Myuller, Hummels va Yan Zommer Portugaliya klubini sotib oldi

Myuller, Hummels va Yan Zommer Portugaliya klubini sotib oldi
Jahon chempionlari Tomas Myuller va Mats Hummels, shuningdek, shveysariyalik darvozabon Yan Zommer kabi taniqli futbolchilardan tashkil topgan investorlar guruhi Portugaliyaning “Eshtrela da Amadora” futbol klubining 90 foiz aksiyasini 40 million yevroga sotib oldi. CNN Portugal nashrining xabar berishicha, bu kelishuv Portugaliya futboli tarixidagi klub aksiyalarining eng qimmat savdosi bo‘ldi.
Qiziqarli jihati shundaki, jamoaning avvalgi egasi Paulo Lopu ushbu klubni 2020-yilning iyul oyida, jamoa hali uchinchi divizionda o‘ynayotgan paytda atigi 72 ming yevroga xarid qilgan edi. 2023/24-yilgi mavsumga kelib esa jamoa yuqori divizion — Primeyraga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Yangi kelishuvdan so‘ng, shu paytgacha prezident bo‘lib kelgan Paulo Lopu o‘z lavozimini tark etadi, biroq uning o‘g‘li Fransishku Lopu bosh direktor lavozimida qoladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, jamoa ayni paytda moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda. Xususan, 2026-yilning may oyida “Eshtrela” 25 million yevrodan ortiq qarzini to‘lash shartlarini yengillashtirishni so‘rab sudga murojaat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, jamoaning yangi xo‘jayinlari futbol olamida juda katta yutuqlarga erishgan. Tomas Myuller 13 karra Germaniya chempioni va ikki bor YCHL g‘olibi, qolaversa, 2014-yilgi Jahon chempioni hisoblanadi. Uning terma jamoadagi sobiq sherigi Mats Hummels ham xuddi shu mundialda zafar quchgan hamda faoliyati davomida besh bor Bundesliga chempioni bo‘lgan. O‘z navbatida, Shveysariya milliy terma jamoasi posboni Yan Zommer ham o‘z vaqtida Germaniya va Italiya chempionligini qo‘lga kiritishga ulgurgan.

