Namangan viloyatida maktab qozonlarini xarid qilishda bir milliard soʻm talon-toroj qilindi

Namangan viloyatida maktab qozonlarini xarid qilishda bir milliard soʻm talon-toroj qilindi
Namangan viloyati Davlatobod tumanida maktablar uchun isitish qozonlarini xarid qilishda mansabdor shaxslar isitish uskunasi markasini almashtirib, bir milliard soʻmlik byudjet mablagʻlarini talon-toroj qildi.
Tekshiruv Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv doirasida oʻtkazildi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Davlatobod tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mansabdor shaxslari boshqa fuqarolar bilan til biriktirib, mahalliy taʼlim muassasalari uchun isitish qozonlarini yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnomani bajarishda qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan.
Shartnoma shartlariga koʻra, ABS markali qozonlar sotib olinishi kerak edi. Biroq amalda LES markali mahsulotlar xarid qilingan.
Tekshiruv natijasida ushbu harakatlar oqibatida byudjetdan bir milliard soʻm oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilingani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Oʻzbekistonda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining boshlangʻich qiymati 587,2 million soʻm boʻlgan tenderi bekor qilingan edi. Qonunbuzarliklar Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan aniqlangan.

