Netanyaxu Trampdan Eronga zarba berishni talab qildi — Axios
Isroil bosh vaziri va AQSH prezidenti telefon orqali muloqot qildi. Tramp Eron bilan muzokara olib borish tarafdori, Netanyaxu esa bunga qarshi.

Netanyaxu Trampdan Eronga zarba berishni so‘radi — Axios
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali gaplashib, undan Eronga qarshi zarbalarni qayta boshlashni talab qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, siyosatchilar 31-oktyabr kuni muloqot qilgan. Isroil tomoni suhbatni “keskin”, AQSH tomoni esa “ochiq” deb baholagan. Netanyaxu Trampdan Kongressga oraliq saylovlardan keyin Eronga zarba berishni boshlashni so‘ragan. Biroq AQSH prezidenti hozircha harbiy harakatlar o‘rniga Qatar vositachiligida Tehron bilan olib borilayotgan muzokaralarga imkon berish tarafdori. Netanyaxu esa bu muzokaralardan xavotirda.
Tramp Eronga qarshi avvalgi operatsiyalardan oldin (2025-yil iyun va 2026-yil fevral oylarida) ham ikki yo‘nalishli strategiyaga amal qilgan. Xususan, u kelishuvga erishishga urinib ko‘rgan va shu bilan birga jangovar harakatlarni boshlashga tayyorgarlik ham ko‘rgan. 2026-yil iyun oyida AQSH va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgan, biroq ko‘p o‘tmay har ikki tomon bir-birini tinchlik rejimini buzganlikda ayblagan.
Oktyabr oxirida AQSH Fors ko‘rfazi davlatlarini oraliq saylovlardan keyin mintaqada qisqa, ammo shiddatli harbiy amaliyot o‘tkazishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Shu bilan birga, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Mohsen Rizoiy bilan bog‘lanib, Tehron va Vashington o‘rtasida kelishuvga erishish uchun yetarlicha umumiy nuqtalar bor-yo‘qligini aniqlashga uringan.
Rizoiy yaqinda AQSH Eronning yetti shartini qabul qilgan taqdirdagina muzokaralar boshlanishini aytgan edi. Bu shartlar iyun oyida Islomobodda tuzilgan memorandum mazmunidan farq qiladi. Tehron talablar bajarilmaguncha muzokaralar boshlanmasligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 27-oktyabr kuni Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Natijalarga ko‘ra, Netanyaxu bloki yetakchilikni qo‘lga kiritib, Knessetda 53 ta o‘ringa ega bo‘ldi. Biroq bu hukumat tuzish uchun yetarli emas. Endi partiyalar o‘zaro kelishuvga erishishi kerak. Bu jarayon uzoq davom etishi mumkin.

