Harbiylar va Hukumat mojaro xavfi ortib borayotganini aytmoqda, biroq biz bunga ruhan tayyor boʻlmasligimiz mumkin

Urush ufqda koʻrinayotgan boʻlishi mumkin. Biz ruhan tayyormizmi?
Agar Buyuk Britaniya toʻsatdan urush holatida qolsa, nima qilish kerakligini bilarmidingiz? Sizdan nima kutilayotganini tushungan boʻlarmidingiz?
Hukumat hammaning kundalik hayotdagi jiddiy uzilishlarga tayyorgarlik koʻrishni boshlashini istamoqda. U odamlardan konservalangan oziq-ovqat va ichimlik suvi zaxirasini yaratishni, fuqarolik chidamliligini oshirishni va urush ehtimoliga tayyorlanishni talab qilmoqda.
Hukumatning oʻnlab yillar davomida yangilanmagan «urush kitobi» deb ataluvchi hujjati ustida ish boshlandi.
Britaniyaning eng yuqori martabali harbiysi bong urdi. Mudofaa shtabi boshligʻi sir Richard Nayton shu hafta Rossiya tomonidan boʻlayotgan tahdid mamlakat uning qurolli kuchlardagi 35 yillik faoliyati davomidagi «eng xavfli» davrni boshdan kechirayotganini anglatishini aytdi.
Ammo tahdid aynan nimadan iborat? 1940 yilda Germaniyaning Buyuk Britaniyaga bostirib kirish xavfi juda real edi. Shunga qaramay, Rossiya tanklarining Uaytxoll koʻchalarida paydo boʻlish ehtimoli, shubhasiz, juda past.
«Siz tanklardan xavotir olishingiz shart emas», deydi tarixchi Margaret Makmillan, «Urush: Toʻqnashuv bizni qanday shakllantirdi» (War: How Conflict Shaped Us) kitobi muallifi.
«Bu okean tubidagi kabellarning kesilishi. Bu juda koʻp narsalar bogʻliq boʻlgan tizimlarning buzib kirilishidir. Asimmetrik urush, kiberurush ehtimoli juda tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda».
Ammo biz tayyormizmi? Oʻz tuprogʻimizda 80 yil davomida urush boʻlmaganidan keyin, jamiyat sifatida bunga ruhiy jihatdan tayyormizmi? Mudofaa xarajatlarining sezilarli darajada oshishini va bu milliy hayotning boshqa sohalarida talab qilishi mumkin boʻlgan qurbonliklarni qoʻllab-quvvatlashga tayyormizmi? Yoki bu tahdid haqiqat boʻlish uchun juda ishonarsiz tuyulyaptimi?
«Menimcha, biz tinchlik normal holat va u abadiy davom etadi degan fikrga oʻrganib qolganmiz», deydi Makmillan.
«Shuning uchun yoʻq, menimcha, biz ruhan tayyor emasmiz... lekin urush biz oʻylashni xohlagandan koʻra yaqinroq ekanligini anglay boshlaganimizga ishonaman».
1913 yilda britaniyaliklarning poygalarda vaqt oʻtkazayotgani yoki kriket tomosha qilayotgani aks etgan arxiv tasvirlari Birinchi jahon urushi dahshatlarida keyin sodir boʻlgan voqealarga keskin ziddir.
Birinchi jahon urushidan oldingi yoz urushga tayyorgarlikning yoʻqligini ifodalovchi ramzga aylandi.
«Qaysidir maʼnoda, bu hozir 1914 yildan oldingi Edvard davri yozlariga oʻxshaydi, oʻshanda urush haqida koʻp gapirilgan, ammo haqiqatda urushga kirish gʻoyasi shu qadar aql bovar qilmas tuyulganki, unga ishonish qiyin edi va menimcha, biz hozir aynan shunday holatdamiz», deydi nafaqadagi britaniyalik general sir Richard Shirreff, NATOning Yevropadagi Ittifoqchi kuchlari oliy qoʻmondonining sobiq oʻrinbosari.
Yevropa har doim ham urushga bunchalik qarshi boʻlmagan. 1914 yilda harbiy xizmatga qabul qilish boʻlimlari oʻz vataniga xizmat qilishga intiluvchi koʻngillilar bilan toʻlib-toshgan edi. Britaniyada oʻsha avlod imperiya qurish haqidagi qahramonlik hikoyalari bilan ulgʻaygan boʻlib, u yerda urush bitta shonli otliqlar hujumi, tezkor gʻalaba va Rojdestvogacha hammaning uyga qaytishini anglatardi.
Ammo Buyuk urush deb nom olgan voqea tajribasi jamoatchilik ongiga muhrlanib qoldi va bizning jamoaviy xotiramizda yashamoqda.
Buyuk Britaniyada harbiy xizmatga yozilgan har sakkiz kishidan biri Flandriya va Frantsiya, Mesopotamiya va Gallipoli dalalarida halok boʻldi. Omon qolganlar oʻzlarining aql bovar qilmas qaygʻularini minglab urush yodgorliklarini oʻrnatish orqali xotirlashdi. Azob-uqubatlar mamlakatdagi har bir xonadonga kirib bordi.
Urush dahshatlari jamiyatning barcha qatlamlariga taʼsir qildi.
Margaret Makmillanning aytishicha, ushbu toʻqnashuv Yevropaning urushga boʻlgan qarashini tubdan oʻzgartirdi.
«Birinchi jahon urushi tajribasi zamonaviy urushning naqadar dahshatli ekanligini koʻrsatdi... Va urush jozibali boʻlishi mumkin degan fikr shundan keyin hech qachon qaytmadi».
Yevropaliklar, ayniqsa Gʻarbiy Yevropaning yetakchi elitasi oʻnlab yillar davom etgan «ishonchsizlik inqirozi»ga tushib qoldi, deb hisoblaydi asli polshalik boʻlgan amerikalik olim va Florida universiteti Hamilton maktabining strategik tadqiqotlar professori Endryu Michta.
Uning aytishicha, Buyuk Britaniya, koʻplab Yevropa mamlakatlari kabi, ruhiy tayyorgarlikning juda past darajasiga ega va yetakchilar kutilayotgan tahdidlar haqida ochiq gapirmayapti.
«Nemislar oxirgi 30 yil ichida butunlay qurolsizlanishdi. Buyuk Britaniya ham asosan qurolsizlangan va eng muhimi, ruhan. Sodir boʻlayotgan voqealarga hech qanday tayyorgarlik yoʻq, chunki siyosiy elita oʻz jamoatchiligiga vaziyatning jiddiyligini ochiq bayon qiladigan tarzda murojaat qilmayapti», deydi Michta.
1990-yillar boshida Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʻng, koʻplab Yevropa davlatlari Rossiya tahdidi yoʻqoldi deb ishonib, harbiy tayyorgarlikni kamaytirish va mudofaa xarajatlarini keskin qisqartirish bilan oʻnlab yillarni oʻtkazdilar.
Michta Germaniyaning Boltiq dengizi ostidan Rossiyadan Germaniyaga katta miqdorda gaz tashuvchi «Shimoliy oqim» gaz quvurlari orqali Rossiya energiyasiga kuchli qaram boʻlib qolganini Berlin Moskva bilan munosabatlarini siyosiy va iqtisodiy vositalar orqali boshqara olishi haqidagi notoʻgʻri ishonchning isboti sifatida koʻrsatadi.
«Shunday qilib, siz Yevropada elitaning vaziyat qanday va qanchalik tez oʻzgarayotganini ifodalashga xohishi yoki jasorati yoʻqligi sababli 20 yillik tinchlantirish siyosatini boshdan kechirdingiz».
General sir Richard Shirreffning aytishicha, Rossiyaning 2014 yilda Ukrainaga birinchi bostirib kirishi haqiqiy burilish nuqtasi, Moskva oʻzini gʻarb xavfsizligiga doimiy tahdid sifatida koʻrsatgan payt boʻldi.
«Haqiqat shundaki, Rossiya 2014 yildan beri NATO bilan urush holatida ekanligiga ishonadi. Bu anʼanaviy urush emas, balki nishondagi davlatlar yoki ittifoqlarning yaxlitligiga putur yetkazish uchun moʻljallangan urushdir.
«Men ruslarni hech qachon oddiy qabul qilmagan boʻlardim. Ular uchun, masalan, Shpitsbergenni [Norvegiyaning Svalbard arxipelagidagi] egallashga urinish yoki boshqa bilvosita yoʻl bilan NATOni izdan chiqarishga harakat qilish ehtimoldan yiroq emas.
«Shuning uchun biz bunga tayyor boʻlishimiz kerak».
Richard Naytonning aytishicha, bu payt xavf-xatarlarga toʻla.
Mudofaa xarajatlarini oshirish boʻyicha kuchayib borayotgan chaqiriqlar urushning oldini olishning eng yaxshi yoʻli unga — ruhan va harbiy jihatdan — tayyor boʻlishdir degan ishonchga asoslangan. Hamma ham bunga qoʻshilmaydi.
Biz tahdid ostida ekanligimiz haqidagi ishonch markaziy oʻrinda turadi, deydi Birmingem universitetining klinik va jamoatchilik psixologiyasi boʻyicha faxriy professori, psixolog Jim Orford. «Bu men soddalashtirilgan fikrlash deb ataydigan narsadir. Urushga kirish ehtimolini koʻrib chiqish uchun biz soddalashtirilgan tarzda fikrlashimiz kerak. Dushmanlar va qahramonlar nuqtai nazaridan. Biz Rossiyani dushman deb bilishimiz kerak. Barcha bayonlar soddalashtirilgan.
«Urushga [ruhan] tayyor boʻlish birinchi bosqichdir. Urush haqida oʻylash ikkinchi bosqich, urushga kirishish esa uchinchi bosqichdir. Menimcha, biz allaqachon "urush haqida oʻylash" bosqichidamiz».
Michta tasvirlagan bu «ishonchsizlik inqirozi» hamma joyda bir xil emas. Sharqqa qanchalik yaqinlashsangiz va Rossiya chegarasiga qanchalik yaqin boʻlsangiz, odamlar tahdiddan shunchalik ogoh boʻladilar va ruhan tayyorroq boʻlishga moyil boʻladilar.
Shvetsiyada 200 yildan beri urush boʻlmagan. U asrlar davomida neytrallik siyosatiga amal qilib kelgan. Ammo Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishidan soʻng, u bu pozitsiyadan voz kechdi va juda qisqa vaqt ichida Yevropaning ruhiy jihatdan eng tayyor mamlakatlaridan biriga aylandi.
«Rossiyaning xavfli ekanligi oʻz-oʻzidan ayon», dedi Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson oʻtgan oy The Economist jurnaliga bergan intervyusida.
«Biz u [Ukrainadagi urush] qachon tugashini bilmaymiz, lekin uning qanday tugashi dunyoning bizning qismimizdagi xavfsizlik vaziyatini kamida bir avlod uchun belgilab beradi».
Shvetsiyada qisman harbiy xizmat mavjud boʻlib, unga koʻra barcha maktab bitiruvchilari harbiy roʻyxatdan oʻtishlari shart. Qurolli kuchlar eng yaxshi nomzodlarni tanlab oladi va xizmatga chaqiradi. Ushbu chaqiriluvchilar ish yoki oliy taʼlimga, yaʼni fuqarolik hayotiga qaytishdan oldin 15 oygacha majburiy tayyorgarlikdan oʻtadilar. Shu bilan birga, ular mamlakatning katta zaxira kuchlari tarkibiga kiradilar.
«Fuqarolarning ishtiroki juda yuqori», deydi Stokgolmdagi Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi tahlilchisi Minna Alander. «2022 va 2023 yillarda hammaning harbiy xizmatga chaqirilishni xohlashi internetda hazilga aylangan edi. Baʼzida odamlar uzoq vaqt davomida chaqirilmasalar, xafa boʻlishadi. Bu, albatta, kutilayotgan narsa.
«Shvetsiya, masalan, elektr taʼminoti kabi sohalarda tegishli koʻnikmalarga ega boʻlgan va uzilishlar yuz bergan taqdirda jalb qilinishi mumkin boʻlgan fuqarolik muhandislarini aniqlamoqda. Shunday qilib, Shvetsiya nima qilishi mumkinligini va qanday faollashtirilishini [biladigan] fuqarolik muhandislari bazasidan foydalanishi mumkin».
Kristerssondan Ukrainadagi urush tugaganidan keyin ham Rossiyani potentsial tajovuzkor deb hisoblash kerakmi deb soʻralganda, u: «Ha. Bizda bu borada bir necha yuz yillik tajriba bor... Biz Rossiyani juda yaxshi bilamiz», deb javob berdi.
Uchta Boltiqboʻyi respublikasi — Litva, Estoniya va Latviya ham Rossiyani yaxshi biladi. Ular Moskvadan mustaqillikni faqat 1990-yillarda qaytarib olishgan. Germaniya qoʻshinlari 1940-yillarda Litvaga bostirib kirgan edi va hozir ular yana Litva tuprogʻida, bu safar taklifga binoan, sharqdan kelayotgan tahdidga qarshi mamlakat mudofaasini kuchaytirish uchun turibdi. Xuddi shu sababga koʻra Estoniyadagi koʻp millatli kuchlarga ming nafar britaniyalik askar rahbarlik qilmoqda.
Finlyandiya qoʻshinlari Ikkinchi jahon urushi paytida Rossiyaga qarshi qattiq jang qilgan.
Ammo hozirda Yevropaning katta qismi ommaviy ruhiy tayyorgarlik va fuqarolik chidamliligi boʻyicha saboq olish uchun aynan Finlyandiyaga qaramoqda.
Finlyandiyaning mudofaa va xavfsizlikka boʻlgan yondashuvi ham tarixga borib taqaladi. Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan 100 000 shimoliy yevropalik fuqarolarning 90 foizi Finlyandiyadan edi. Ular 1939-40 yillarda Sovet Ittifoqiga qarshi olib borilgan Qish urushida halok boʻlishgan. Bu kichik davlat oʻz gigant qoʻshnisining hujumini qaytardi va oʻz mustaqilligini saqlab qoldi.
Finlyandiya bugungi kunda Rossiya bilan 800 millilik (1287 km) chegaraga ega. Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishidan soʻng, Finlyandiya ham oʻzining tarixiy neytralligidan tezda voz kechdi va Shvetsiya bilan birga NATOga aʼzo boʻldi.
Finlyandiyada erkaklar uchun umumiy harbiy xizmat mavjud boʻlib, baʼzi ayollar ham ixtiyoriy ravishda xizmat qilishadi. Xizmat muddati tugagach, ular Finlyandiyaning zaxira kuchlari tarkibiga kiradilar. Bu professional harbiylar va fuqarolik aholisi oʻrtasidagi farqni kamaytirishga yordam beradi.
«Agar harbiy xizmatga chaqiruv yaxshi tashkil etilsa, u har bir oilani milliy xavfsizlik haqida fikrlashga bogʻlaydi. Bobongiz, katta bobongiz va oʻgʻillaringiz, ularning barchasi bir xil harbiy xizmatga borishadi», deydi nafaqadagi uch yulduzli general Arto Ryatyu, Finlyandiya Mudofaa vazirligining sobiq doimiy kotibi.
«Biz butun jamiyatni harbiylarni qoʻllab-quvvatlashga safarbar etamiz. Har bir shifoxonaning inqiroz davridagi vazifasi bor. Har bir suv taʼminoti idorasining ham. Va qizigʻi shundaki, bugungi kunda Finlyandiyada jamoatchilik eng koʻp ishonadigan tashkilotlar harbiylar, mudofaa kuchlari va politsiyadir. Koʻpgina mamlakatlarda bunday emas».
Finlyandiya harbiylari, shuningdek, jamiyatdagi yetakchilar — deputatlar, hukumat vazirlari, xususiy korxonalar va kommunal xizmatlar rahbarlari, sogʻliqni saqlash tizimi, hatto nodavlat tashkilotlar va cherkovlar uchun har yili bir qator kurslar oʻtkazadi.
«Biz ularni inqirozni boshqarishga oʻrgatamiz, toki ular inqiroz davrida jamiyat qanday ishlashini tushunsinlar. Biz buni 1960 yildan beri har yili amalga oshirib kelyapmiz».
Aholisi 5,5 million kishi boʻlgan Finlyandiya 23 000 kishilik professional mudofaa kuchiga ega. Bu 66 million aholiga ega Buyuk Britaniyaning 70 000 kishilik armiyasi bilan solishtirganda ancha koʻp. Ammo Finlyandiya, shuningdek, 1 millionga yaqin tayyorgarlikdan oʻtgan zaxira kuchiga ega va qisqa vaqt ichida 280 000 kishilik zaxira armiyasini safarbar qila oladi.
Finlyandiya katta tayyorgarlikdan oʻtgan zaxira kuchiga ega.
2025 yilda Finlyandiya yalpi ichki mahsulotining 2,5 foizini mudofaaga sarfladi, bu Buyuk Britaniyaning oʻsha yili sarflagan 2,3 foizi bilan solishtirish mumkin.
Rossiya bilan anʼanaviy urush ehtimoli juda kam boʻlib tuyulgan bir paytda, Yevropaning qolgan qismi Finlyandiya oʻrnagidan borish xarajatlarini toʻlashi kerakmi?
«70 000 kishilik armiya biz duch kelishimiz kerak boʻlgan urushda shunchaki yetarli boʻlmaydi», deydi general sir Richard Shirreff. «Shuning uchun men qandaydir chaqiruv shaklisiz kerakli harbiy salohiyatni qanday yaratishimiz mumkinligini koʻrmayapman».
Uning aytishicha, Norvegiya modeli Britaniyaning urush haqidagi fikrlashini oʻzgartirishga yordam berishi mumkin.
«U yerda har bir maktab bitiruvchisi harbiy xizmatga roʻyxatga olinadi... va ular bir yillik tayyorgarlikdan oʻtadilar, shundan soʻng universitetga boradilar va keyinchalik ish uchun raqobatlashganda, agar ularning rezyumesida milliy xizmat boʻlsa, ular eng yaxshi nomzodlar sifatida koʻriladi... Bu biz koʻrib chiqishimiz kerak boʻlgan narsadir».
U qoʻshimcha qiladi: «Bu masala siyosiy yetakchilar tomonidan ochiq bayon qilinishi kerak, ular aholining koʻziga tik boqib: "Xavfsiz boʻlishimiz uchun bu amalga oshirilishi kerak", deyishlari lozim».

