NATO va AQSH razvedka markazlari joylashgan bazaga kirgan ikki kishi ushlandi
Buyuk Britaniyada NATO va AQSH razvedka markazlari joylashgan Moulsvort harbiy bazasi hududiga kirgan ikki nafar Latviya fuqarosi ushlandi. Politsiya ularni mamlakat manfaatlariga zarar yetkazish maqsadida taqiqlangan obyektga kirganlikda gumon qilmoqda.

NATO va AQSH razvedka markazlari joylashgan bazaga kirib olgan ikki kishi qoʻlga olindi
Hodisa 8-oktabrga oʻtar kechasi Kembrijshir grafligidagi RAF Molesworth bazasida yuz bergan. Qoʻlga olingan erkaklar 32 va 36 yoshda boʻlib, Buyuk Britaniyada yashaydi.
Politsiya bergan maʼlumotga koʻra, xavfsizlik patruli avval baza yaqinida tashlab ketilgan avtomobilni aniqlagan. Keyin obyekt atrofidagi toʻsiq shikastlangani maʼlum boʻlgan. Ikki erkak baza hududi ichidan topilib, hibsga olingan.
Ular dastlab taqiqlangan hududga ruxsatsiz kirish va mulkka zarar yetkazish gumoni bilan ushlangan. Keyinroq ularga nisbatan Buyuk Britaniya manfaatlariga zarar yetkazish maqsadida taqiqlangan obyektga kirish gumoni boʻyicha ham chora koʻrilgan.
Hodisani terrorizmga qarshi kurash politsiyasi tekshirmoqda. Gumonlanuvchilarning aniq maqsadi tergov jarayonida aniqlanmoqda.
Ferforddagi hodisa bilan bogʻliqlik topilmadi
Politsiya hozircha ushbu voqeani sentabr oxirida Ferford aviabazasi yaqinida yuz bergan hodisa bilan bogʻlash uchun asos yoʻqligini bildirgan.
Oʻsha paytda mahalliy aholi vakili baza atrofidagi shubhali harakatlar haqida xabar bergan. Politsiya uchta furgonni tekshirib, ulardan benzin topgan. Hudud oʻrab olingan, yaqin atrofdagi qishloq aholisi esa evakuatsiya qilingan.
Ferforddagi holat yuzasidan yetti nafar gumonlanuvchi ushlangan, keyinchalik ularning barchasi muayyan shartlar asosida ozod qilingan.
Shundan soʻng AQSH Ferford bazasidagi B-1 bombardimonchi samolyotlarini olib chiqishga qaror qilgan. Prezident Donald Tramp buni, uning soʻzlariga koʻra, Eron bilan bogʻliq shaxslardan kelayotgan tahdidlar bilan izohlagan.

