Dunyo

NATO Rossiyaning Arktikadagi maxfiy suvosti operatsiyasini toʻxtatgan - Reuters

2026-yil bahorida Buyuk Britaniya, Norvegiya va AQSH Arktikada Rossiyaning muhim suvosti kabellarini ishdan chiqarishga moʻljallangan maxfiy qurolni sinovdan oʻtkazish boʻyicha amaliyotini toʻxtatgan. Bu haqda Reuters Gʻarb hukumatlaridagi manbalariga tayanib xabar berdi.

NATO Rossiyaning Arktikadagi yashirin suvosti operatsiyasini toʻxtatgan — Reuters

Agentlik xabariga koʻra, Rossiya suvosti kemalari Shpitsbergen arxipelagi yaqinida aniqlangan.

Ular dengiz tubidagi muhim aloqa kabellariga zarar yetkazish uchun moʻljallangan va ishlatilgach deyarli iz qoldirmaydigan yangi texnologiyani sinovdan oʻtkazayotgan edi.

Buyuk Britaniya, Norvegiya va AQSH qatnashgan qoʻshma operatsiya chogʻida Rossiya kemalari kuzatuvga olinib, dengizda toʻxtatilgan. Shu sabab ular mashgʻulotni yakunlay olmagan va hududni tark etishga majbur boʻlgan. Reuters manbalariga koʻra, suvosti kabellariga zarar yetmagan, voqea esa amaldagi diversiya emas, balki shunday harakatni amalga oshirishga tayyorgarlik mashgʻuloti boʻlgan.

Agentlik yozishicha, maxfiy operatsiya Rossiya Mudofaa vazirligining Dengiz tubidagi tadqiqotlar bosh boshqarmasi — GUGI kuchlari tomonidan oʻtkazilgan. Mashgʻulotlarda murakkab va katta zarar yetkazish salohiyatiga ega tizimni joylashtirish jarayonini taqlid qilish uchun chuqur suvda harakatlanuvchi maxsus apparatlardan foydalanilgan.

Reuters maʼlumotiga koʻra, keyinchalik Buyuk Britaniya va Norvegiya hukumatlari Moskvaga oʻzlaridagi maʼlumotlarni taqdim etgan. Buning maqsadi Rossiya tomoniga Gʻarb davlatlari yangi texnologiyadan xabardor ekanini koʻrsatish va uni amalda qoʻllashdan qaytarish boʻlgan.

Norvegiya mudofaa vaziri Ture Sannvik qoʻshma operatsiya orqali NATO ittifoqchilari Rossiyaga uning harakatlari yashirin qolmasligi haqida aniq signal berganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, muhim infratuzilmaga qarshi har qanday harakat aniqlanadi va oqibatlarga olib keladi.

Buyuk Britaniya va Norvegiya hukumatlari avvalroq, 2026-yil aprelida Rossiyaning Arktikadagi maxfiy operatsiyasi aniqlangani haqida maʼlum qilgan edi. Biroq oʻsha paytda yangi qurol texnologiyasi, operatsiyaning aniq joyi va unda AQSH ishtirok etgani oshkor qilinmagan.

Reuters shuningdek, AQSH razvedka tahlilchilari Rossiya NATOning kollektiv mudofaa tamoyili — Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi qay darajada ishlashini sinab koʻrishga urinishi mumkinligidan tobora koʻproq xavotir olayotganini yozmoqda.

Agentlik manbalariga koʻra, ehtimoliy bunday operatsiyada suvosti kabellarini ishdan chiqarish muhim rol oʻynashi mumkin. Dengiz tubidan oʻtkazilgan bu kabellar global internet aloqasi, moliyaviy tranzaksiyalar va boshqa strategik kommunikatsiyalar uchun katta ahamiyatga ega.

Shpitsbergen arxipelagini Norvegiyaning materik qismi bilan bogʻlaydigan ikkita optik tolali suvosti kabeli mavjud. Ularning umumiy uzunligi qariyb 1400 kilometr boʻlib, ayrim uchastkalarda 2700 metrgacha chuqurlikdan oʻtadi. Ushbu kabellar orqali, jumladan, dunyodagi yirik yer usti sunʼiy yoʻldosh stansiyalaridan biri — SvalSat qabul qiladigan katta hajmdagi maʼlumotlar uzatiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.