Layfstayl

“Nevaramga dadamning ismini qo‘ydim”. Bobur Yo‘ldoshev hayotidagi yangi roli va xorijga ketish imkoniyatidan voz kechgani haqida

“Nevaramga dadamning ismini qo‘ydim”. Bobur Yo‘ldoshev hayotidagi yangi bosqich va xorijga ketish imkoniyatidan nega voz kechgani haqida

Teatr va kino aktyori, rejissyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Bobur Yoʻldoshev YouTubeʼdagi “Shirinsuxan” podkastiga mehmon bo‘ldi. Suhbat davomida u yaqinda nabirali bo‘lgani, nevarasiga Bahodir deb ism qo‘yishgani, sahnalashtirgan har bir spektaklidan keyin albatta 2 haftaga sayohatga chiqishi va otasi 16 yoshidan keyin qo‘liga pul bermagani haqida so‘zlab berdi.

“Nevarali boʻlishim menga notanish hissiyotlarni berdi”

— Nevarali boʻlish umuman boshqacha, menga notanish boʻlgan hissiyotlarni berdi. Oldin hech qachon bunday tuyg‘uni his qilmaganman. Masalan, toʻrt nafar farzandim bor. Ularning har biri tug‘ilganda boshqacha hayajon bo‘lgan. Nevarali boʻlishim esa butunlay boshqa hissiyotlarni berdi. Kelinim chiqib “negadir qornim ogʻriyapti”, degan zahoti oyoqlarim bo‘shashib, o‘zimni tashlab yuboray dedim. Hayajondan o‘zimni zo‘rg‘a ushlab turdim.

O‘sha paytda uyda yolg‘iz edim. Ertalab ishga ketishdan oldin kofe ichayotgandim. “Yaxshimisiz, yaxshi dam oldingizmi?”, desam, mazasi yo‘qligini aytdi. Darhol o‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilib, uyga qaytib kelishini tayinladim. Keyin ularni majburlab shifoxonaga jo‘natdim. Buni o‘ylab, o‘zimni yo‘qotmaslik uchun ishga yugurdim. Baribir ishlay olmadim. Vaqti-vaqti bilan o‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilib, xabar olib turdim. Xudoga behisob shukr, nevaram Bahodir Yoʻldoshev tug‘ildi. Hozircha uni Bahodir aka deb chaqiryapmiz, “Baho” deyish yo‘q, deydi aktyor hazillashib.

“Uydagilar 16 yoshimdan boshlab qo‘limga pul bermasliklarini aytishgan”

— Ilk bor 1995-yilda ishga kirganman. O‘sha paytlar og‘ir davrlar edi. Bu vaqtda o‘zim nimagadir erishishni eplolmasdim. Tabiiyki, onam va dadam yordam berishardi. Lekin 16 yoshga to‘lganimdan so‘ng dadam yoniga chaqirib, bundan keyin qo‘limga pul bermasliklarini aytgan. “Senga jinsi kiyim kerak bo‘lsa, telefon qilasan, men shu kiyimni olib beraman. Ovqat yeging kelsa, ovqatingni olib beraman, lekin qo‘lingga boshqa pul bermayman”, degan. O‘zimning pulimga yashab, hamma narsamni o‘zim eplaganimda 19 yoshda edim, deydi u.

“Ustozning darsga tayyor boʻlmay kelishi eng katta gunohlardan bittasi”

Aktyor nima uchun pedagoglik faoliyatini yo‘lga qo‘ymaganiga quyidagicha izoh berdi:

— O‘ylashimcha, pedagoglik qiyin bo‘lgan alohida kasb. Chunki dars berishga kelganingda, shogirdlaringga beradigan biliming bo‘lishi kerak. Yana eng katta gunohlardan bittasi ustozning dars berishga tayyor bo‘lib kelmaganidir. Chunki shogirdlaring ikki soatlik darsdan so‘ng boshqa odam bo‘lib chiqishi kerak. O‘rgatadigan biliming shu qadar ko‘p bo‘lishi kerakki, dars oxirida bilmagan narsalarini bilib, savollariga javob olib chiqishi kerak. Ayrim ustozlar darsni boshlaydi-yu, keyin o‘z hayotida bo‘lgan voqealarni eslab, bir nimalarni gapirib ketadi. Bu kimga kerak? Shogirdlarga dars kerak. Shuning uchun darsga tayyor bo‘lib kelmaslik shogirdingning Xudo bergan ikki soatlik umrini o‘g‘irlaganing bo‘ladi. Shu sababli bu katta gunohlar sirasiga kiradi.

“Insonning oʻqigani va koʻrganlari u bilan qoladi”

— Oilamizning bir kattaqo‘rg‘onlik qadrdoni bor, boy-badavlat inson. Dadamning yaqin ukalaridan biri. Dadam olamdan o‘tganidan keyin shu aka bilan ko‘rishib suhbatlashdik. O‘shanda qadrdonimiz dadam bilan bo‘lgan bir suhbatini menga aytib berdi. Dadam bilan bo‘lgan suhbatda mavzu to‘g‘ri kelib qolib, o‘g‘illariga nimalarnidir olib qo‘yganini aytib beribdi. Shunda dadam u kishiga “o‘g‘illaring aqlli bo‘lsa, o‘zlari pulini topib ketaveradi. Agar ular ahmoq bo‘lsa, qoldirgan pulingni ham ketkizadi. Shuning uchun o‘zing yasha, bu sening topgan puling. Bunga yetkazgani uchun Xudoga shukr, deb sayohat qil, dengizga bor, dunyoni ko‘r. Bu yerdan olib ketadiganing faqat ko‘rganing bilan o‘qiganing”, degan ekan.

Men ham sayohatni yaxshi ko‘raman. Pulimni faqat shunga sarflayman. Ishlab, bitta spektaklni chiqarganimdan keyin aniq ikki haftaga qayergadir sayohatga jo‘nab ketaman, deydi Bobur Yo‘ldoshev.

“Imkoniyat boʻlganida ham xorijga ketmaganimga afsuslanmayman”

— To‘g‘risini aytaman, bu hech qanday “paxta” emas, davlatimizning 2016-yildan hozirgacha bo‘lgan rivojlanishi yaxshi hamki xorijga ketmaganimni isbotlayapti. Vaqtida chet elga ketish uchun ko‘p imkoniyatim bo‘lgan. Yaxshiyamki, dadam bundan to‘xtatib qolgan ekan. O‘shanda ulardan xafa bo‘lganman, lekin hozir bu uchun ularga rahmat deyman, deydi Bobur Yo‘ldoshev.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.