Nepaldagi dahshatli suv toshqinida 100 ga yaqin kishi halok boʻldi
Nepalda, Tibet bilan chegara yaqinida yuz bergan suv toshqini oqibatida kamida 95 kishi halok boʻldi. Yuzlab odam, jumladan, 291 nafar xorijiy sayyoh bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda. Toshqin Xitoy nazoratidagi Tibetda ham vayronagarchiliklarga olib keldi.

Nepalda yuz bergan dahshatli suv toshqini oqibatida qariyb 100 kishi hayotdan koʻz yumdi.
BBC xabariga koʻra, 26-avgust kuni suv toshqini sodir boʻlgan hududda boʻlgan kamida 384 nafar sayyoh bilan aloqa uzilgan. Ularning 291 nafari xorijliklar boʻlib, ular orasida yuzdan ortiq Hindiston fuqarosi, 17 nafar Malayziya fuqarosi va 12 nafar Buyuk Britaniya fuqarosi bor.
Nepal tashqi ishlar vaziri Shishir Xanalning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, kutilmagan suv toshqiniga koʻchki sabab boʻlgan. Bu koʻchki esa chorshanba kuni ertalab, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 8:37 da sodir boʻlgan zilzila tufayli yuzaga kelgan.
Germaniyadagi geologiya fanlari tadqiqot markazi boʻlgan Potsdamdagi Gelmgols markazi chorshanba kuni ertalab Nepalda 4,4 magnitudali zilzilani qayd etgan.
Katmandudagi Togʻli hududlarni kompleks rivojlantirish xalqaro markazi xodimi Syangun Chjan va boshqa olimlarning fikricha, suv toshqiniga Nepal tomonidagi Lxende-Kxola daryosiga qor koʻchkisining tushishi sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Nepal TIV rahbarining taʼkidlashicha, vayronagarchiliklar nafaqat Nepalda, balki Xitoyda ham kuzatilmoqda va har ikki davlat oʻz harakatlarini muvofiqlashtirmoqda. Hozirda 70 dan ortiq harbiy va politsiyachi, shuningdek, bojxona va chegara nazorati xodimlari bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda.

