Navoiy va Chirchiq aholisi eksperiment doirasida daromadlari va xarajatlarini deklaratsiya qiladi
Oʻzbekistonda Navoiy va Chirchiqning voyaga yetgan aholisi, shuningdek, soliq organlari xodimlarining yillik daromadlari va xarajatlarini deklaratsiya qilish boʻyicha eksperiment yoʻlga qoʻyiladi. Tartib Vazirlar Mahkamasining 19 oktyabrdagi 574-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Hujjatga koʻra, ishtirokchilar 2026 va 2027 yillar uchun deklaratsiyalarni elektron soliq xizmatlari portali yoki Soliq mobil ilovasi orqali topshirishlari kerak boʻladi. 2026 yil uchun maʼlumotlarni topshirish muddati […]

Navoiy va Chirchiq aholisi tajriba doirasida daromadlari va xarajatlarini deklaratsiya qiladi
Oʻzbekistonda Navoiy va Chirchiq shaharlarining voyaga yetgan aholisi, shuningdek, soliq organlari xodimlarining yillik daromadlari va xarajatlarini deklaratsiya qilish boʻyicha tajriba boshlanadi. Tegishli tartib Vazirlar Mahkamasining 19 oktyabrdagi 574-sonli qarori bilan tasdiqlangan.
Hujjatga koʻra, ishtirokchilar 2026 va 2027 yillar uchun deklaratsiyalarni elektron soliq xizmatlari portali yoki Soliq mobil ilovasi orqali topshirishlari kerak boʻladi. 2026 yil uchun maʼlumotlarni taqdim etish muddati 2027 yil 1 aprelgacha, 2027 yil uchun esa 2028 yil 1 aprelgacha etib belgilangan.
Navoiy va Chirchiqda tajriba doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan voyaga yetgan fuqarolarga taalluqli boʻladi. Talablar tegishli hisobot yilida roʻyxatdan oʻtgan joyida olti oydan kam yashagan yoki soliq organlarida olti oydan kam ishlagan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Deklaratsiyalarda ish haqi, mulkdan olingan daromadlar, moddiy naf va Soliq kodeksida nazarda tutilgan boshqa tushumlarni koʻrsatish kerak boʻladi. «Elektron hukumat» tizimi orqali olish mumkin boʻlgan maʼlumotlar avtomatik ravishda yuklanadi.
Ishtirokchilarning xarajatlari davlat organlari maʼlumotlari, elektron hisob-fakturalar va Soliq’da roʻyxatdan oʻtkazilgan fiskal cheklar asosida shakllantiriladi. Roʻyxatga koʻchmas mulk, avtomobillar, qimmatbaho buyumlar, sanʼat asarlari, qimmatli qogʻozlar va kompaniyalardagi ulushlarni xarid qilish, shuningdek, soliqlar, kommunal xizmatlar va kreditlar boʻyicha toʻlovlar kiradi.
Deklaratsiyani topshirishdan oldin ishtirokchilar kiritilgan maʼlumotlarni tekshirishlari, zarur hollarda ularga tuzatish kiritishlari va hujjatni nazarda tutilgan identifikatsiya usuli bilan tasdiqlashlari kerak boʻladi. Agar xatoliklar aniqlansa, aniqlashtirilgan deklaratsiyani topshirish mumkin. Soliq organlari topshirish muddati yaqinlashayotgani haqida kamida bir oy oldin eslatishlari shart.
Qarorda koʻrsatilishicha, tajriba yakunlari boʻyicha aniqlashtirilgan soliq bazasiga qoʻshimcha soliqlar hisoblanmaydi va huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilmasligi kerak. Soliq kodeksining 393-moddasida koʻrsatilgan daromadlar bundan mustasno. Olingan maʼlumotlar maxfiy boʻlib qolishi kerak.
2028 yil 1 mayga qadar Soliq qoʻmitasi hukumatga tajriba yakunlari va ushbu amaliyotni butun mamlakat boʻylab ommalashtirish mumkinligi toʻgʻrisida takliflar kiritishi kerak.

