Moskvada 7 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ushlangani maʼlum boʻldi
Moskvada oʻtkazilgan reyd davomida politsiya boʻlimiga olib ketilgan 7 nafar Oʻzbekiston fuqarosidan 6 nafari ozod qilindi. Yana bir fuqaroni migratsiya qonunchiligini buzgani uchun Rossiya hududidan chiqarib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Moskvada 7 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ushlangani haqida maʼlum qilindi
10-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahrida Oʻzbekiston fuqarolari ushlanganini aks ettirgan videolar tarqaldi.
Rossiya tomoni bilan oʻtkazilgan uchrashuvda maʼlum boʻlishicha, «Kommunarka-1» SNT hududidagi xostelda reyd tadbirlari oʻtkazilgan. Natijada politsiya boʻlimiga jami 32 nafar xorijiy fuqaro olib kelingan, ularning 7 nafari Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan.
Oʻzbekiston tomoni va Rossiya mutasaddilari oʻrtasidagi muzokaralar yakuniga koʻra, 6 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ozod qilingan.
Yana bir Oʻzbekiston fuqarosi migratsiya qonunchiligi talablarini buzganligi aniqlangani sababli, uni Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish boʻyicha belgilangan tartibda qaror qabul qilingan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda «Kommunarskiy» OMVDda fuqarolardan biri vafot etgani haqidagi xabar ham tekshirildi. Rasmiy maʼlumotga koʻra, bu maʼlumot oʻz tasdigʻini topmagan.

