Mahalliy

“Murojaat qilmagan idoram qolmadi, ammo natija yo‘q”. IIV rahbari qabuliga kelganlar nimalardan shikoyatchi?

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Toshkentda fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Unda jami 481 ta murojaat ro‘yxatga olinib, 49 foizi jarayonning o‘zida ijobiy hal etildi. Gazeta muxbiri suhbatlashgan odamlarning ko‘pchiligi tergov jarayoni va tergovchilar faoliyatidan norozi ekanini aytmoqda. Reportaj.

“Murojaat qilmagan idoram qolmadi, ammo natija yo‘q”. IIV rahbari qabuliga kelganlar nimalardan shikoyat qildi?

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov 31-oktabr kuni fuqarolar uchun 17-shaxsiy qabulni o‘tkazdi. Har oyning oxirgi yakshanbasida bo‘lib o‘tadigan qabul bu gal shanba kuni tashkil etildi. Murojaatlar odatdagi manzil — IIV huzuridagi JAR sport-sog‘lomlashtirish majmuasida tinglandi. Soat 10:00 da boshlangan shaxsiy qabul 23:00 gacha davom etdi.

Vazir va, umuman, vazirlik bu murojaatlarga qanday yechim taklif qilgani bizga ma’lum emasligi sababli, quyida faqat fuqarolarning o‘z so‘zlari keltiriladi.

IIV axborot xizmatiga ko‘ra, o‘sha kuni qabulda vazir o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan turli yo‘nalishdagi murojaatlarni tingladi. Qabulda jami 481 ta murojaat ro‘yxatga olinib, 236 tasi yoki 49 foizi jarayonning o‘zida ijobiy hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganish va surishtiruv talab qilgan qolgan 245 ta murojaat ijrosi qat’iy nazoratga olinib, tegishli sohaviy xizmatlarga yo‘naltirildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlari o‘tkazgan qabullarda jami 199 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ularning 74 tasi yoki 37 foizi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan 125 ta murojaat bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish va huquqiy yechim ishlab chiqish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Aprel oyida hovlimning tomini to‘liq rekonstruksiya qilish uchun ustalar bilan kelishdim. Ular ishni 20 kunda tugatishini aytib, 85 million so‘m so‘rashdi. 16−30-aprel kunlari ularga materiallar olish uchun jami 82 million 700 ming so‘m berdim. Pulning bir qismini kartaga, qolganini naqd o‘tkazdim. Mablag‘ berilganini tasdiqlovchi videolar va tilxatlar ham menda bor.

Ammo kelishilgan muddat o‘tsa ham, ustalar ishni boshlamadi. Andijonlik Kozim va Diyor ismli ustalar turli bahonalar bilan vaqtni cho‘zishdi. Bir yarim oy davomida ulardan ishni boshlashni so‘radim. Natija bo‘lmagach, 12-iyul kuni 102 xizmatiga murojaat qildim. 18-iyul kuni esa Kozim telefon orqali meni haqorat qilib, o‘ldirish bilan tahdid qildi. Bu holat bo‘yicha ham ichki ishlar organlariga xabar berdim.

Keyin ular bir nechta material olib kelib, mardikor jalb qilishdi. Bir oyga yaqin ularning xarajatlarini ham o‘z hisobimdan qopladim. Ammo ishchilarga haq to‘lanmagani sababli ular ham ishni tashlab ketishdi.

Muammoni hal qilish uchun Olmazor tumani prokuraturasiga bir necha bor murojaat qildim. Hozir ish tuman IIB tergovida. Advokatim bilan birga borganimda Kozim va Diyor bilan yuzlashtiruv o‘tkazildi. Ular ishni bajarishga yana va’da berishdi, biroq va’dalarini bajarmadi. Tergov jarayonining cho‘zilayotgani, tergovchi bilan bog‘lanish qiyinligi sababli IIV Tergov departamentiga ham murojaat qildim. Ammo hozirgacha natija yo‘q.

Ustalarga ishonib, uyimning tomini to‘liq ochib qo‘ygandim. Hozir uning taxminan 180 kvadrat metr qismi avariya holatida, usti plyonka bilan yopilgan. To‘rt nafar farzandim va turmush o‘rtog‘im bilan shunday sharoitda yashayapmiz. Oradan yetti oy o‘tdi, ammo na pulim qaytarildi, na ta’mirlash ishlari yakunlandi.

Bugun vazir qabuliga tergovni tezlashtirish, bergan pulimni undirish va muammoni hal qilishda yordam so‘rab keldim. Kecha qabulga yozilib, 75-raqamli talon olgandim. Hozir navbatimni kutyapman.

Tuman markazidagi otamdan qolgan maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koni taqdiri bo‘yicha yordam so‘rab keldim. Bino 2013-yilda o‘zimiz yashaydigan hovlining old qismida qurilgan. Umumiy maydoni 110 kvadrat metr bo‘lib, to‘rtta xonadan iborat.

Otam 2020-yilda vafot etganidan keyin ham 2025-yilgacha do‘kondan foydalanib keldik. Barcha soliq va to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘ladik. Biroq 2025-yilda mulk bizning xabarimizsiz oldi-sotdi qilingani va boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilganini bildik.

Hujjatlarni tekshirtirganimizda, oldi-sotdi shartnomasidagi imzolar qalbaki ekani ekspertiza xulosasi bilan tasdiqlandi. Bundan tashqari, oilaviy nizo sababli avvalroq bino taqiqqa olingan bo‘lgan. Shunga qaramay, mulk bir necha bor boshqa shaxslar nomiga o‘tkazilib, sotilgan. Hozir esa o‘zimiz qurgan va yillar davomida foydalangan binodan chiqarish maqsadida bizni sudga berishdi.

Bu masala yuzasidan ichki ishlar organlari, prokuratura, hokimlik, ombudsman va tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga murojaat qildim. Ammo hozirgacha natija bo‘lmadi. Ayrim idoralar holatni fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizo sifatida baholamoqda. Vaholanki, oldi-sotdi hujjatlaridagi imzolar qalbaki ekani bo‘yicha ekspertiza xulosasi bor.

Hozir jinoyat ishi ham tugatilgan. Shu sababli otamdan qolgan mulkka nisbatan vorislik huquqimni ham amalga oshirolmayapman. Advokat yollab, huquqiy yo‘l bilan muammoni hal qilishga urindim, ammo natija bo‘lmadi.

Kecha ro‘yxatdan o‘tib, 77-navbat raqamini oldim. Asosiy maqsadim — avval tugatilgan jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish, mulkning qalbaki hujjatlar asosida boshqa shaxslar nomiga o‘tkazilganini atroflicha tergov qilish va qonuniy baho berishlariga erishish. Eng muhimi, otamdan qolgan mulkka bo‘lgan huquqlarimizni tiklashni so‘ramoqchiman.

Nosirjon Boboxo‘jayev, Namangan shahri

18-iyun kuni ayol tanishim bilan birga Toshkentga otamga syurpriz qilish uchun Equinox avtomobili sotib olishga kelgandik. Mashina xaridi uchun ancha vaqtdan beri pul yig‘ib yurgandim. Poytaxtga kelgach, tanishim mehmonxona oldidagi avtoturargohdan mashinamni olib qochib ketdi. Uning salonidagi qora barsetkamda 20 ming dollar va 74 million 200 ming so‘m pul bor edi. Ayol avtomobilni Yakkasaroydagi to‘yxona oldida tashlab ketdi.

Soat 10:30 larda 102 xizmatiga qo‘ng‘iroq qildim. Ichki ishlar xodimlari o‘sha kuni soat 19:00 larda ayolni ushlab kelishdi. Uning yonidan 5800 dollar topilib, tergovchilarga topshirildi. Ayolni ikki sutka ushlab turib, qo‘yib yuborishdi. Qolgan mablag‘ni sud orqali undirishim mumkinligini aytishdi.

Oradan uch oy o‘tib, tergovchi topilgan 5800 dollarni qaytardi. Biroq qolgan pullarim hanuz qaytarilmadi. Voqea joyidagi kuzatuv kameralariga mashinamning olib ketilishi va ayolning barsetkani ko‘tarib chiqib ketgani ham tushgan. Bu videolar va boshqa dalillar tergovda mavjud. Shunga qaramay, to‘rt oydan beri tergov harakatlarida sezilarli natija yo‘q, ish sudga ham oshirilmagan.

E’tirozim shundaki, holatni o‘g‘rilik sifatida ko‘rib chiqish o‘rniga, ishni Jinoyat kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) bo‘yicha tugatishga urinishdi. Holbuki, mashinam va pullarim olib qochilganini tasdiqlovchi dalillar bor.

Bir oy oldin ham vazir qabuliga kelib, o‘rinbosariga ariza qoldirgandim. Ammo shundan keyin na men bilan bog‘lanishdi, na yozma javob berishdi. Tergovchi ish sud va prokuraturaga oshirilganini aytgan bo‘lsa-da, hozirgacha biror natija yo‘q.

Bu ish bo‘yicha advokatga ham murojaat qildim. Xizmatlari uchun 12 million so‘mga kelishib, oldindan 6 million so‘m berdim. Keyin advokatning tergovchi bilan kursdosh ekanini bilib, hamkorlikni to‘xtatdim. Bergan pulim ham qaytarilmadi, ishimda ham natija bo‘lmadi.

Bugun vazir qabuliga ikkinchi marta keldim. Bu safar murojaatimni vazirning shaxsan o‘ziga yetkazib, ishimni nazoratiga olishini, tergovning xolis va qonuniy o‘tkazilishini so‘ramoqchiman. Asosiy maqsadim — o‘g‘irlangan pullarimni qaytarish va ishimga adolatli yechim topish.

Dilnoza Ahmedova, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani

Uyimni ijaraga bergandim. Ijarachi buyumlarimni olib chiqib ketayotganida yetib bordim. Shunda u avval boshimni yorib, o‘ldirish bilan tahdid qildi, keyin ko‘zdan yosh oqizuvchi ballonchadan sepdi. Natijada jarohat oldim.

Holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qildim. Biroq ishni ko‘rib chiqayotgan profilaktika inspektori zarur tekshiruvlarni o‘z vaqtida o‘tkazmadi. Xususan, bir oydan ortiq vaqt davomida ekspertiza tayinlanmadi. Oqibatda jarohatlarimning belgilari yo‘qolib, ekspertiza xulosasida tan jarohati alomatlari aniqlanmagani qayd etildi. Inspektorning sustkashligi sababli hodisaga o‘z vaqtida huquqiy baho berilmadi.

Oradan ikki oy o‘tsa ham, ish tergovga oshirilmadi. Shu sababli profilaktika inspektori ustidan shikoyat qilib, holatni to‘liq o‘rganish va jinoyat alomatlari bor-yo‘qligiga huquqiy baho berishni so‘rab keldim.

Bugun ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Timur Ismailov qabulida bo‘ldim. Murojaatim ko‘rib chiqilib, profilaktika inspektoriga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi, shuningdek, hodisa va jinoyat ishi bo‘yicha tegishli o‘rganishlar olib borilishi aytildi. Murojaatim eshitilganidan mamnunman.

“Taraqqiyot” xususiy korxonasi yuristiman. Korxonamiz 2023−2024-yillarda Farg‘ona shahridagi “Eko shahar” hududida qurilish ishlarini bajargan. Xususan, ichki yo‘llarni asfaltlash, shag‘al va qum yotqizish, yer ishlari bilan shug‘ullanganmiz. Jami 12 ming kvadrat metr maydonda bajarilgan ishlar qiymati 6 milliard 52 million so‘mni tashkil etgan.

Biz obyektda subpudratchi sifatida ishlaganmiz. Dastlab “Muhammad Fayz” MCHJ bilan 6 milliard 750 million so‘mlik shartnoma tuzib, ishlarni bajardik. Keyinchalik esa bosh pudratchi tashkilot bilan tegishli shartnoma mavjud emasligini bildik. Natijada bajargan ishlarimiz uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan 6 milliard 52 million so‘mni ikki yildan beri ololmayapmiz.

Mablag‘ni undirish uchun “Muhammad Fayz” MCHJ ustidan sudga murojaat qildik. Birinchi instansiya 752 million so‘m, apellyatsiya instansiyasi esa korxonamiz foydasiga 6 milliard 9 million so‘m undirish haqida qaror chiqardi. Biroq taftish instansiyasi bu summani 538 million so‘mga tushirdi. 20-oktabr kuni ham ushbu qaror o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu summa amalda bajarilgan ishlar hajmi va qiymatiga mos kelmaydi.

Masalaning yana bir jihati shundaki, obyektda ishlagan davrimizda Farg‘ona tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi va “Muhammad Fayz” MCHJ o‘rtasida shartnoma bor deb hisoblaganmiz. Keyinchalik bunday shartnoma mavjud emasligini aniqladik. Shu bilan birga, davlat muassasasi bajarilgan ishlarni yagona buyurtmachi xizmatiga topshirib, davlatdan ular uchun mablag‘ olgan. Holbuki, ushbu qurilish ishlarini amalda bizning korxona bajargan.

Ikki yildan beri turli idoralarga murojaat qilib kelyapmiz. Ammo bajarilgan ishlar davlatga qaysi hujjatlar asosida topshirilgani, mablag‘ kimning nomidan rasmiylashtirilgani va pullar qayerga yo‘naltirilgani to‘liq o‘rganilmayapti. Sud ham xususiy ajrim chiqargan, biroq ichki ishlar organlari va prokuratura tomonidan biz ko‘targan holat yuzasidan xolis tekshiruv o‘tkazilmayapti.

Bugun ichki ishlar vaziri qabuliga birinchi marta keldim. Ertalab soat 06:00 larda kelib, 184-navbat raqamini oldik. Asosiy maqsadimiz — bajargan ishlarimiz uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan 6 milliard 52 million so‘m mablag‘ning taqdirini aniqlash. Muassasa davlatdan pulni qaysi hujjatlar asosida olgani, ishlar kimning nomidan hisobga kiritilgani va hujjatlarni rasmiylashtirishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganini atroflicha tekshirishlarini so‘raymiz.

2-avgust kuni shu binoning o‘zida vazir qabuliga kelganimda sizga intervyu bergandim. O‘shanda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishimizni, moliyaviy qiyinchiliklar sabab bankdan olgan kreditimiz to‘lovlari kechikkan bo‘lsa-da, qarzni uzib borayotganimizni ta’kidlagan edim. Shuningdek, Guliston shahri IIB tergovchilaridan biri turmush o‘rtog‘imni chaqirib, “466 million so‘mni depozitga qo‘ymasang, o‘zingni ham, xotiningni ham qamaymiz” deb tahdid qilganini aytgandim.

O‘sha kuni vazir o‘rinbosari Ramazon Ashrapov qabuliga kirdim. Unga bankdan kredit olganimni, uning 282,5 mln so‘mini qaytarganimni, hech kimdan 27 ming dollar qarz olmaganimni va birovning mulkini o‘zlashtirmaganimni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etdim. Shundan keyin tergovchi almashdi. Biroq Sherzod ismli yangi tergovchi yana 27 ming dollarni mening zimmamga yuklashga urindi. U meni yakshanba va bayramda — 31-avgust, 1-sentabr hamda 1-oktabr kunlari ham tergovga chaqirdi. Advokatim bunday kunlari tergovga borishga majbur emasligimizni aytganida, tergovchi himoyachimni almashtirishimni talab qildi. Tergovga bormaganim uchun qidiruv e’lon qilish bilan ham tahdid qildi.

Qo‘limda kreditni to‘laganim haqida kvitansiyalar bo‘lsa-da, Guliston shahri prokuraturasi qarzni qaytarmaganim haqida xatlar yuboryapti. Tergovchilar xodimlarimdan men haqimda turli ma’lumotlar to‘plab, ular bilan menga nisbatan salbiy fikrlar bildirish orqali bosim o‘tkazmoqda.

Shu sababli tergovni boshqa viloyatga o‘tkazib berishlarini so‘rab, yana qabulga keldim. Chunki tergov harakatlari xolis olib borilmayapti, 27 ming dollarni zimmamga yuklash uchun turli harakatlar qilinmoqda. Mahalliy prokuratura xodimlariga ham ishonchim qolmadi.

Viloyatga qaytganimda esa mahalliy rahbarlar vazir yoki uning o‘rinbosarlari qabuliga kirmasligimni, masalani o‘zlari hal qilishlarini aytib, va’da berishadi. Ammo keyinchalik na qabul qilishadi, na bergan va’dalarini bajarishadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.