Neft konlari boʻyicha Saneg'ga berilgan litsenziyalar bekor qilingan – Davaktiv rahbari
Sohibjon Murodov Oʻzbekistondagi koʻplab neft konlari qanday qilib Saneg tasarrufiga oʻtib qolganiga izoh berdi va korxonaga berilgan litsenziyalar hozirda bekor qilinganini maʼlum qildi, chunki “konlar xoʻjalik aylanmasiga kiritilmagan va litsenziya shartlari bajarilmagan”. Shuningdek, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi ham xususiylashtirish toʻlovi vaqtida toʻlanmagani uchun Saneg'dan qaytarib olingan.

Neft konlari boʻyicha Saneg'ga berilgan litsenziyalar bekor qilingan – Davaktiv rahbari
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov Oʻzbekistondagi bir qator neft konlarining “Sanoat energetika guruhi” (Saneg) tasarrufiga qaysi asosda oʻtkazilgani yuzasidan izoh berdi. Uning aytishicha, mazkur konlarga berilgan litsenziyalar bekor qilingan.
8-oktabr kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri mamlakatdagi strategik ahamiyatga ega neft konlari nega ochiq savdolarsiz xususiy kompaniyaga berilgani haqida savol berdi.
Murodovning tushuntirishicha, neft konlarining oʻzi xususiylashtirilmagan, Saneg'ga faqat yer qaʼridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar taqdim etilgan.
“Konlarning oʻzi xususiylashtirilmaydi, chunki ular tabiiy resurs hisoblanadi. Bizda yer qaʼridan foydalanish huquqi beriladi, yaʼni litsenziya ajratiladi. Saneg kompaniyasiga ham aynan yer qaʼridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar taqdim etilgan. Bunday amaliyot boshqa kompaniyalarda ham mavjud”, - dedi agentlik direktori.
Sohibjon Murodovning soʻzlariga koʻra, avval yer qaʼridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalarni olish tartibi hozirgidan boshqacha boʻlgan. Vazirlar Mahkamasining 133-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, oldingi amaliyotda yer qaʼri uchastkasidan foydalanish uchun birinchi boʻlib murojaat qilgan shaxs belgilangan toʻlovlarni amalga oshirish orqali litsenziya olishi mumkin edi.
Keyinchalik bu tartib oʻzgartirilib, uglevodorod konlaridan foydalanish huquqini autsion orqali berish mexanizmi joriy etildi.
“Avvalgi amaliyotda kon boʻyicha litsenziya olish uchun birinchi murojaat qilgan shaxs qonunchilikda belgilangan toʻlovni amalga oshirib, yer qaʼridan foydalanish huquqini olishi mumkin edi.
Keyinchalik yangi amaliyot kiritildi. Uglevodorodlar boʻyicha ham litsenziya berish huquqi autsionga oʻtkazildi. Bu tartib 2023–2024-yillardan boshlab joriy etildi. Ungacha litsenziyalarni toʻgʻridan toʻgʻri olish amaliyoti mavjud boʻlgan”, – dedi Davaktiv rahbari.
Uning aytishicha, hozirda bu litsenziyalar bekor qilingan.
“Menga maʼlum boʻlishicha, litsenziya olingan konlar xoʻjalik aylanmasiga kiritilmagani va litsenziya shartlari bajarilmagani sababli bugungi kunda bu litsenziyalar bekor qilingan.
Hozir Geologiya vazirligi tomonidan ushbu konlardan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda”, – dedi agentlik rahbari.

