Layfstayl

Mo‘yqalam o‘rniga ko‘chat tutgan Baxt va metro bo‘yidagi Lola (fotoesse)

Mo‘yqalam o‘rniga ko‘chat tutgan Baxt va metro bo‘yidagi Lola (fotoesse)

“Buyuk Ipak yo‘li” metro bekatidan chiqsangiz, atrof gavjum: yuz-ko‘zida mamnuniyat bilan birga charchoq ham sezilib turadigan, ishga yoki o‘qishga shoshayotganlar; qo‘l ushlashib xotirjam yurayotgan keksalar; shu yerga yo‘li tushgan o‘tkinchilar bir tomonda, chelakdan “stul”, selofan paketlardan “stol” yasab, issiq Toshkent xonimi, qaynatilgan jo‘xori va mavsumiy gullar sotib o‘tirgan sotuvchilar bir tomonda. Ana shu sotuvchilar orasida bahorda lola, kuzda astra sotadigan 55 yoshli ozodboshlik Soliha ismli gulchi opa ham bor. “Daryo” fotomuxbiri Javhar Chorshanbiyeva “Bir kun” loyihasi doirasida metro yo‘lining oxirgi bekatidagi gul sotuvchilardan birining oilasi va “tirikchiligi” haqida fotoesse tayyorladi.

### Laboratoriyadan hovligacha: ozodboshlik gulchi opa

Ellik besh yoshli Soliha opa Bo‘stonliq tumanining Ozodbosh qishlog‘idan.

“Maktabni bitirgach, Chirchiq kimyo-sanoat texnikumida tahsil oldim. O‘qishni tamomlab, shahardagi zavod laboratoriyasida bir necha yil ishladim. Keyin turmushga chiqdim. Oilali bo‘lgach, zavodning smenali va kechki rejimida ishlash noqulaylik tug‘dira boshladi, shuning uchun ishdan bo‘shashga majbur bo‘ldim. Shundan beri uy bekasiman”, deya eslaydi u.

### Hamma gullarim sotilmaguncha uyga qaytmayman

Soliha opa har kuni tong saharda yo‘lga chiqadi. Gullarni G‘azalkentdan poytaxtga qatnaydigan ukasining mashinasiga ortib, “Maksim Gorkiy” chorrahasiga olib keladi. Savdo uchun joy tanlash — kunning birinchi vazifasi: joy bo‘lsa supermarket tomonga, bo‘lmasa yerosti o‘tish yo‘li orqali qarama-qarshi tarafga — metro chiqishiga yaqin nuqtaga joylashadi.

Poytaxtning shiddatli ritmi boshlanmasidan oldin yerga selofan paketlar to‘shab, ularni skotch bilan mahkamlab, ustiga dastalangan gullarni yoyadi. So‘ng o‘zi bilan olib kelgan rangli kraftlar va shaffof o‘ramlarni chiqarib, gullarni saralaydi va buket holiga keltiradi. Guldastalar so‘lib qolmasligi uchun ularni suv to‘ldirilgan plastik chelaklarga joylashtiradi.

Gulchi opaning ish kuni barcha buketlari sotilib bo‘lganda yakunlanadi. “Hali biror marta gullarimni sotolmay, uyga qaytarib olib ketmaganman. Qosh qoraygunchami yoki kechki soat 9-10 gachami — ishqilib, kun oxirigacha hammasini sotib tugataman”, deydi u mamnuniyat bilan.

“Yakka-yu yolg‘iz qizimizni kuyov ‘olib qochgach’, turmush o‘rtog‘im va men shu gullar, tirikchilik tashvishlari bilan ovunyapmiz. Qizimiz 19 yoshda, endi maktabni bitirib, Chimkentga o‘qishga kirgandi. Chegarada o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan yigit olib qochib ketdi. Shundan beri uning o‘z ro‘zg‘ori bor, dekabrda farzandli bo‘lishadi. Hozir eng katta tashvishimiz — tug‘ilajak nevaramizga beshik va sarpolar olish uchun pul yig‘ish”, deydi ko‘zlarida yosh miltillab opa.

Oilaviy rishtalar va taqdir yo‘llari haqida gapirar ekan, Soliha opa o‘zining turmush qurish tarixini ham eslaydi: “Uyog‘ini so‘rasangiz, mening o‘zimni ham turmush o‘rtog‘im olib qochib kelgan. Ikkimiz ham qozoqmiz, bizda urf-odatlar shunaqa”.

Mustaqillikkacha har ikki tarafning ota-bobolari Toshkentga kelib ishlab, shu yerlarda qo‘nim topgan. Mustaqillikdan so‘ng ularning qarindoshlari tarixiy vatanlariga, Qozog‘istonning Olmaotasiga qaytib ketishgan.

“Qarindoshlarning qistoviga qaramay, biz O‘zbekistonda, mana shu qishlog‘imizda qolishga qaror qildik. Biz shu yerda tug‘ildik, voyaga yetdik, umrimizning yarmi shu yerda o‘tdi. Mana shu qishloq, mana shu hovli biz uchun qadrli, shu yerlarda halovatimizni topganmiz”, deydi qahramon.

### Jazirama ortidagi salqin hovli va sovuq urgan gullar

Asfaltning issig‘i yuzga uradigan jazirama ko‘chadan gulchilar hovlisiga kirishingiz bilan tanangizga salqinlik, ruhingizga orom yuguradi. Kirish joyidanoq boshlanadigan tok ishkomlari yo‘lakka soya tashlab turibdi. Bu xonadonda bir qarich yer ham zoye ketmagan — hamma yerda ekin-tikin, rang-barang gullar gurkirab o‘sib turibdi.

“Turmush o‘rtog‘imning ismi — Baxt, mendan bir yosh kichik. Aslida, gullarni mendan ham ko‘ra u ko‘proq yaxshi ko‘radi. Gul ekishga yaroqli biror idish, bir qarich yer topdi deguncha, darhol urug‘ yoki ko‘chat qadaydi”, deydi Soliha opa.

Xonadonning nafaqat hovlisi, xonalari ham tuvakgullarga to‘lib ketgan. Biroq o‘tgan qishdagi gaz uzilishlari va isitish tizimidagi muammolar sabab parvarishlangan gullarning salmoqli qismi nobud bo‘lgan.

“Tuvakgullarni sotish uchun ekmayman, ularni yaxshi ko‘rganim uchun parvarishlayman. Har biri farzandimday qadrli, deydi Baxt aka. — O‘tgan qishda gaz o‘chib, isitish tizimi ishlamay qolgach, gullarimizning yarmidan ko‘pini sovuq urib ketdi. Bu yil ham qishning sovug‘ida gazsiz qolib, gullarim qurib qolishidan xavotirdaman”.

### Boychechakdan boshlangan kasb va to‘sib qo‘yiladigan suv

Bo‘stonliqning tog‘ga yaqin hududida yashovchi oila uchun gulchilik birdaniga asosiy daromad manbaiga aylanib qolmagan. Barchasi bahorda tog‘ bag‘ridan boychechak terib kelib, sotishdan boshlangan. Keyinchalik Baxt aka qaynukasining taklifi bilan hovlida gul yetishtira boshlashgan.

“Qayniukam Olmaotada katta maydonda gul yetishtiradi. Bir kuni u urug‘ berib, o‘zim ham ekib ko‘rishimni taklif qildi. Ularning yeri unumdor, qora tuproq, yomg‘ir ham ko‘p yog‘adi. Bizning yerimiz esa sho‘rxok — o‘xsharmikan, deb biroz ikkilandim. Keyin tavakkal qilib ekdim. Mana, 4–5 yildan beri uyda o‘zim gul yetishtirib, parvarishlayman, ayolim esa ularni Toshkentga olib borib sotadi”, deydi u.

Foto: “Daryo” / Javhar Chorshanbiyeva

Foto: “Daryo” / Javhar Chorshanbiyeva

Gullarni har ikki kunda sug‘orish kerak, aks holda ular tezda so‘lib qoladi. Qishloqdagi suv taqsimotidagi tartibsizlik esa bu jarayonni yanada qiyinlashtiradi.

“Suvning yo‘lini ko‘pincha shu atrofda faoliyat yuritayotgan restoran va do‘kon egalari to‘sib oladi. Shu sabab ba’zan bir haftalab hovlimizga suv kelmaydi. Shunday paytlarda tog‘ora va chelaklarga g‘amlab qo‘yilgan suv bilan gullarni amallab saqlab turamiz. Mahallaga murojaat qilsak, masalani hal qilib berishadi, lekin biroz o‘tib holat yana takrorlanaveradi. Hadeb shikoyat qilishdan ham charchadik”, deydi ular.

### Mavsumiy daromad va qishki lola xavotiri

Xonadonda may oyining oxiri va iyun boshlarida astra gullari ekiladi. Avgust o‘rtalaridan sentyabr oxirigacha davom etadigan mavsumda Soliha opa gullarni kunora sotuvga olib chiqadi. Dastalarning kattaligi va gulning sifatiga qarab, guldastalar 25 mingdan 40 ming so‘mgacha baholanadi. Kunora 15 tadan 20 tagacha guldasta sotadigan oila bir mavsumda astradan 10 million so‘m atrofida daromad qiladi.

Astra mavsumi tugagach, yerga bir oy davomida tabiiy o‘g‘it berilib, ishlov beriladi va dam oldiriladi. Noyabr boshida esa lola piyozchalari qadaladi.

“Qishning chillasida qor va yomg‘ir yog‘ishi lola uchun juda muhim. Agar chillada yetarlicha yog‘ingarchilik bo‘lmasa, lolalar yaxshi rivojlanmaydi va nobud bo‘ladi”, deydi Baxt aka navbatdagi mavsumdagi xavotirlarini gapirar ekan.

### Qo‘shimcha daromad va tabiat in’omlari

Astra mavsumi tugagach, xonadonda boshqa yumushlar boshlanadi.

“Tog‘ etagida yerimiz bor, turmush o‘rtog‘im u yerga yong‘oq ekkan. Gullarni sotib bo‘lgach, yong‘oq qoqamiz — hosil yaxshi kelsa, bir mavsumda 4–5 qop chiqadi. Ularni ham ‘Maksim Gorkiy’ga olib boramiz. Ba’zan tog‘dan do‘lana, na’matak terib kelib sotamiz. Hovlimizga ham do‘lana ekkandik, o‘tgan yili hosilga kirdi”, deydi Soliha opa.

Xonadonda gullardan tashqari oshqovoq, baqlajon, maymunjon va limon ham yetishtiriladi. Hatto Baxt aka o‘tgan yili Tailanddan keltirilgan tropik meva ko‘chatini ham yerga qadagan — uning qanday meva ekani birinchi hosildan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

### Qalbdagi rassom

Soliha opaning aytishicha, umr yo‘ldoshi tabiatan ijodkor inson — chiroyli rasm chizadi. Yoshligida rassom bo‘lishni orzu qilgan bo‘lsa-da, otasining qarshiligi sabab bu yo‘ldan keta olmagan. Ammo u baribir ranglarni, yashillikni sevadi, xonadonida to‘tiqush parvarishlaydi.

Ularning turmush tarziga qarar ekansiz, Baxt aka yoshligida mo‘yqalamda chizolmagan ranglarini bugun tabiat bag‘rida, tirik ko‘chat va gullar timsolida yaratayotgandek taassurot uyg‘onadi.

### Pinhona og‘riqlar va issiqxona orzusi

Bu turmush tarzi tashqi tomondan qanchalik osoyishta ko‘rinmasin, uning ortida og‘ir maishiy va salomatlik tashvishlari yashiringan. Soliha opa 2-guruh nogironi, bir marta infarktni boshdan o‘tkazgan va doimiy davolanishga muhtoj.

“Qaniydi, qurbimiz yetib, gul o‘stiradigan issiqxona qursak. Shunda ko‘proq o‘zim ishlar, balki bir-ikki kishini ham ish bilan ta’minlardim. Xotinim betob holida Toshkentda kun bo‘yi tik oyoqda turib gul sotmasdi. Qaniydi, prezident bilan ko‘rishish imkonim bo‘lganida, ulardan issiqxona qurishimiz uchun foizsiz kredit so‘ragan bo‘lardim”, deydi Baxt aka.

Shunga qaramay, xonadon egalari o‘z taqdiridan nolimaydi. Ular uchun eng muhimi — erkinlik va halol mehnat ortidan kelayotgan halovat.

“Hech kim bizga buyruq bermaydi, eng muhimi — halol mehnat bilan ro‘zg‘or tebratyapmiz. Yerga, tabiatga mehr bersangiz, u bu mehrni hech qachon javobsiz qoldirmaydi”, deya suhbatni yakunlaydi Baxt aka.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.