Layfstayl

Mutolaa miyani bir umr himoya qiladi: Kembrij olimlari kitob o‘qishning miya va ruhiy salomatlikka foydasini aniqladi

Mutolaa miyani bir umr himoya qiladi: Kembrij olimlari kitob o‘qishning miya va ruhiy salomatlikka foydasini aniqladi

Kembrij universiteti tadqiqotchilarining yangi tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, bir qator ilmiy ishlarda kitob o‘qish yaxshiroq diqqat va xotira, ruhiy kasalliklarning kamroq uchrashi hamda sog‘lomroq turmush tarzi bilan bog‘lanadi.

“Mutolaa — miya salomatligini saqlash, muhim kognitiv ko‘nikmalarni rivojlantirish va farovonligimizni oshirishning ajoyib usulidir”, — deydi Kembrij universiteti professori va sharhning mas’ul muallifi Barbara Saxakian. — “Ayniqsa, bolalar uchun uning foydasi haqidagi ma’lumotlar tobora ko‘payib borayotganini hisobga olib, kitob o‘qishni erta yoshdan boshlab rag‘batlantirishimiz kerak. Aslida o‘qishga hech qachon kech emas va mutolaa butun umr davomida, jumladan keksalikda ham foyda keltirishi mumkin”.

Yoshlar uchun kitob o‘qishning foydasi haqidagi dalillar ko‘payib borayotganiga qaramay, butun Yevropa bo‘ylab kitobxon bolalar va maktab o‘quvchilarining ulushi umumiy hisobda pasayib bormoqda.

15 yoshli maktab o‘quvchilarining o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini baholovchi PISA 2025 ning so‘nggi hisoboti global miqyosda o‘qish savodxonligi darajasi pasayib borayotganidan dalolat beradi. IHTT tadqiqotchilari ushbu umumiy pasayishni zavq uchun kitob o‘qish holatlarining kamaygani va raqamli chalg‘ituvchi omillarning ko‘paygani bilan bog‘ladilar.

Buyuk Britaniyada Milliy savodxonlik jamg‘armasining (NLT) yaqinda e’lon qilingan hisoboti shuni ko‘rsatdiki, 8–18 yoshdagi bolalar va o‘smirlarning atigi 36 foizi bo‘sh vaqtlarida kitob o‘qishni yoqtirishini aytgan, vaholanki, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 58,6 foizni tashkil etgan.

Yoshlik davrida zavq uchun kitob o‘qish qanchalik foydali ekanini hisobga olgan holda, biz bolalar va yoshlarni kitobga jalb qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak”, deydi tadqiqot hammuallifi Kristel Lengli.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bola yoki o‘smir haqiqatan ham qiziqib o‘qiydigan mavzuni topish muhim; bu teleko‘rsatuv yoki o‘yin bo‘lishi mumkin va undan “kirish nuqtasi” sifatida foydalanish kerak.

Komikslar va grafik romanlar ham foydali birinchi qadam bo‘lishi mumkin, chunki ular an’anaviy romanlarga qaraganda katta hajmda emas va zerikarli tuyulmaydi.

Tadqiqotchilar bir qator so‘rovlarda kattalar uchun keng ko‘lamli afzalliklarni, jumladan, stress darajasining pasayishi, chuqurroq orom olish va o‘zgalar nuqtayi nazariga nisbatan bag‘rikengroq munosabatda bo‘lishni aniqladilar.

Mualliflarning ta’kidlashicha, mutolaa ayniqsa keksalar uchun foydali. Miyani rag‘batlantiradigan hordiq ushbu yosh guruhida kognitiv pasayishning sekinlashishi va demensiya xavfining kamayishi bilan bog‘liq.

Odamlar kitobxonlar klublari yoki kitob to‘garaklariga a’zo bo‘lganlarida, bu afzalliklar yanada ortadi.

Bunday klublar odamlarga o‘zlarini kamroq yolg‘iz va boshqalar bilan yaqinroq his qilishga yordam beradi, bu esa demensiya xavfini kamaytirishi isbotlangan, — dedi Saxakian. — Garchi bunday klublar har qanday yoshda qiziqarli va foydali bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, ular, ayniqsa, harakatlanishi doim ham oson bo‘lmagan yoshi kattalar uchun juda mos keladi. Ularga, masalan, sport mashg‘ulotlariga yoki velosipedchilar guruhiga qatnashish qiyin bo‘lishi mumkin, kitobxonlar klubi esa ko‘pchilik zavq olishi mumkin bo‘lgan mashg‘ulotdir.

Dunyo bo‘ylab ruhiy kasalliklar tarqalishi ortib borayotgan bir paytda, olimlar bu o‘sishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan turmush tarzi va unga ta’sir ko‘rsatishning ehtimoliy usullariga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Tadqiqot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, kitob o‘qish bu toifaga “butun umr davomida foydalanish mumkin bo‘lgan va arzon himoya omili” sifatida kiradi.

Ularning ta’kidlashicha, kitob o‘qishning bunday ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘luvchi aniq miya mexanizmlari hali to‘liq o‘rganilmagan va kelgusida tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

Shunga qaramay, sharhda kitob o‘qishga asoslangan dasturlar miya salomatligi, kognitiv rivojlanish va farovonlikni qo‘llab-quvvatlashning amaliy vositasi sifatida ko‘rsatiladi.

“Maktablar, kutubxonalar, kitob klublari va jamoa darajasidagi tashabbuslar orqali bolalarni erta yoshdan kitob o‘qishga jalb qilishni rag‘batlantiruvchi siyosat qashshoqlikning miya rivojlanishi va ta’lim yo‘nalishlariga ko‘rsatadigan ayrim salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam berishi, uzoq muddatli akademik va rivojlantiruvchi afzalliklarni ta’minlashi mumkin”, deb yozadi mualliflar.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.