«Narxlar har doim ham oʻsavermaydi». Markaziy bank Oʻzbekistonda arzonlashgan tovarlarga misollar keltirdi
Oʻzbekistonda isteʼmol savatidagi taxminan 75% pozitsiyalar boʻyicha narxlarning oʻsish surʼati sekinlashdi, dedi Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov. Uning soʻzlariga koʻra, inflyatsiya tezlashayotgan tovarlar va xizmatlar ulushi 2025 yil iyunidagi 45% dan 25% gacha qisqardi. Narxlarga raqobat va import taʼsir koʻrsatmoqda.

«Narxlar har doim ham oshmaydi». Markaziy bankda Oʻzbekistonda arzonlashgan tovarlar nomlari aytildi
Oʻzbekiston isteʼmol savatiga kiruvchi aksariyat tovar va xizmatlar boʻyicha narxlarning oʻsish surʼati sekinlashmoqda. Bu haqda 4 noyabr kuni asosiy stavka va 2027−2029 yillarga moʻljallangan pul-kredit siyosati boʻyicha qarorga bagʻishlangan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Ochilov maʼlum qildi.
«Oʻzbekiston ovozi» gazetasi jurnalistining savoliga javob berar ekan, Ochilov Oʻzbekistonda narxlar oshganidan keyin deyarli hech qachon pasaymaydi, degan firga qoʻshilmadi.
Jurnalist yoqilgʻi, elektr energiyasi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishda davom etayotganiga eʼtibor qaratdi. U ushbu kategoriyalarda narxlarning oʻsishi saqlanib qolayotgan bir sharoitda Markaziy bank asosiy stavkani qanday qilib pasaytirishni rejalashtirayotganini soʻradi.
Javob tariqasida MB rahbari oʻrinbosari vaziyat muayyan tovar yoki xizmatga bogʻliq ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, hozirda isteʼmol savatining katta qismi boʻyicha narxlar oʻsishining sekinlashishi kuzatilmoqda.
«Isteʼmol savati 517 ta pozitsiyani oʻz ichiga olishini ilgari ham aytgandik. Ularning 40 foizini xizmatlar tashkil etadi. Shu sababli narxlar hech qachon pasaymaydi, degan taʼkidga yanada sinchkovlik bilan qarash talab etiladi. Eng avvalo, valyuta kursini misol qilib keltirish mumkin. Bundan ikki yil oldin hech kim dollar kursi 11 900 soʻmgacha tushishi mumkinligini kutmagan edi. Uning 12 700−12 800 soʻmgacha koʻtarilgan davrlari boʻlgan», — dedi u.
U shuningdek, 2025 yil iyul oyida isteʼmol savatidagi pozitsiyalarning taxminan 45 foizida narxlar oʻsishining tezlashishi kuzatilganini, hozirda esa ularning ulushi 22−25 foizgacha kamayganini maʼlum qildi.
«Qolgan 70−75 foiz tovarlar boʻyicha narxlar oʻsishi sekinlashdi. Isteʼmol savatidagi barcha 517 ta pozitsiya bir vaqtning oʻzida qimmatlashadi yoki arzonlashadi, deb boʻlmaydi. Ular boʻyicha turlicha dinamika kuzatilmoqda», — deya tushuntirdi MB raisi oʻrinbosari.
Narxlarning real pasayishiga misol tariqasida Ochilov oʻsimlik yogʻini keltirib oʻtdi.
«Pandemiyadan soʻng oʻsimlik yogʻi narxi litri uchun 30−35 ming soʻmgacha yetgan edi. Hozir bozorda 18, 19 va 22 ming soʻmdan yogʻ bor. Biz bu dinamikani oʻzimiz oʻrgandik va narxlarning pasayishini kuzatdik», — dedi u.
Ochilov bu kabi oʻzgarishlarni, jumladan, iqtisodiyotning ochiqligi va raqobatning rivojlanishi bilan bogʻladi.
Uning soʻzlariga koʻra, agar muayyan tovar narxi oshsa, import uchun imkoniyatlar mavjud boʻlgan taqdirda, tadbirkorlar uni boshqa mamlakatlardan yetkazib berishni koʻpaytirishlari mumkin. Taklifning ortishi va raqobat, oʻz navbatida, narxlarning pasayishiga olib kelishi mumkin.
«Narxlar hech qachon pasaymaydi, degan taʼkid ochiq iqtisodiyot sharoitlariga unchalik mos kelmaydi. Agar biror-bir tovar qimmatlashsa, import uchun sharoitlar ochiq boʻlsa va bojxona tariflarining taʼsiri minimal boʻlsa, uni boshqa mamlakatlardan olib kirishni boshlashadi. Raqobat sharoitida bu bevosita narxlarning pasayishiga xizmat qiladi», — deya tushuntirdi MB raisi oʻrinbosari.
Uning baholashicha, oʻxshash jarayonlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar oʻrtasida raqobat kuchayayotgan kiyim-kechak va boshqa nooziq-ovqat tovarlari bozorida ham yuz bermoqda.
Ochilov taksi bozorini yana bir misol tariqasida keltirdi. Uning soʻzlariga koʻra, ayrim hollarda yangi agregatorlarning paydo boʻlishi yirik ishtirokchilarni tariflarni pasaytirish tomoniga qarab qayta koʻrib chiqishga majbur qildi.
U raqobat hatto yoqilgʻi qimmatlashuvining ikkilamchi oqibatlarini ham jilovlashga qodirligini taʼkidladi, chunki kompaniyalar har doim ham qoʻshimcha xarajatlarni isteʼmolchilar zimmasiga toʻliq yuklay olmaydilar.
Shu bilan birga, Ochilov asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bozorida vaziyat murakkabligicha qolayotganini tan oldi.
Uning soʻzlariga koʻra, ayrim oziq-ovqat kategoriyalarida narxlarning oʻsishi 8−10 foizga yetmoqda. Xususan, goʻsht taklifini oshirish koʻproq vaqt talab etadi, chunki chorvachilik ishlab chiqarishini tezda kengaytirishning imkoni yoʻq.
MB rahbari oʻrinbosari hukumatning oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlash, jumladan, goʻsht mahsulotlari importida transport xarajatlarini qoplash, kreditlar va imtiyozlar ajratish boʻyicha chora-tadbirlarini eslatib oʻtdi.
Shu bilan birga, u parrandachilikda kuzatilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni qayd etdi, bu esa, uning baholashicha, tovuq goʻshti narxini barqarorlashtirishga yordam bermoqda.
Ochilov isteʼmol narxlari dinamikasiga nafaqat pul-kredit sharoitlari, balki raqobat darajasi, bozorlarning rivojlanishi va tadbirkorlarning tovarlar taklifini tezkorlik bilan oshirish qobiliyati ham taʼsir qilishini taʼkidladi.
«Umuman olganda, isteʼmol savatidagi taxminan 70 foiz tovarlar boʻyicha narxlarning oʻsish surʼati sekinlashdi. Bu inflyatsiya tarkibida ijobiy tendentsiyalar kuzatilayotganini anglatadi… Bizning asosiy vazifamiz — [narxlar oʻsishining] ikkilamchi effektlari tarqalishining oldini olish va iqtisodiyotning muvozanatliligiga xizmat qiluvchi kreditlash sharoitlarini yaratishdir», — dedi u.
, 2026 yilning sentyabr oyida yillik inflyatsiya oʻtgan yilning sentyabridagi 8 foiz va avgustdagi 6,2 foizga nisbatan 6,4 foizni tashkil etdi.
Sentyabr oyida oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasi 6,3 foizni, nooziq-ovqat tovarlari — 5,8 foizni, xizmatlar sohasida — 7 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya 5,5 foiz darajasida saqlanib qoldi.
4 noyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Ochilov sentyabr oyida inflyatsiyaning tezlashishi eng avvalo meva va sabzavotlarning mavsumiy qimmatlashishi, yoqilgʻi va ayrim xizmatlar narxining oshishi bilan bogʻliq boʻlganini tushuntirdi.
Oʻsha kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyator buni saqlanib qolayotgan yuqori ichki talab va inflyatsion xavf-xatarlar bilan izohladi. MBning bazaviy stsenariysiga koʻra, umumiy inflyatsiya 2027 yilning ikkinchi yarmida 5 foizlik maqsadli darajaga yaqinlashishi, 2028—2029 yillarda esa ushbu belgi atrofida boʻlishi kerak.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bir oy davomida limon va apelsin (12,1 foizdan), mandarin (11,9 foiz), uzum (5,6 foiz) va kabachki (3,7 foiz) narxlari eng koʻp arzonlashdi. shuningdek, teatr xizmatlari (2,9 foiz), olma (2,4 foiz), banan (1,7 foiz), shakar (1 foiz) va tsement (0,9 foiz) arzonlashdi.
Shu bilan birga, yangi uzilgan pomidor (14,2 foiz), bodring (13,5 foiz) va sabzi (12,4 foiz) eng sezilarli darajada qimmatlashdi. shuningdek, davlat maktabgacha taʼlim xizmatlari (6,8 foiz), yuridik xizmatlar (6,6 foiz), oliy oʻquv yurtlarida kontrakt asosida oʻqish (6,3 foiz), kartoshka (5,5 foiz) va tuxum (5,3 foiz) narxi oshdi. Avtomobillar uchun propan va AI-95 benzini 4,2 foizdan qimmatlashdi.

