Nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash ikki barobarga oshiriladi
Kelasi yil 10 ming kishini kasb va nemis tiliga o‘rgatib, Germaniyada ishga joylashtirish belgilandi

Nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash ikki barobarga oshiriladi
Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga «Intil» xalqaro o‘quv markazi tajribasini o‘rganib, kelasi yili har bir hududda yagona migratsiya markazini ochish vazifasi yuklatildi. Shu maqsadda har bir viloyatga 8 milliard so‘mdan ajratiladi. Kelasi yil 10 ming kishini kasb va nemis tiliga o‘rgatib, Germaniyada ishga joylashtirish rejalashtirildi.
– Yoshlarga ingliz tilini qanday o‘rgatayotgan bo‘lsak, nemis tili bo‘yicha ham shunday yondashuv kerak, – dedi Prezidentimiz.
Shu maqsadda kelasi yil maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun 500 nafar til egasi jalb qilinadi. Oliy ta’lim muassasalarida nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini kelasi o‘quv yilidan ikki karra oshirish topshirildi.
Germaniya, Yaponiya va Koreyaning yirik kompaniyalari o‘zlariga zarur mutaxassislarni O‘zbekiston texnikumlarida tayyorlashga qiziqish bildirmoqda. Ular o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, ta’lim muassasalarini jihozlashga sarmoya kiritishga ham tayyor. Prezidentimiz bir oyda 20 ta texnikumni tanlab, kelgusi yildan ularni xorijlik ish beruvchilar talabi asosida kadr tayyorlashga moslashtirishni topshirdi.

