Nepal va Tibetdagi toshqinlar: 3 mingdan ortiq inson bedarak yoʻqolgan
Halokatli toshqinlardan keyin nepallik qutqaruvchilar hozirgacha 734 kishining jasadi topdi. Shuningdek, Nepalda 2 498 kishi bedarak yoʻqolgan, ular orasida GES tunnellarida qamalib qolgan yuzdan ortiq ishchilar ham bor. Tibetda ham yuzlab insonlar bedarak ketgan.

Nepal va Tibetda yuz bergan suv toshqinlari va koʻchkilar natijasida 3 mingdan ziyod inson bedarak yoʻqolgan.
Xitoy hukumati Himolay mintaqasida sodir boʻlgan koʻchki va suv toshqinlaridan soʻng Tibet hududida 23 davlatga mansub 261 nafar chet el fuqarosi bedarak yoʻqolganini eʼlon qildi. Tibetning oʻzida esa qurbonlar soni 16 nafarga yetgan.
Xitoyning Tibet avtonom viloyati rasmiylarining maʼlumotlariga koʻra, bedarak yoʻqolgan xorijliklar orasida eng koʻp – 104 nafari Nepal fuqarolari. Shuningdek, Hindistonning 49 nafar, Latviyaning 33 nafar, AQShning 18 nafar fuqarosi va 15 nafar britaniyaliklar ham bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida bor. Pekin hukumati bu holat haqida xorijiy diplomatik vakolatxonalarni xabardor qilgan.
Chorshanba kuni muzlikning qulashidan beri Xitoy tomoni ilk bor bedarak yoʻqolganlarning fuqaroligi boʻyicha batafsil maʼlumot berdi. Shanba oqshomiga kelib Gyirong okrugida 16 kishi halok boʻlgan va jami 546 kishi bedarak yoʻqolgan.
Nepalda esa qurbonlar soni ortib bormoqda. Nepal favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, chegaraning ularga tegishli qismida kamida 734 kishining jasadi topilgan. Shuningdek, 2 498 kishi bedarak yoʻqolgan boʻlib, ularni qidirish ishlari uchun qariyb 20 ming nafar qutqaruvchi va harbiylar safarbar etilgan. Bugungi kungacha 7 514 kishi qutqarilgani aytilmoqda.
Reuters agentligining xabar berishicha, Nepal umumiy qutqaruv ishlari uchun xorijiy yordamga ehtiyoj yoʻqligini bildirmoqda. Biroq Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lok Bahodur Chxetri mamlakat tunnellar ichidagi qutqaruv ishlari, jasadlarni saqlash uchun muzlatkichli kameralar va DNK testlari oʻtkazish kabi yoʻnalishlarda yordamga muhtoj ekanini taʼkidlagan.

