Navoiy va Chirchiq shaharlari aholisidan yillik deklaratsiya soʻraladi
Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy roʻyxatdan oʻtgan, 18 yoshdan katta jismoniy shaxslar tajriba-sinov tariqasida 2026 va 2027-yillardagi jami daromadlari va xarajatlari haqida Soliq ilovasi yoki my3.soliq.uz portali orqali deklaratsiya topshiradi – hukumat qarori bilan buning tartibi belgilandi. Deklaratsiya natijasida aniqlashtirilgan soliq bazasiga huquqiy taʼsir choralari qoʻllanmaydi.

Navoiy va Chirchiq shaharlari aholisi yillik deklaratsiya topshiradi
Navoiy va Chirchiq shaharlari aholisi tajriba-sinov tariqasida jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish tartibi belgilandi. Bu haqdagi hukumat qarori 20-oktabr kuni eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi qaroriga muvofiq, soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish belgilangan edi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabr kungi qarori bilan esa buning tartibini belgilovchi vaqtinchalik maʼmuriy reglament tasdiqlandi.
Qarorga koʻra, deklaratsiya 2026–2027-yillarda olingan daromadlar boʻyicha Soliq qoʻmitasining Elektron soliq xizmatlari portali (my3.soliq.uz) va “Soliq” mobil ilovasi orqali taqdim etiladi.
Deklaratsiyani Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan, 18 yoshdan katta jismoniy shaxslar topshiradi. Bu ikki shaharda hisobga qoʻyilganiga olti oy toʻlmagan shaxslar hamda hisobot yilida soliq organiga ishga qabul qilingan xodimlar deklaratsiya topshirmaydi.
2026-yil uchun deklaratsiya 2027-yilning 1-aprelidan kechiktirmay, 2027-yil uchun deklaratsiya esa 2028-yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etilishi kerak. Soliq organi muddatidan kamida bir oy oldin xabarnoma yuboradi.
Deklaratsiyada mehnatga haq toʻlash tarzidagi, mulkiy, moddiy foyda tarzidagi va boshqa daromadlar (Soliq kodeksining 371, 375, 376 va 377-moddalari); koʻchmas mulk, koʻchar mulk va majburiyatlar (soliqlar, kommunal xizmatlar va kreditlar) koʻrsatiladi.

