Moskvada 60 yoshli ayol sog‘lom farzand dunyoga keltirdi

Moskvada 60 yoshli ayol sog‘lom farzandni dunyoga keltirdi
Moskvada bachadonida miomasi bo‘lgan 60 yoshli ayol sog‘lom o‘g‘il farzandni dunyoga keltirdi. Shifokorlar, shuningdek, bemordagi o‘smani olib tashlab, uning reproduktiv salomatligini saqlab qolishdi. Bu haqda “TASS” axborot agentligi “Kommunarka” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokorining akusherlik-ginekologik yordam bo‘yicha o‘rinbosari Sonya Danelyanga tayanib xabar berdi.
Ona va chaqaloq yaxshi ahvolda uylariga javob berilgan. Bu bemorning uchinchi farzandi bo‘lib, uning voyaga yetgan ikkita o‘g‘li bor.
“Ayol homiladorligi davomida davolovchi shifokori va perinatal markazning ko‘p tarmoqli jamoasi — terapevt, onkolog, qon tomir jarrohi hamda tibbiy psixolog nazoratida bo‘ldi. Faqat shunday kompleks yondashuvgina nazorat va xavfsizlikning zarur darajasini ta’minlay olar edi”, deydi Danelyan.
Ta’kidlanishicha, uchinchi farzand EKU yordamida dunyoga kelgan. Ayol o‘z tuxum hujayralarini 2010-yilda muzlatib qo‘ygan edi.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, homiladorlikning 38-haftasida ayol kesarcha kesish yo‘li bilan operatsiya qilingan, so‘ngra miomektomiya amaliyoti o‘tkazilgan.
“Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Biroq eng katta yutug‘imiz — sog‘lom, yetuk chaqaloqning dunyoga kelgani, ayolning reproduktiv salomatligi to‘liq saqlab qolingani va u xohlasa, keyingi homiladorlikni ham ko‘tara oladi”, degan u.

