Nega supermarketlarda derazalar o‘rnatilmaydi? Buning sababi sizni xayron qoldirishi aniq

Nega supermarketlarda derazalar o‘rnatilmaydi? Buning sababi sizni hayron qoldirishi aniq
E’tibor berganmisiz, zamonaviy supermarketlarning deyarli hech birida deraza bo‘lmaydi yoki ular juda baland joylashtiriladi? Katta do‘kon binosining arxitektura jihatdan shunday qurilishi oldindan o‘ylangan hiyla hisoblanadi.
**Birinchi sabab: oziq-ovqatni salqin binoda saqlash lozim**
Ba’zi mahsulotlar quyosh nuri ta’sirida sifatini yo‘qotadi. Masalan, Germaniyada qurilgan ilk supermarketlarda derazalar bo‘lgan va ochiq javonlardagi qandolat mahsulotlari ultrabinafsha nurlari ostida eriy boshlagan. Bundan tashqari, mahsulotning o‘zi buzilmasa ham, uning yorlig‘i quyosh ta’sirida oqarib ketadi va yozuvlar o‘chadi. Natijada yaroqlilik muddati yaxshi bo‘lsa ham, mahsulot sotilmay qolishi mumkin.
**Ikkinchi sabab: mahsulotlarni shu tarzda namoyish qilish oson**
Marjin Bisvas ismli arxitektorning tushuntirishicha, derazalarsiz qurilgan bino devorlari mustahkamroq bo‘ladi va javonlarda turli og‘irlikdagi yuklarni ko‘tarishga imkon beradi.
**Uchinchi sabab: derazalarni o‘rnatish qimmatga tushadi**
Derazasiz bino qurish supermarket rahbariyati uchun moliyaviy jihatdan foydaliroq. Chunki issiqlik va ultrabinafsha nurlanish ta’sirini kamaytiradigan maxsus oynalarni o‘rnatish katta xarajat talab qiladi. Qurilish xarajatlarini tejashni ma’qul ko‘radigan tadbirkorlar supermarket binosini derazasiz qurishni afzal biladi.
**To‘rtinchi va eng asosiy sabab: bu sizni ko‘proq mahsulot sotib olishga undaydi**
Supermarketga kirgan odam go‘yo tashqi dunyodan uzilib, boshqa bir makonga tushib qolgandek bo‘ladi: tashqarida yog‘ayotgan yomg‘ir, mashinada o‘tirib onasining qaytishini kutayotgan bolalar kabi narsalar ularni xarid qilishdan chalg‘itmaydi. Barcha diqqat mahsulotlarga qaratiladi. Javonlarda bir tekis va chiroyli taxlangan oziq-ovqat mahsulotlari esa ko‘zni quvnatadi va natijada biz rejalashtirgandan ko‘ra ko‘proq, hatto ortiqcha mahsulotlarni xarid qilamiz.
Shu sababli, keyingi safar supermarketga borganda rejalashtirilmagan xaridlar qilmaslik uchun psixologlar telefonga budilnik o‘rnatish va kerakli mahsulotlar ro‘yxatini oldindan tuzishni tavsiya qiladi.

