NATO Eronning Yevropa davlatlariga tahdidiga javob qaytardi
NATO Eron Bolgariya va Kiprdagi harbiy ob’yektlarga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlar ortidan alyans a’zolarini himoya qilish uchun har qanday tahdidga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi. Tehron esa Yevropaga ehtimoliy zarbalar haqidagi xabarlarga hozircha munosabat bildirmagan.

NATO Eronning Yevropa davlatlariga tahdidiga javob qaytardi
Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) Eronning Yevropadagi harbiy ob’yektlarga ehtimoliy hujumlari haqidagi ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Alyans vakilining 19-avgust kuni Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, NATO har qanday tahdidga javob berish va a’zo davlatlarni himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga tayyor.
"Bizning tiyib turish va mudofaa strategiyamiz kuchli hamda samarali", - degan ismi oshkor etilmagan NATO vakili.
Bunga qadar Financial Times Eron AQSh bilan mojaro yana keskinlashgan taqdirda Yevropadagi ayrim ob’yektlarga zarba berish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy nishonlar orasida Kipr va Bolgariyadagi ob’yektlar ham bor.
Bolgariya iyul oyida AQShga mamlakatdagi aviabazadan samolyotlarga yonilg‘i quyish maqsadida foydalanishga ruxsat bergan. Kiprda esa Buyuk Britaniyaning harbiy aviabazalari joylashgan.
The New York Times manbalariga tayanib, Eron Ukrainadagi portlardan biriga zarba berish variantini ham ko‘rib chiqqanini yozgan. Nashrga ko‘ra, bunday ehtimoliy hujum Kaspiy dengizida Eron kemasiga Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan berilgan zarbaga javob sifatida muhokama qilingan. Biroq keyinchalik Tehron bu rejadan voz kechgani aytilmoqda.
Eron rasmiylari Yevropadagi nishonlarga ehtimoliy zarbalar haqidagi so‘nggi xabarlarni izohlamadi. Shu bilan birga, 19-avgust kuni Eron oliy harbiy qo‘mondonligi vakili general Ali Abdullohi Aliobodiy AQSh bilan hamkorlik qilayotgan Fors ko‘rfazi davlatlariga navbatdagi ogohlantirish bilan chiqdi.
U ushbu mamlakatlarni Vashingtonga Eron hududiga zarbalar berishda yordam ko‘rsatayotganlikda aybladi.
Bu bayonot Birlashgan Arab Amirliklari Eron bilan barcha savdo, tijoriy almashinuv va moliyaviy operatsiyalarni keyingi xabarga qadar to‘xtatishga qaror qilganidan so‘ng yangradi.
BAA rasmiylari Tehronni mamlakat yo‘nalishida ikkita raketa uchirganlikda ayblab, hujumdan ko‘zlangan maqsad dengiz qatnoviga zarba berish bo‘lganini bildirgan. Eron esa ushbu ayblovlarni rad etgan.

