Mo‘ynoqda tadbirkorning 235 ta balig‘ini noqonuniy olib qo‘ygan mansabdorlar jarimaga tortildi

Mo‘ynoqda tadbirkorning 235 ta balig‘ini noqonuniy olib qo‘ygan mansabdorlar jarimaga tortildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida tadbirkorga tegishli 235 dona baliqni noqonuniy ravishda olib qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Mo‘ynoq tumani hokimining tegishli qarori bilan “A.A.” MCHJga suv havzasi ajratilgan. Jamiyat mazkur suv havzasida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan va Qoraqalpoqbaliqsanoat birlashmasi bilan shartnoma asosida faoliyat olib borgan.
Qozoqdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi inspektorlari jamiyat faoliyatini tekshirib, sanoat usulida yetishtirilgan jami 235 ta baliqni olib qo‘ygan.
Biznes-ombudsman o‘rganishida tekshiruv noqonuniy o‘tkazilgani hamda baliqlar qonunga zid tarzda olib qo‘yilgani aniqlangan.
Tekshiruv qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Shu sabab tadbirkorga moddiy zarar yetkazilgan.
Holat bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumani sudining qarori bilan ular ma’muriy jarimaga tortilgan.
Shuningdek, tadbirkorga yetkazilgan zararni mansabdor shaxslardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Avvalroq tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd so‘m ortidan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.

