Misr Oʻzbekistonda yangi yerlarni oʻzlashtirishda qatnashmoqchi
Misrning oltita kompaniyasi Oʻzbekistonda sugʻorish tizimlarini joriy etish, chorvachilikni rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportga yetishtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarga qiziqish bildirdi. Aniq takliflarni ishlab chiqish uchun yaqin kunlarda misrlik mutaxassislarning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

Misr Oʻzbekistonda yangi yerlarni oʻzlashtirishda ishtirok etishni istamoqda
«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, Oʻzbekiston diplomatlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Famot, Delta, Modern Farming, SOBEK, Fruits va Pureland kompaniyalari vakillari qatnashgan.
Muzokaralarda qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, sugʻorish hamda yangi yerlarni oʻzlashtirish yoʻnalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.
Misr tomoni aylana sugʻorish tizimlari — pivotlarni joriy etish, chorvachilik uchun ozuqa bazasini yaratish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirgan. Yetishtirilgan mahsulotlarni keyinchalik eksport qilishni tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Kompaniyalar Oʻzbekiston hududlarida yangi yerlarni oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga doir loyihalarda qatnashish istagini bildirgan.
Uchrashuv yakunida hamkorlik imkoniyatlarini joyida oʻrganish va aniq loyihalarni tayyorlash maqsadida Misr mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

