Namanganda sobiq xotinini bog‘cha yotoqxonasida pichoqlagan erkak 10 yilga qamaldi
Erkak sobiq xotiniga yana birga yashashni taklif qilgan. Ayol rad javobini bergach, uni bog‘chaning bolalar yotoqxonasida uch marta pichoqlagan. Yordamchi tarbiyachi bo‘lib ishlagan ayolning hayoti shifokorlar yordamida saqlab qolingan.

Namanganda sobiq xotinini bog‘cha yotoqxonasida pichoqlagan erkak 10 yilga qamaldi
Namangan viloyati Pop tumanida yarashishni istamagan sobiq xotinini bog‘cha yotoqxonasida pichoqlab, o‘ldirishga uringan 32 yoshli erkak 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
“Daryo” tanishgan sud hujjatiga ko‘ra, hodisa 2026-yil 16-aprel kuni tumandagi davlat bog‘chalaridan birida yuz bergan. O‘sha kuni B.A. yordamchi tarbiyachi sifatida ishlaydigan sobiq rafiqasi S.B.ning ish joyiga borgan.
Ular 2023-yilda shar’iy nikoh asosida turmush qurgan va bir farzandli bo‘lgan. Keyinchalik oilaviy kelishmovchiliklar sabab ayol ota-onasining uyiga ketib qolgan. Erkakning aytishicha, u bir necha bor yana birga yashashni taklif qilgan, ammo ayol bunga rozi bo‘lmagan.
S.B.ning aytishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni ertalab sobiq eri qo‘ng‘iroq qilib, uchrashib gaplashishni so‘ragan. Ayol ishda ekanini, o‘g‘lini ko‘rmoqchi bo‘lsa, uydan olib ketishi mumkinligini aytgan. Shundan keyin erkak bog‘chaga kelgan.
Ayol uni ko‘rib, qochish uchun bolalar yotoqxonasi tomon yurgan. Biroq B.A. uning ortidan yetib borib, bilagini qayirgan va karavotga itarib yuborgan. So‘ng yana birga yashashni taklif qilgan. Rad javobini eshitgach, o‘zi bilan olib kelgan pichoqni ayolning qorniga uch marta sanchgan.
S.B. shundan so‘ng birga yashashga roziligini bildirgan va B.A. tashqariga chiqib ketgan. Voqeadan xabar topgan hamkasblari tez yordam chaqirgan. Ayol shifoxonaga olib borilgan va shifokorlar uning hayotini saqlab qolgan. S.B. sudda sog‘lig‘i yaxshilanganini, sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan.
Bog‘cha tarbiyachisining aytishicha, o‘sha paytda bolalar boshqa xonada mashg‘ulotda bo‘lgan va hodisani ko‘rmagan. Qorovul esa erkak bog‘chaga qo‘shimcha darvozadan kirganini ma’lum qilgan.
“Voqea sodir bo‘lgan kun o‘g‘limning tug‘ilgan kuni edi. Shu sababli Chustdagi bozordan unga o‘yinchoq mashina, paypoq va futbolka sotib oldim. Bozor aylanib yurganimda chiroyli pichoqqa ko‘zim tushdi. Uni Rossiyadagi rahbarimga sovg‘a qilish uchun olgandim. Bozordan ayolimning uyiga borsam, hech kim yo‘q ekan. Shundan keyin bog‘chaga bordim. U yerda ikkimiz bolani ko‘rish masalasida tortishib qoldik. Jahl ustida pichoq tortdim va tashqariga chiqqach, uni tashlab yubordim”, deya ko‘rsatma bergan B.A.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudining hukmiga ko‘ra, B.A. Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan (Qasddan odam o‘ldirish) aybli deb topilib, unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

