Moskvada terakt tayyorlanayotgani haqidagi xabarni o‘smir tarqatgani aniqlandi. U qo‘lga olindi
AQSH elchixonasi Moskvadagi “Saritsino” muzey-qo‘riqxonasida terakt sodir etilishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Rossiya FXX ushbu ma’lumot TikTok’da video joylagan o‘smirdan chiqqanini bildirdi.

Moskvada terakt tayyorlanayotgani haqidagi xabarni o‘smir tarqatgani ma’lum bo‘ldi. U qo‘lga olindi
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Moskvada terakt tayyorlanayotgani haqidagi ma’lumot TikTok’da video joylagan o‘smirdan chiqqanini ma’lum qildi. Ehtimoliy terakt haqida bundan avval AQSH elchixonasi ogohlantirgan edi.
O‘smir qo‘lga olingan, uning shaxsi oshkor etilmagan.
FXX ma’lumotiga ko‘ra, videoda o‘smir harbiy uslubdagi kiyim, yuzni berkituvchi niqob, kepka, ko‘zoynak va quloqchin taqib, avtomatga o‘xshash buyum bilan tushgan suratlar bo‘lgan. Shuningdek, unda Moskvadagi “Saritsino” muzey-qo‘riqxonasidan olingan fotosuratlar va ingliz tilida “Men joy topdim” degan yozuv ham keltirilgan.
Gap aynan qaysi kanal haqida ketayotgani noma’lum.
“TASS” xabariga ko‘ra, FXX terakt tayyorlanayotgani haqidagi ma’lumot uchun amerikalik hamkasblariga minnatdorlik bildirgan.
31-oktyabr kuni AQSHning Rossiyadagi elchixonasi “Saritsino” muzey-qo‘riqxonasi hududida terakt sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Germaniyaning Moskvadagi elchixonasi ham o‘z fuqarolariga shunday ogohlantirish bergan. O‘sha kuni muzey-qo‘riqxona “texnik sabablarga ko‘ra” yopilgan. Ertasi kuni esa hudud yana tashrif buyuruvchilar uchun ochilgan.

