Mahalliy

Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekistonda kuniga 30 ming tonna chiqindi olib chiqildi

Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekistonda har kuni 30 ming tonna chiqindi olib chiqilmoqda.

O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami oldidan "Dolzarb 40 kunlik" tozalik tadbirlari o‘tkazilmoqda. 28-iyuldan 6-sentyabrgacha davom etadigan ushbu tadbirlar doirasida hududlarni obodonlashtirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish va sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirlarga har kuni o‘rtacha 4,5 mingta maxsus texnika va 10 mingdan ortiq xodim jalb etilmoqda. Natijada kuniga 30–40 ming tonna qattiq maishiy chiqindi olib chiqilmoqda. 40 kun davomida jami 1,4 million tonna qattiq maishiy hamda 2 ming tonna qurilish chiqindisini olib chiqish va utilizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Hozirda respublikadagi 8 150 ta mahallaning 7 674 tasi aksiya tadbirlari bilan to‘liq qamrab olingan. Texnikalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida aniqlangan 64 ta nosozlikning 52 tasi bartaraf etilgan, 12 ta texnika almashtirilgan. Favqulodda holatlar uchun yana 155 dona maxsus texnika zaxirada saqlanmoqda.

Mustaqillik bayrami oldidan bozorlar, savdo majmualari, bog‘lar va dam olish maskanlarida sanitariya tozalash va obodonlashtirish ishlari kuchaytirilgan. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’mirlash ishlari natijasida hosil bo‘lgan chiqindilar ham olib chiqilmoqda.

Shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq 97 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ularga jami 165,4 million so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llangan. Aholidan kelib tushgan 327 ta murojaatning 275 tasi joyida hal etilgan.

Agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, respublikadagi 135 ta qattiq maishiy chiqindi poligonida ham kuniga o‘rtacha 4 500–4 700 ta qatnov amalga oshirilib, 14–15 ming tonna chiqindi qabul qilinib, joylashtirilmoqda.

Prezidentning “Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda 2030-yilgacha xavfli sanoat chiqindilarini qayta ishlash darajasi 20 foizga yetkazilishi haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz va elektr energetikasi korxonalarida hosil bo‘ladigan radioaktiv hamda I–IV xavflilik sinfiga mansub kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash hajmini oshirish, qayta ishlab bo‘lmaydigan chiqindilarni esa xavfsiz va minimal hajmda joylashtirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.