Siyosat

Modiga qarshi chiqayotgan Hindistonning shijoatli «Z avlodi» namoyishchisi bilan tanishing

Nexa Bora Hindistonda yaqinda boʻlib oʻtgan, Z avlodi yetakchilik qilgan norozilik namoyishlarining eng taniqli siymolaridan biri sifatida namoyon boʻldi.

Modiga qarshi chiqayotgan Hindistonning shijoatli Z avlodi namoyishchisi bilan tanishing

Neha Bora — Dehlidagi Javoharlal Nehru universitetining doktoranti

Shu dam olish kunlari Hindistonning Z avlodi yetakchiligidagi namoyishchilari mamlakat bosh saylov mulozimining isteʼfosini talab qilib, namoyishlar oʻtkazish uchun Dehliga qaytganida, old saflardagi eng koʻzga koʻringan chehralardan biri 29 yoshli doktorant boʻladi.

Neha Bora — teatr artisti va faol boʻlib, u oxirgi oʻn yilni kampus siyosati bilan tanilgan soʻl qanot guruhi — Butun Hindiston talabalar assotsiatsiyasida (Aisa) oʻtkazgan va oxirgi ikki yil davomida unga prezidentlik qilib kelmoqda.

Biroq shaxsiy olmosh sifatida «ular» (they/them) olmoshini qoʻllaydigan Neha endilikda faqat kampuslardagina tanilgan emas.

Soʻnggi kunlarda tarqalgan virusli videolarda ularning bir guruh ayol politsiya xodimlari tomonidan koʻcha boʻylab sudrab ketilayotgani, politsiya toʻsiqlari ustiga chiqib, mushtini koʻtargancha shiorlar aytayotgani va hibsga olinayotgani tasvirlangan.

Politsiyachi ayollar tomonidan olib ketilayotganda tabassum qilib turgan suratlari ham internetda keng tarqaldi.

Yaqinda BBC Bangla nashriga bergan intervyusida Neha oʻzlariga qaratilayotgan eʼtiborni oddiy hol deb baholadi.

«Bu kamera qarshisida sodir boʻlganini bilaman, shuning uchun bu oʻzgacha narsadek tuyulmoqda», dedi ular. «Ammo men soʻl qanotdagi barcha talaba faollarning men qilayotgan ishlarni qilayotganini koʻrganman. Shunchaki kamera menga qaratilgan, shu boshqacha narsa sodir boʻlyapti deb oʻylashmoqda».

Nehaga boʻlgan eʼtibor Hindiston koʻchalarida Bosh vazir Narendra Modining 12 yillik hokimiyati davridagi eng katta chaqiriqlardan biri sifatida koʻrilayotgan bir nechta yirik namoyishlar boʻlib oʻtayotgan bir paytga toʻgʻri keldi.

Bu yerda Z avlodi yetakchiligidagi onlayn hajviy harakat — «Suvarak Janta partiyasi» (CJP) mavjud boʻlib, u yozda taʼlim islohotlari tufayli Dehlida bir necha haftalik namoyishlar oʻtkazdi. Bu namoyishlar faqat iyul oyida taʼlim vaziri Dharmendra Pradhan isteʼfoga chiqqanidan keyingina yakunlandi.

Bundan tashqari, Hindistonning baʼzi muxolifat partiyalari, ayniqsa Kongress ham saylov islohotlari sababli koʻchalarga chiqdi. Soʻnggi bir necha kun ichida Kongress yetakchilari Rahul Gandi va Priyanka Gandi Vadraning turtib yuborilgani, siltalangani va hibsga olingani aks etgan videolar virusli boʻlib, Hindistonda bosh mavzuga aylandi.

Dehlida shanba kungi namoyish CJP tomonidan eʼlon qilingan boʻlib, ular saylovchilar roʻyxati Modining BJP (Bharatiya Janata partiyasi) foydasiga soxtalashtirilgani haqidagi ayblovlar fonida Hindiston Bosh saylov komissari (CEC) Gyanesh Kumarning isteʼfosini talab qilmoqda. Saylov komissiyasi ham, BJP ham bu ayblovni rad etgan.

CJP aʼzosi boʻlmasa-da, Neha oʻz guruhi ham ishtirok etishini aytdi.

Shimoliy Uttarakhand shtatida tugʻilgan Neha bolalik yillarini armiya ofitseri boʻlgan otasining xizmat safarlari tufayli turli shaharlarda oʻtkazgan.

Dehli universitetini tamomlagandan soʻng, ular poytaxtdagi Ambedkar universitetida magistratura darajasini olishdi va hozirda nufuzli Javoharlal Nehru universiteti (JNU) doktoranti hisoblanadilar.

Neha ilk bor yozda CJPning taʼlim islohotlariga qarshi namoyishi paytida eʼtiborni tortdi.

Neha va Aisa boshidan beri bor edi, lekin ularni u paytda kam odam bilardi. Bu vaziyat 28 iyundan keyin, taʼlim sohasi vakili va olim Sonam Vangchuk CJPni qoʻllab-quvvatlab ochlik eʼlon qilganida va Neha Aisa'ning bir nechta aʼzolari bilan unga qoʻshilganidan keyin oʻzgardi.

«Bu biz uchun tabiiy tanlov edi. Biz uzoq vaqtdan beri imtihon savollarining sizib chiqishi va taʼlim islohotlariga qarshi namoyish qilib kelayotgan edik», dedi Neha keyinroq bergan intervyusida.

Asosiy eʼtibor obroʻsi va ishtiroki harakatga kuch bagʻishlagan Vangchukka qaratilgan boʻlsa-da, Nehaning ochiq va jangovar nutqlari ham eʼtiborni torta boshladi.

Vangchuk va boshqalar shifoxonaga olib ketilganidan keyin ham, Neha 8 kg vazn yoʻqotganiga qaramay, ochlikni davom ettirdi.

Hatto shiofoxonaga yotqizilganidan keyin ham ular videoda shunday dedilar: «Kurash davom etmoqda. Sogʻayib ketganimdan soʻng, huquqimiz uchun kurashni davom ettirish maqsadida koʻchalarda yana uchrashamiz».

Iyul oyida namoyishlar tugaganidan soʻng, Neha CJP va OAV tomonidan eʼtirof etilgan Z avlodi yetakchisi sifatida namoyon boʻldi, shuningdek, matbuot anjumanlarida Rahul Gandi bilan birga koʻrinish berdi.

Nehaning politsiyachi ayollar tomonidan olib ketilayotganda tabassum qilib turgan bir nechta suratlari virusli boʻlib ketdi.

Biroq Nehaning Aisa va soʻl siyosatga aloqadorligi, shuningdek, Bosh vazir Modi, Ichki ishlar vaziri Amit Shah va boshqa BJP yetakchilarini tanqid qilgan fikrlari «oilam bilan koʻplab kelishmovchiliklarga sabab boʻldi, chunki ota-onam BJPning ashaddiy tarafdorlaridir».

Oʻtgan oyda esa kamida uchta politsiya shikoyati arizasi topshirildi.

Talabalarni qoʻllab-quvvatlash uchun koʻplab Hindiston shaharlariga namoyishlarga borayotgan Neha, Jarkhand shtatidagi namoyish paytida bir kishi ularga siyoh otganida ham OAV diqqat markaziga tushdi. Neha Instagram'da qoldirgan suratda ularning yuzida siyoh dogʻlari borligi koʻringan. Politsiya ushbu shaxsni hibsga olganini maʼlum qildi.

Shovqinli namoyishlar va qayta-qayta hibsga olinishlar Nehaga koʻcha jangchisi sifatida obroʻ keltirdi.

«Koʻchalar har doim bu mamlakatda siyosat yoʻnalishini belgilab bergan va bundan keyin ham, ayniqsa yaqin bir necha yil ichida shunday boʻlishda davom etadi», dedi ular BBC Bangla nashriga.

«Agar yaqin oʻtmishdagi ijtimoiy oʻzgarishlarga nazar tashlasak, bu ijtimoiy oʻzgarishlar parlamentda oʻtirgan odamlardan emas, balki koʻchalardan kelgan», dedi ular.

Endilikda, rasmiylar 10 oktyabr kuni Jantar Mantarda Bosh saylov komissari Kumarga qarshi namoyishga tayyorgarlik koʻrayotgan bir paytda, Neha va Aisa «demokratiyani himoya qilish» uchun CJP bilan birga koʻchalarga qaytishlarini maʼlum qilishdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.