Narwhal aviabazalarga zarba berish boʻyicha birinchi oʻrinni oldi
Chexiyaning LPP Holding kompaniyasi ishlab chiqqan, Narwhal qanotli raketaci asosida qurilgan uzoq masofali zarba tizimi NATOning 19-NATO Innovation Challenge tanlovida birinchi oʻrinni egalladi.

Narwhal aviabazalarga zarba berishda yetakchi deb topildi
Varshavada boʻlib oʻtgan tanlovda kompaniya GPS signalisiz ham harakatlana oladigan va kuchli radioelektron kurash sharoitida ish qobiliyatini saqlab qoladigan avtonom zarba platformalari oilasini namoyish etdi.
Tanlov oldidagi vazifa oddiy aviabaza yoki uchish-qoʻnish yoʻlagini bir martalik nishonga olishdan ancha murakkabroq edi. NATO dushman aerodromiga shunchaki zarar yetkazish emas, balki uning faoliyatini uzoq muddatga falaj qilishi mumkin boʻlgan arzon va keng miqyosda qoʻllanadigan tizimlarni izlagan.
Buning sababi shundaki, uchish-qoʻnish yoʻlaklari nisbatan tez taʼmirlanadi. Samolyotlarni boshqa maydonlarga tarqatish, yoqilgʻi va oʻq-dori zaxiralarini koʻchirish ham mumkin. Shu bois bitta zarba aviabaza faoliyatini faqat qisqa vaqtga toʻxtatib qoʻyishi ehtimol.
NATO tanlovida esa aerodromning bir vaqtning oʻzida bir nechta muhim boʻgʻinini — uchish-qoʻnish yoʻlaklari, yoqilgʻi obyektlari, taʼmirlash infratuzilmasi, oʻq-dori omborlari, havo mudofaasi vositalari va boshqa elementlarni qayta-qayta ishdan chiqaradigan kompleks yechim talab qilingan.
Gʻolib loyihaning eng muhim elementlaridan biri — Narwhal. Manbaga koʻra, u Chexiyada ishlab chiqilgan ilk qanotli raketa boʻlib, yaqinda sinovlarni yakunlagan.
Yerdan uchiriladigan raketaning uzunligi taxminan 4 metr. U Chexiyada ishlab chiqarilgan reaktiv dvigatel bilan jihozlangan va past balandlikda soatiga taxminan 750 kilometr tezlikda uchishi mumkin.
Kompaniya Narwhalʼning jangovar yuk va parvoz masofasi bilan farqlanadigan bir nechta variantini ishlab chiqqan.
Asosiy variant 120 kilogrammgacha portlovchi moddani 680 kilometrgacha olib bora oladi. Yengillashtirilgan, 40 kilogrammlik jangovar yukli variantda esa parvoz masofasi taxminan 730 kilometrgacha oshadi.
Narwhalʼning NATO tanlovi uchun eng muhim xususiyatlaridan biri uning navigatsiya tizimi hisoblanadi.
Raketa vizual navigatsiya va yer relefini kuzatib borish texnologiyasidan foydalanadi. Bu unga doimiy GPS signaliga bogʻliq boʻlmasdan parvoz qilish imkonini beradi.
Shu tariqa, GPS signallari toʻsib qoʻyilgan yoki soxtalashtirilgan kuchli radioelektron kurash sharoitida ham raketa oʻz vazifasini bajarish imkoniyatini saqlab qolishi koʻzda tutilgan.

