“Navro‘z” bog‘i yonidagi yer uchastkalari auksionga qo‘yildi. Hududning bir qismida jamoat bog‘i tashkil etilishi belgilangan
Toshkent shahridagi Sharof Rashidov ko‘chasida, 'Navro‘z' bog‘i va Germaniya elchixonasi yaqinida joylashgan umumiy maydoni 3,2 gektar bo‘lgan ikkita yer uchastkasi E-Auksion savdolariga qo‘yildi. Vaholanki, hukumat qaroriga muvofiq, mazkur hududning bir qismida jamoat bog‘i tashkil etilishi belgilangan.

“Navro‘z” bog‘i yonidagi yer uchastkalari auksionga chiqarildi. Hududning bir qismida jamoat bog‘i barpo etilishi belgilangan
Toshkentdagi “Navro‘z” bog‘i hamda Germaniya elchixonasi yaqinidagi hudud E-Auksion elektron savdo platformasida ikki lot ko‘rinishida sotuvga qo‘yildi.
Auksion ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi lot Sharof Rashidov ko‘chasi, 13-uy manzilida joylashgan. U 38 kvadrat metrlik noturar bino va 2 gektar yer uchastkasidan iborat. Boshlang‘ich narxi 436,3 mlrd so‘m etib belgilangan.
Sharof Rashidov ko‘chasi 13A-uy manzilidagi ikkinchi obyekt esa 10 kvadrat metrlik bino va 1,2 gektar yer uchastkasidan iborat bo‘lib, qariyb 223,9 mlrd so‘mga baholangan.
Shu tariqa, ikki lotning umumiy boshlang‘ich narxi qariyb 660,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.
E-Auksion platformasida obyektlar noturar binolar sifatida ko‘rsatilgan. Ammo lotlarga biriktirilgan pasportlarda ular “noturar bino (“Navro‘z madaniyat va istirohat bog‘i)” deb qayd etilgan.
Lotlardan biriga Sharof Rashidov ko‘chasi 13-uy manzilidagi obyektni baholash hisoboti ham ilova qilingan. Unda baholanayotgan obyekt “Navro‘z” madaniyat va istirohat bog‘ining ko‘chmas mulki ekani yozilgan. Hujjatda baholashdan ko‘zlangan maqsad obyektni ochiq savdolar orqali sotish ekani ko‘rsatilgan.
Xususiylashtirishga prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi PF-177-sonli farmoni asos qilib olingan. Har ikki obyekt farmonning 3.14-ilovasiga 39 va 40-raqamlar bilan kiritilgan. Ushbu ilovada 2026−2027-yillarda ochiq savdolarga chiqarilishi belgilangan Toshkent shahridagi davlat ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxati berilgan.
Hujjatda ikkala obyektning balansda saqlovchisi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi ko‘rsatilgan.
Biroq xususiylashtirish haqidagi farmonda ushbu obyektlarning “Navro‘z” bog‘iga aloqadorligi tilga olinmagan.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi obyektlarning sotuvga qo‘yilishiga izoh berar ekan, ulardan birining yer uchastkasida jamoat bog‘i tashkil etilishi kerakligini ma’lum qildi.
Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 83-sonli qarorida nazarda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, Toshkentning to‘qqizta tumanida umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan jamoat bog‘larini tashkil etish belgilangan.
Qaror ilovasida shunday hududlardan biri sifatida Yunusobod tumanidagi “Matonat” mahallasida joylashgan 1,6 gektar yer uchastkasi ko‘rsatilgan. Uning chegaralari geografik koordinatalar orqali belgilangan.
“Bu hududda hukumat qaroriga muvofiq jamoat bog‘i tashkil etilishini ta’minlash zarur”, — deya ta’kidladi Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi.
E-Auksion platformasidagi har ikki lot ma’lumotlarida yer uchastkalaridan foydalanishning asosiy yo‘nalishi sifatida xizmat ko‘rsatish faoliyati belgilangan. Biroq savdo shartlarida 1,6 gektar maydonda jamoat bog‘i tashkil etish talabi mavjud emas.

