Dunyo

«Nanotyrannus» skeleti Nyu-Yorkdagi auktsionga 4,5 million funt sterling bahoda qoʻyildi

Noyob skeletning auktsionga qoʻyilishi dinozavr qoldiqlari xususiy qoʻllarda qolishi yoki ommaviy namoyish etilishi kerakligi boʻyicha ilmiy hamjamiyatdagi bahs-munozaralar avj olgan bir paytda yuz bermoqda.

Nanotirannus skeleti 4,5 million funt sterlingga baholanib, Nyu-Yorkdagi auktsionga qoʻyilmoqda

Ilgari yosh Tirannozavr reks (Tyrannosaurus rex) deb hisoblangan, yaqinda yangi tur sifatida aniqlangan dinozavrning yigʻilgan skeleti minimum 6 million dollar (4,5 million funt sterling) boshlangʻich narx bilan auktsionda sotuvga qoʻyilmoqda.

"Jodi" laqabini olgan, balandligi taxminan 10 furt (3 metr) boʻlgan ushbu skelet Nyu-Yorkda Sotheby's auktsion uyi tomonidan sotiladi. Kimshoʻrlik tadqiqotchilarning bundan bir yil oldin skelet alohida urugʻga tegishli ekanini tasdiqlaganidan keyin oʻtkazilmoqda.

Soʻnggi boʻr davriga oid bu yirtqich bugun oxirida auktsionga qoʻyilganda 9 million dollargacha daromad keltirishi kutilmoqda. Bu sotuv Sotheby's iyul oyida "Gas" nomi bilan tanilgan Tirannozavr reksni rekord darajadagi 50,1 million dollarga (37,4 million funt sterling) sotganidan soʻng amalga oshirilmoqda.

Auktsion, shuningdek, ilmiy hamjamiyatning baʼzi doiralarida dinozavr qoldiqlari xususiy tartibda sotilishi kerakmi-yoʻqmi degan bahslarni yana avj oldirdi.

Sotheby's maʼlumotiga koʻra, "Jodi" — 191 ga yaqin qazilma suyak elementlari va "aʼlo darajada saqlangan, deyarli toʻliq bosh suyagi"ga ega, "koʻrgazmaga toʻliq tayyor" skeletdir.

Auktsion uyi, shuningdek, Nanotirannus "fanga maʼlum boʻlgan shunday uchta skeletdan biri" ekanini aytmoqda. Sotheby's xabariga koʻra, bu AQSh tadqiqotchilari oʻtgan yilning oktyabr oyida ushbu urugʻni tasdiqlaganidan beri bozorga chiqarilgan birinchi namunadir.

Portsmut universiteti paleontologi Megan Jenkins seshanba kuni BBC'ning Today dasturiga Nanotirannus "juda uzoq vaqt davomida T. reksning oʻsmirlik davri deb hisoblanganini" aytdi.

"Lekin u ancha kichikroq va ancha nafisroq. Shuning uchun u juda kelishgan, nozik, goʻshtni kesish uchun pichoqsimon tishlarga ega", dedi Jenkins.

Tirannozavr reks va Nanotirannus taxminan 67 million yil oldin bir vaqtda, bir xil geologik davrda yashagan.

"Jodi" Nanotirannus urugʻi tasniflanishidan oldin, 2023 yil oktyabr oyida Londonning Frieze Masters xalqaro sanʼat yarmarkasida ilk bor yosh T. reks sifatida namoyish etilgan edi.

Skelet AQShning Montana shtatida rancho egasi Jodi Pirson tomonidan uning yer maydonidagi koʻp oʻrganilgan geologik hudud — Holl Krik shakllanishida (Hall Creek Formation) topilgan. Keyinchalik u tijorat paleontologi Kleyton Fipps tomonidan qazib olingan.

Fipps, shuningdek, mashhur "Urushayotgan dinozavrlar" qazilmasini ham topgan. Nanotirannus va Tritseratopsning urushayotgan kabi qoldiqlarini koʻrsatuvchi ushbu namuna 2006 yilda "Jodi"dan sakkiz mil (13 km) uzoqlikda topilgan.

"Urushayotgan dinozavrlar" topilmasi Lindsi Zanno va Jeyms Napoli tomonidan Nanotirannusni T. reksdan farqli deb aniqlagan tadqiqotning asosiy markaziga aylandi. Ularning maqolasi dinozavrlarning alohida turlar ekani haqidagi oʻn yilliklar davomida davom etgan bahslarga chek qoʻydi.

"Jodi"ning sotilishi baʼzi olimlarning auktsionlar oʻta boy kishilar tomonidan qazilmalarni yigʻishning yangi davridan darak berishi mumkinligidan ogohlantirishi fonida yuz bermoqda.

"Gas" sotilganidan soʻng, tadqiqotchilar BBC'ga bunday qoldiqlar kengroq oʻrganilishi mumkin boʻlgan jamoat joylarida namoyish etilishi kerakligini aytishgan edi.

Edinburg universiteti paleontologi va "Yura davri parki" filmlari boʻyicha konsultant professor Stiv Brusatte iyul oyida BBC World Service'ning What in the World dasturiga T. reks auktsioni "xavotirli" ekanini aytgandi.

"Men bunday narxni toʻlashga qurbi yetadigan biror bir muzey yoki universitetni bilmayman", dedi u. "Tasavvur qiling, agar Mona Liza shunchaki oʻta boy odamga tegishli boʻlib qolsa va u namoyish etilmasa, odamlar uni koʻra olmasa va undan bahramand boʻla olishmasa".

U bunday sotuv tendentsiyaga aylanmasligiga umid qilishini aytib, bu ilmiy tadqiqotlarga va ommaviy taʼlimga zarar yetkazishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Bugungi auktsionni sharhlar ekan, Brusatte "Jodi"ning omma eʼtiboridan gʻoyib boʻlishi mumkinligini "dahshatli" deb atadi.

"Biz Nanotirannusning haqiqatan ham mavjudligini endigina bildik va mana, eng yaxshi skeletlardan biri eng yuqori narx taklif qilgan xaridorga sotilmoqda. U bolalar, oilalar va keng jamoatchilikni hayratda qoldirishi va ilhomlantirishi mumkin boʻlgan muzeyda namoyish etilish oʻrniga, kollektsionerning omborxonalarida gʻoyib boʻlishi mumkinligini oʻylash dahshatli", dedi u BBC'ga.

Ammo Jenkins seshanba kuni Today dasturiga masalaning ikki tomoni borligini va namunalarni qazib olishga juda koʻp vaqt, harakat va mablagʻ sarflanganini aytdi.

"Jarayonda qatnashgan odamlarni uni shunchalik katta summaga sotishni xohlagani uchun ayblamayman", dedi u. "Bu qoʻrqinchli istiqbol boʻlsa-da, aslida ularning koʻpchiligi oxir-oqibat omma eʼtiboriga tushgan... bu ashyolar hech shubhasiz qachondir muzeydan joy oladi."

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.