidir.

Kanliffning aytishicha, talon-toroj qilish nima uchun sodir boʻlishini tushunish — bu joyga qarab farq qilishi mumkin — muhim birinchi qadamdir: "Bu oʻz navbatida unga tahdid sifatida jiddiy qarash uchun kattaroq sanktsiyalar, kattaroq jinoiy taʼqiblarga olib kelishi mumkin". Uning aytishicha, iloji boricha mahalliy jamoalarga bu ishga yordam berish orqali ular oʻz merosini sotayotganliklarini tushuntirish muhimdir.

Masalan, Iroq va Suriyada ISHID gʻalayoni paytida ham, undan keyin ham bebaho osori-atiqalar sanoat miqyosida talon-toroj qilindi.

Qimmatbaho buyumlar kontrabanda yoʻli bilan olib chiqildi va xorijga, jumladan AQShga sotildi.

AQSh Adliya vazirligi tomonidan olib borilgan koʻp yillik tergov kontrabanda yoʻllarini aniqladi va minglab talon-toroj qilingan osori-atiqalarni Iroqqa qaytarishga olib keldi.

Iroqda bebaho osori-atiqalarni talon-toroj qilish ISHID gʻalayoni paytida kuchaydi

Yevropada va boshqa joylarda muvofiqlashtirilgan koʻp millatli politsiya va bojxona operatsiyalari muntazam ravishda oʻtkazilib, koʻplab oʻgʻirlangan qadimiy ashyolar musodara qilinmoqda va baʼzi kontrabandachilar hibsga olinmoqda.

Ammo bu savdo juda serdaromad boʻlib qolmoqda va koʻplab mojarolar yanada koʻproq imkoniyatlar yaratmoqda.

Sudanda, Xartumdagi milliy muzey 2023 yilda urushayotgan guruhlardan biri — Tezkor harakat kuchlari (RSF) nazoratiga oʻtganida, uning xazinalari talon-toroj qilindi, ular yuk mashinalariga yuklab olib ketildi va koʻrgazma zallari boʻshab qoldi.

Ukraina kabi boshqa mojaro zonalarida boʻlgani kabi, qadimiy ashyolarni qaytarishga harakat qilayotganlarga maxsus treninglar oʻtildi va bu maʼlum darajada muvaffaqiyat keltirdi. Ammo muzey koʻrgazmasining katta qismi — mintaqaning minglab yillik tarixini soʻzlab bergan eksponatlar — butunlay yoʻq boʻlib ketgan boʻlishi mumkin.

Madaniy merosning vayron boʻlishi va talon-toroj qilinishini cheklash vazifasi juda ulkandir.

Xalqaro va davlat darajasida qoidalar mavjud, ammo ularni tezda amaliyotga tatbiq etish juda qiyin — va koʻpincha bunga harakat qilish irodasi ham yoʻq.

Aliph va Blue Shield International kabi tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan mahalliy saʼy-harakatlar kichik miqyosda oʻzgarishlar qilishi mumkin.

Ammo agar — hozirgi vaziyatda boʻlgani kabi — madaniy meros obʼyektini vayron qilgani uchun kimningdir javobgarlikka tortilish ehtimoli nolga yaqin boʻlsa, unda deyarli hech qanday haqiqiy tiyib turuvchi omil yoʻq.

Xolid al-Asʼad Palmira sirlarini ochishdan bosh tortgani uchun oʻldirilgan

"Hisob-kitobni oʻzgartiradigan narsa qattiqroq jazolar emas", deydi doktor Bijan Ruhoniy, "balki ismlarning ochiqlanishi real istiqboli — bu zarbalarga ruxsat bergan komandirlarni hibsga olishga order berish, universal yurisdiktsiya ostidagi milliy sudlarda jinoiy taʼqib qilish va aniq shaxslarga nisbatan maqsadli sanktsiyalar qoʻllashdir. Bu choralar yangi shartnomani talab qilmaydi. Ular davlatlardan oʻzlarida mavjud boʻlgan vositalarni raqiblariga qarshi boʻlgani kabi ittifoqchilariga qarshi ham qoʻllashga tayyor boʻlishlarini talab qiladi".

Toshlarda muhrlangan madaniy oʻtmishni oʻchirishga boʻlgan soʻnggi urinishlar orasida Suriyadagi Palmira hali ham alohida ajralib turadi. ISHID u yerdagi maʼbadlarni portlatib yubordi va agar magʻlub etilmaganida, bundan ham battar ishlarni qilgan boʻlardi.

Bir kishi qarshilik ramziga aylandi. 40 yil davomida arxeolog Xolid al-Asʼad Palmiraning bosh qoʻriqchisi boʻlgan edi. ISHID qadimiy shaharga kelganida u sakson yoshlarda edi.

Ular uni asirga olishdi va eng qimmatli osori-atiqalar qayerga yashirilganini bilish uchun qiynoqqa solishdi. U aytishdan bosh tortganida, ular uni jamoat maydonida boshini kesib, jasadini svetoforga osib qoʻyishdi.

Al-Asʼad butun dunyoda madaniyatni zulmat kuchlaridan himoya qilgan qahramon sifatida sharaflandi. U Suriyada "Fuqarolik xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi va Palmiradagi maktabga uning nomi berildi.

Ammo hech narsa siyosiy murakkabliklardan xoli emas.

Yillar oʻtib, Suriyaning yangi rasmiylari davrida uning nomi maktabdan olib tashlandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.